Kattaqoʻrgʻonga 4 dona paxta terish mashinasi keltirildi

Dehqonlarimiz yil davomida qilgan mehnati samarasini koʻradigan, taʼbir joiz boʻlsa, gʻalvirni suvdan koʻtaradigan damlar tobora yaqinlashmoqda. Ushbu masʼuliyatli mavsumga Samarqandda ham qizgʻin hozirlik koʻrilyapti. Joriy xoʻjalik yilida viloyat paxtakorlari tomonidan mavjud 75 ming 580 gektar yer maydonga ekilgan chigitning Sulton, Buxoro-102, Omad, S-8286, Porloq-1 navlaridan 215 ming 500 tonna paxta xom ashyosi ishlab chiqarish uchun puxta zamin hozirlandi.
Viloyatning aksariyat tumanlarida oʻtkazilayotgan paxta aprobatsiyasi tadbirlariga asoslanib shuni taʼkidlash lozimki, viloyat paxta maydonlarida har gektar hisobidan oʻrtacha 30-35 sentnerdan sanoat xom ashyosi yigʻishtirib olish rejalashtirilmoqda.
Mavsumni uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida viloyatdagi qariyb barcha paxtachilik yoʻnalishidagi klaster korxonalari tomonidan zamonaviy paxta terish mashinalarini keltirish borasidagi loyihalar oʻzining ijobiy samarasini bera boshladi.
Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Kattaqoʻrgʻon klaster” MCHJ tomonidan 980 gektar yer maydonidagi paxtani qisqa muddatda yigʻib-terib olish maqsadida,Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikalari zavodida ishlab chiqarilgan 4 dona zamonaviy paxta terish mashinasi keltirildi.
Mazkur zamonaviy paxta terish mashinalari «Oʻzagroinspeksiya»ning tuman boʻlimi tomonidan elektron roʻyxatga kiritilib, transport vositalarining texnik pasport va davlat raqam belgilari berilishi qisqa fursatlarda taʼminlandi.
— Joriy yilda tumanda 10 ming 999 gektar yer maydoniga chigit ekilgan boʻlib, inspeksiya organlari tomonidan gʻoʻza parvarishi yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi yuzasidan kunlik monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda, — deydi Inspeksiyaning Kattaqoʻrgʻon tuman boʻlimi boshligʻi Nurali Nomozov. — 2020-yili paxta terimi va gʻoʻza defoliatsiyasi mavsumida qatnashadigan texnikalarni mavsumga tayyorlash ishlari belgilangan reja asosida amalga oshirildi.
Joriy yilda paxta yigʻim-terimi mavsumida qatnashadigan 245 dona transport traktorlari, 512 dona traktor tirkamalari hamda 44 dona purkagichlar tumanning 10 ta hududida belgilangan dislokatsiya joylariga yigʻilib, taʼmirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. Bugungi kunda ularning barchasi mavsumga shay holga keltirilgan.
Yana bir gap. Tumandagi «Amina gold Invest» agroklaster korxonasi tomonidan yana 11 dona zamonaviy paxta terish mashinasi xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Andijon viloyati hokimi 15 yoshli qizni zoʻrlagani toʻgʻrisidagi xabarlarga izoh berildi
- Surxondaryodagi bozorda begona ayol 3 yoshli qizchani pichoqladi
- CEFR imtihonining oʻtkazilish sanalari maʼlum boʻldi
- “Work and Travel” dasturida ishtirok etuvchi talabalarga foizsiz qarz beriladi
- Yoʻl harakati qoidabuzarliklarning jarima ballari qachondan kuchga kiradi?
- “Asosiy tarkibdagi oʻrningiz kafolatlanmagan”: Oʻzbek futboli jamoatchiligi Abduqodir Husanovning faoliyatidan xavotirda. Gvardiolaning Husanov haqidagi soʻnggi fikrlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring