Kavrak yetishtirish klasterlari tashkil etiladi

09:38 29 Aprel 2022 Jamiyat
862 0

Foto: Arxiv surat

“Respublikada kavrak yetishtirishni rivojlantirish va sanoatlashtirishni ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–116-son, 27.04.2022-y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga kavrak yetishtirishni jadal rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha vazifalar yuklatildi.

Qoʻmita, jumladan, respublikaning tabiiy-iqlim sharoitlariga mos boʻlgan madaniy kavrak plantatsiyalari tashkil etilishini monitoring qiladi.

Shuningdek, “Kavrak yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasi “Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish” uyushmasiga (Uyushma) qoʻshib olindi.

Farmon bilan 2022–2026-yillarda yaylov yer maydonlarida kavrak plantatsiyalarini barpo etishning prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

Shunga koʻra, belgilangan yillarda jami 90 ming gektar (shundan, joriy yilda 6 ming gektar) maydonda kavrak plantatsiyalarini barpo etish nazarda tutilgan.

2022-yil 1-iyungacha Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida kavrakni qayta ishlovchi korxonalar, kavrak yigʻish va yetishtirish bilan shugʻullanuvchi uy xoʻjaliklari (jismoniy shaxslar) va kavrak koʻchatchiligi xoʻjaliklari kooperatsiyasiga asoslangan kavrak yetishtirish klasterlari tashkil etiladi.

2022-yil 1-maydan Qoʻmitaning doimiy egaligidagi yer maydonlarida:

  • yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligini gʻamlash (yigʻish) uchun kvotalar Qoʻmitaning buyurtmasiga koʻra, toʻlov evaziga Fanlar akademiyasining xulosasi asosida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi;
  • mazkur kvotalar doirasida yovvoyi holda oʻsuvchi kavrakdan maxsus foydalanish hamda uni chetga olib chiqish uchun ruxsatnomalar Qoʻmita tomonidan beriladi (ajratiladigan kvotaning kamida 50 foizi hajmida madaniy plantatsiyalarni barpo etish sharti bilan).

Qoʻmitaning doimiy egaligida boʻlgan yer maydonlaridagi kavrakdan foydalanganlik uchun xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslardan olinadigan toʻlov miqdori “Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobi”ga kiritilmagan kavrak shirasining (yelim) 1 kilogrammi uchun 4 baravarga, “Qizil kitob”ga kiritilgan kavrak shirasining1 kilogrammi uchun esa 2 baravarga oshiriladi.

2022-yil 1-maydan uch yil davomida kavrak yetishtirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etadigan tadbirkorlardan olinadigan foyda soligʻi, mol-mulk, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foiz miqdorida qoʻllaniladi.

2022-yil 1-maydan 5 yil muddatga kavrak oʻsimligi urugʻlarining respublikadan olib chiqilishiga ruxsatnomalar berilishi toʻxtatiladi.

Shuningdek, Uyushma tizimidagi subyektlarda mavsumiy ishchilarning toʻliq bir mavsum ishlagan davri ularga pensiya tayinlash uchun bir yillik mehnat stajiga oʻtadigan mavsumiy ishlar roʻyxatiga kiritiladi.

2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvargacha Uyushma tizimidagi subyektlarda faoliyat olib borayotgan mavsumiy ishchilar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorda undiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?