Kechagi andoza bilan ertangi yoʻl qurilmaydi

10:05 09 Fevral 2021 Jamiyat
310 0

Kechagi andoza bilan ertangi yoʻl orasida bugungi nafas, ish va intilish boʻlmogʻi, shunga yarasha yondashuv, shunga koʻra maqsad va qatʼiyat boʻlishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyat boshlaganining ilk davrlaridayoq yoshlar masalasi oʻz siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlishini qator tashabbus va islohotlari orqali amalda isbotlab kelmoqda. 2016-yil 14-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilingani buning yaqqol dalilidir.

Maʼlumki, 2017-yil 19-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq soʻzladi. Jahon hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan ushbu chiqishida davlatimiz rahbari bugungi kunda dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avlod ekanini, boisi sayyoramiz aholisining 2 milliardi yoshlar ekanligiga eʼtibor qaratib, terrorizm va boshqa illatlarga qarshi turish, insoniyat hayoti, yoshlarning ertangi kunini yana-da nurli, farovon qilishda ularga boʻlgan eʼtibor hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligiga urgʻu bergan edi.

Shundan kelib chiqqan holda, Prezidentimiz tomonidan bugungi kunda bashariyat oldidagi asosiy vazifa – yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʻravonlik gʻoyasi “virusi” tarqalishining oldini olish ekaniga eʼtibor qaratildi. Ushbu tarixiy chiqishda, ilk bor mustaqil Oʻzbekiston rahbari sifatida yosh avlodni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozimligi qayd etilib, BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklifi oʻrtaga tashlandi va oʻtgan davr mobaynida bu taklif amalga oshdi.

Muammo bilan yuzma-yuz

2020-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmon yurtimiz yoshlari hayotini tubdan oʻzgartirishga xizmat qiluvchi tarixiy hujjat, degan tugal fikr uchun asoslar yetarli.

Umuman olganda, yoshlarga boʻlgan eʼtibor tizimli ravishda tadrijiy rivojlanib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida 2021-yil 27-yanvar kuni yoshlar bandligini taʼminlash va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi bu yoʻnalishdagi izchillikning muhim boʻgʻini, adabiyot tili bilan aytganda kulminatsiyasi boʻldi.

Har qanday siyosiy yondashuvdan holi, real vaziyat, achchiq boʻlsa-da aniq raqamlar, ayni paytdagi holat va muammolar, ularning yechimlari xususida ochiq oydin muhokama boʻlib oʻtdi. Boshqacha aytganda, Yangi Oʻzbekistondagi yoshlarga oid yangi siyosat samaradorligi tanqidiy tahlil qilindi, aniq vazifalar belgilab olindi.

Bir narsani ochiq tan olishimiz kerak. Biz koʻp yillar mobaynida bu yoʻnalishda haqiqiy kartinani “tan olmay keldik”.

Yurtimiz farzandlari, jigarbandlarimiz xorijda ish izlab, sarson yurgan paytda biz “Oʻzbekistoning baxtli yoshlari”, degan vaqtinchalik fon yonida gavdalanishni maʼqul topdik. Oqibatda, oʻzimizda ishchi oʻrni yaratib, yoshlarni ish bilan taʼminlash, xorijdagilarni qaytarish, isteʼdodlarga real imkoniyat berish masalasi parda ortida qolaverdi. Natija esa, achchiq: bugun yoshlarga ish kerak. Zotan baxtning boshi ham farovonlik asosi ham mehnatda. Bu hayot haqiqati.

Oʻtkazilgan videoselektor yigʻilish ana shu achchiq haqiqatni ish stolining ostidan stol ustiga olib chiqqani bilan ahamiyatlidir.

Zero, unda tilga olingan raqamlar vaziyat jiddiyligini, betakror maʼruzalar oʻzini oqlamagani, real ish, aniq natija vaqti kelganini isbotlab turibdi. Binobarin, bugungi kunda Toshkent shahrida 26 ming yosh ishsiz boʻlgan holatda, 77 mingta vakant borligi, shundan 45 mingtasiga oliy maʼlumot talab etilmasligi, masalaga tizimli yondashuv kechiktirib boʻlmas vazifa ekanini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Davlatimiz rahbari yoshlarni kasbga oʻqitish orqali malaka toifasini berib, ularni shunday vakant oʻrinlarga joylashtirish taklifi bilan, masala yechimini ham koʻrsatib berdi.

Tegishli vazirlik va idoralar oldiga aniq vazifalar ham qoʻyildi. Xususan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Ishga marhamat” monomarkazlarida, shuningdek, qator oliy taʼlim muassasalari va yirik sanoat tarmoqlarida malakani baholash markazlari tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Eʼtiborlisi, faqatgina shu mexanizmni toʻgʻri ishlatish orqali yil davomida 30 ming yigit-qizga malaka sertifikati berib, ularning bandligini taʼminlash mumkin boʻlishi koʻrsatib oʻtildi.

Yurtimiz boy oʻtmishi, jannatmakon zamini, saxiy quyoshi bilan tillarda doston. Bu gaplarni har birimiz koʻp martalab eshitganmiz. Lekin baʼzi sohalarda, ayniqsa, bandlik sohasida yuqorida sanab oʻtilgan imkoniyatlarga yetarli baho bera olmayapmiz. Zotan, saxiy zamin bagʻridan choʻp suqib ham hosil olish mumkin boʻlgan joyda yashab turib, shu kabi imkoniyatlarni toʻlaqonli ishga sola bilmayotganimiz kabi holatlar ham ishsiz yoshlar sonida namoyon boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbari bandlikni taʼminlashda eng katta zaxiralardan biri dehqonchilik qilish uchun yer ajratish boʻlishiga qaramay, birgina oʻtgan yilning oʻzida bu borada murojaat qilgan 14 ming nafar yoshdan atigi 3 mingiga yer berilganini taʼkidladi va bu borada ham qator samarali taklif va mexanizmlarni oʻrtaga tashladi.

Xususan, endilikda Bosh vazir oʻrinbosari joylarda har 10 gektar ekin yeridan 1 gektarini yoshlarga dehqonchilik uchun ajratish tartibini joriy etadi. Albatta, zaxira yerlari ham eʼtibordan chetda qolmadi. Endilikda, quduqlar qazilib, bunday yerlar ham yoshlarga foydalanish uchun beriladi. Asrlar osha dehqonchilikdan rizqini olib kelgan bobodehqonlar avlodlari bu imkoniyatdan samarali foydalanib, oʻzi va oilasi taqdirini oʻzgartirishi oʻz qoʻllarida. Faqatgina, biroz hafsala, yaxshi niyat va mehnatga ishonch kifoya.

Ahamiyatli tomoni, yosh avlod bandligini taʼminlashga vosita boʻladigan hech bir jihat chetda qolmadi. Xususan, tomorqada limonchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik qilish boʻyicha ham tegishli topshiriqlar berildi. Bu faoliyat turlarining hech biri, sarmoyasiz kutilgan samara bermasligi tabiiy. Shundan kelib chiqqan holda, ushbu yoʻnalishdagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar ajratish masalasi ham eʼtibordan chetda qolmadi.

Tanganing ikkinchi tarafi

Imkon intihosiz imtiyoz emas.

Uni avvalo toʻgʻri his etish, undan tinimsiz mehnat orqali foydalanish, samarali natijalar kutish va qatʼiy ishonch bilan oldinga intilish lozim.

Bu esa inson ruhiyati, uning tafakkuri mahsuli, maʼnaviyat va maʼrifat, taʼlim va tarbiya masalasidir.

Maqola avvalida aytib oʻtganimizdek, vaziyat real talqin qilindi va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash masalasi keng koʻlamda oʻrtaga tashlandi. Chunonchi, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratish boʻyicha ham vazifa aniq.

Uning oʻz vaqtida ijro etilishi esa, musiqa va sanʼat maktablari, madaniyat markazlari, muzeylar qurish hamda taʼmirlash orqali ularda yoshlar qamrovini 30 foizga yetkazishdek ulkan maqsadga yetkazadi.

Albatta, sanab oʻtilgan vazifalar ijrosi maʼlum miqdorda mablagʻga ehtiyoj paydo qiladi.

Shu nuqtayi nazardan, joriy yilda byudjetdan ajratiladigan 150 mlrd. soʻmlik mablagʻ ana shu jihatga moliyaviy yechimdir. Shu yerda bir nozik jihatni alohida xatboshida aytib ketmaslik, adolatsizlik boʻladi.

Pandemiya sabab, mamlakat iqtisodiy holati shusiz ham kuchli islohot talab etib turganida, bunday katta mablagʻning aynan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishlari uchun yoʻnaltirilishini yetarli ravishda baholay bilish kerak.

Xuddi shu tushunchadan yoshlar ongidagi masʼuliyat hissini quvvatlash mumkin, nazarimizda.

Demak imkonni tuganmas imtiyoz emasligini his etish uchun yoshlarning maʼnaviy olami, dunyoqarashi ham shunga yarasha boʻlishi lozim. Qoʻyilgan vazifalar ijrosi ana shu nozik masalaga yechim boʻladi.

Inson borki, muayyan yoʻnalishga tabiiy iqtidori bor. Faqat uni oʻz vaqtida payqash va qoʻllab-quvvatlash zarur. Bu esa, chekka hududlardagi maktablarda namunaviy toʻgaraklar tashkil etish, yoshlarni ajdodlarimizning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish, ular oʻrtasida ichki turizmni rivojlantirish bilan bogʻliq vazifalar ijrosi bilan oʻz yechimini topadi.

Ruh va tan salomatligi uygʻunlikda komil insonni shakllantiradi. Sogʻliq esa, bebaho boylik ekanini ortda qolgan yil butun insoniyatga koʻrsatib berdi. Kuchli jismoniy tayyorgarlik, yetarli va toʻgʻri ovqatlanish, mehnat qilish esa, insonda turli xastaliklarga tabiiy immunitetni shakllantiradi. Demak joriy yilda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etib, sport bilan shugʻullanuvchi aholi sonini 25 foizga, yoshlar qamrovini 20 foizga yetkazish maqsad qilingani ham bejiz emas. Shu maqsadda, bolalar bogʻchasi va maktablarni sport anjomlari bilan jihozlash uchun byudjetdan 100 milliard soʻm ajratilgan. Ushbu mablagʻlar hisobidan maktablarda 20 mingta sport toʻgaragi tashkil etiladi, sport federatsiyalari, xalqaro musobaqalar gʻoliblari maktablarga biriktirilib, yoshlarni qobiliyatiga qarab, professional sportga jalb qilish choralari koʻriladi.

Yana nimalar qilish lozim?

Bir soʻz bilan aytganda, videoselektor yigʻilishini kuzatib, qator xulosalar qilish va eng muhimi, faqatgina tegishli vazirlik, tashkilot va idoralar emas, balki har bir yurtdoshimiz oʻziga «men ham jamiyatga foydasi tegadigan nimadir ish qilishim mumkinmi?», degan savolni berishi lozim. Binobarin yoshlar masalasi bu millat masalasidir. Oilada esa, oila aʼzolarining ertangi kuni masalasidir. Shunday ekan, qoʻyilgan maqsad va marralarga yetishda har kimning oʻz hissasi boʻlishi lozim.

Birinchidan, oilada bola bilan muloqot qilish, uning ichki kechinmalari, qiziqishi, intilishi va harakatini toʻgʻri baholay olish lozim. Zotan toʻkis baxt bu har bir insonning oʻz sevimli mashgʻuloti ortidan kun koʻrishi jarayonida namoyon boʻladi.

Ikkinchidan, oila, mahalla, bogʻcha va maktab birligi juda muhim masalaki, bunda har bir yosh ularning hech boʻlmaganda bittasi bilan oʻz aloqalarini muntazam saqlashiga erishish kerak boʻladi. Toki qoqilsa suyaydigan, adashsa toʻgʻri yoʻlga soladigan, soʻraganida javob beradigan tayanchi bor. Yoshlar ongida davlat qudrati aynan shu institutlar timsolida gavdalanadi.

Uchinchidan, ustoz va ota-ona muloqoti. Tan olish lozimki, koʻp hollarda jamiyatda oʻz oʻrnini topishda yoshlarning bilim yoki kasb-hunarga intilishi juda muhim. Hammaning iqtidori esa har xil. Shu bois, ustoz va ota-ona muloqoti ana shu koʻnikmani kashf etish va tarbiyalashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Toʻrtinchidan, va eng asosiysi, berilgan topshiriqlar ijrosiga oʻzbekona qilib aytganda, «koʻplashib yondashish». Yaʼni, xuddi soat mexanizmi kabi har kim oʻz vazifasini oʻz vaqtida sidqidildan bajarishi talab etiladi. Boshqa yoʻl ham yoʻq aslida. Zero, bizning bugungi kun yoshlari tarbiyasiga boʻlgan yondashuvimiz jondan aziz farzandlarimiz, nabiralarimizning ertangi kun hayotidir.

Ertaning talabi ham avvalgilarga oʻxshamaydi. Yangi texnologiyalar hukmron boʻladigan zamonga kirib boʻldik.

Endi farzandlarimizni kechagi qoliplar bilan IT – mutaxassisi qila olmaymiz. Ularga zamonaviy qarashdan oʻzga yoʻlning oʻzi mavjud emas.

Boz ustiga hozirgi yoshlarning aksariyati zamonaviy texnologiyalarga juda qiziqadi.

Shundan kelib chiqib, har bir tumanda kamida bittadan maktabda IT-toʻgaragi ochish, yana 100 ta Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi tashkil etib, 20 ming yigit-qizni dasturlash va axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlikka oʻqitish muhimligi qayd etildi.

Demak yoshlarni qoʻllab-quvvatlash faqat soʻzda emas, amalda boʻlgan davrning ham yangi bosqichiga kirdik. Endi orqaga yoʻl yoʻq.

Zulayho AKROMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?