Kechirimlilik — xalqimizga xos ezgu fazilat

13:10 20 Dekabr 2023 Jamiyat
244 0

Xalqimizda azaldan yiqilganni suyash, adashganga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish milliy qadriyat sifatida ulugʻlab kelinadi. Bu anʼana davlatimiz siyosati darajasida davom ettirilayotgani yanada eʼtiborlidir.

Prezidentimiz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31-yilligi munosabati bilan “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.

Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdigʻini oʻzida ifoda etgan ushbu hujjatni xalqimiz katta mamnuniyat bilan kutib oldi.

Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya organlarida jazo oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 334 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 34 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 249 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 6 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 45 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Shu bilan birga, afv etilganlarning 18 nafarini chet el fuqarolari, 23 nafarini ayol, 15 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar hamda 88 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Aslida, bular shunchaki raqamlar emas. Uning ortida oʻnlab oilalar butunli, yuzlab insonlar baxti toʻkisligi yotibdi. Oʻzingiz oʻylab koʻring, bir necha yildan buyon jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan ota, ona yoki farzandning qaytib kelishi oilaga qanchalik baxt, quvonch olib keladi. Boz ustiga ular muqaddas bayramimiz arafasiga uyiga kirib kelsa, oila aʼzolari uchun bundan ortiq baxt bormi?!

Aytish joizki, davlatimiz rahbari mahkumlarni nafaqat jazodan ozod etdi, balki ularni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish borasida masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgani olijanob insoniylik fazilatlarining yaqqol namunasi boʻldi.

Albatta, oilasi bagʻriga qaytgan yurtdoshlarimiz ish joyi va oʻz uyiga ega boʻlsa, sogʻlom hayotga tezroq moslashadi, jinoyat koʻchasi haqida oʻylab ham koʻrmaydi. Farmonning eʼtiborli jihatlaridan biri ham shunda aslida. Yaʼni unda afv etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularni foydali mehnatga jalb qilish, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib olishlari uchun koʻmaklashish chora-tadbirlari ham toʻliq qamrab olingan.

Afv etilgan fuqarolar bilan tizimli muloqotlar qilish, muammolarini hal etish, savollariga toʻlaqonli javob berish esa ularning hayotda oʻz oʻrnini topishida juda muhim omil hisoblanadi.

Taʼkidlash oʻrinliki, yurtimizda yuz berayotgan barcha yangilanish va islohotlarning asosida, avvalambor, Konstitutsiya turibdi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarning maqsad va vazifalari aynan Bosh qomusimizga borib taqaladi. Yurtimizda hech bir insonning eʼtibordan chetda qolmagani, kam taʼminlangan hamda nogironligi bor shaxslarga cheksiz yordam koʻrsatilishi ham yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan pirovard vazifalardir.

Bunday ulkan islohotlar qatorida, afv etish institutining takomillashuvi esa davlatimiz rahbarining bagʻrikenglik tamoyilini qoʻllayotganidan dalolat berib, xalqimiz orasida mehr-oqibat va oʻzaro ishonch hissining qaror topishiga olib keladi.

Farhod TOHIROV, yu.f.d., professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер