Kattaqoʻrgʻondagi Ingichka konida boyitish fabrikasi ish boshladi

15:25 05 Dekabr 2022 Jamiyat
280 0

Foto: Xalq so‘zi

Keyingi yillarda Kattaqoʻrgʻon shahridagi Ingichka shaharchasida yangi ish oʻrinlari yaratish va hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida ijobiy ishlar amalga oshirildi. Bu boradagi ishlarning davomi sifatida ushbu hududda Ingichka volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlashga moʻljallangan fabrika ish boshladi.

Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-avgustdagi «2022-2026-yillarda «Olmaliq KMK» AJning “Nodir metallar va qattiq qotishmalar” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilinib, uning ijrosiga koʻra Samarqandda Ingichka volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash uchun OKMKga yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnoma taqdim etilgan edi.

Ingichka boyitish fabrikasining ochilish marosimida taʼkidlanishicha, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mutaxassislari tomonidan mazkur obyektda respublikada ilk marotaba volfram tarkibli texnogen chiqindilarni qayta ishlash texnologiyasi sanoat miqyosida yoʻlga qoʻyildi. Mazkur texnologiyaning sanoatga tatbiq etilishi natijasida joriy yilning avgust oyida ushbu konda ilk mahsulot olinishiga erishildi hamda ushbu mahsulotga xalqaro sertifikat berildi.

«Olmaliq KMK» AJ tarkibidagi Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining rivojlanish dasturiga koʻra, Ingichka konining qoldiqlaridan yiliga 150 tonna quvvatga ega volfram konsentratini 35 foiz volfram oksidi bilan boyitish rejalashtirilgan. Keyinchalik, Ingichka koni qoldiqlari ishlab chiqarishga toʻliq jalb qilinganda yiliga 100 tonna volfram metalli olinadi.

Shu tariqa 2023-yili birinchi bosqichda 5,7 milliard soʻmlik 100 tonna va 2024-yilda 13,7 milliard soʻmlik 285 tonna volfram konsentrati olinadi. Qolaversa, kelasi yili qoʻshimcha eksportbop umumiy qiymati 1,8 million dollarlik 27,0 tonna volfram shtabiklari va Mahalliylashtirish dasturi doirasida volfram tarkibli 27,9 milliard soʻmlik 36,0 tonna qattiq qotishmalar, asboblar (keskich, parma) ishlab chiqariladi.

— Ingichka volfram koni Zirabuloq togʻlarining janubi-sharqiy etaklarida joylashgan boʻlib, hududda oʻrtacha 0,082 foizlik 19 771 ming tonna hajmdagi volfram tarkibli chiqindilar mavjud, — deydi «Olmaliq KMK» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdulla Xursandov. — Ularning tarkibidan oyiga 9-10 tonnagacha volfram konsentratini olish mumkin. Chiqindilarni qayta ishlash, volfram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qoʻshilgan qiymatli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga erishiladi. Bu yiliga kombinatga 2,0 million dollar foyda keltiradi.

Ushbu obyektning ishga tushirilishi oʻz navbatida hududni rivojlantirish va birinchi bosqichda 82 ta va ikkinchi bosqichda 200 ta yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadlarini koʻpaytirish va farovonlikka xizmat qiladi.

Obyektning ochilish tadbirida Samarqand viloyat hokimi E. Turdimov ishtirok etdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?