Kattaqoʻrgʻonda qurilayotgan sement zavodi yiliga qariyb 3 million tonna eksportbop mahsulot ishlab chiqaradi

16:20 28 Dekabr 2022 Jamiyat
611 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbarining 20-dekabr kuni Oliy Majlis hamda xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni koʻpaytirish uchun zarur sharoitlarni yaratish yuzasidan aniq yoʻnalishlar belgilab berildi hamda 2023-yilda sohaga qariyb 30 milliard dollar sarmoya jalb qilinishi hamda eksport hajmi tariximizda ilk bor 23 milliard dollardan ortishi aytib oʻtildi. Bu, albatta, mamlakatimiz iqtisodiyotini barqarorlashtirishda, aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Maʼlumotlarga koʻra, Samarqand viloyatida 2022-2026-yillarda Investitsiya dasturiga asosan qiymati 1 milliard 451 million dollarga teng boʻlgan 51 ta loyihani amalga oshirish natijasida 10 mingga yaqin ish oʻrinlarini yaratiladi. Inchunun, joriy yilning oʻtgan davrida 72 ta loyihalarda 218 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi.

Aytish kerakki, viloyatda joriy yilning 11 oyi mobaynida umumiy qiymati 294,1 million dollarlik 7 ta loyiha ishga tushirilib, 1 ming 820 kishi bandligi taʼminlandi. Yil yakuniga qadar qiymati 57,5 million dollarga teng yana 4 ta loyiha hayotga tatbiq qilinmoqda.

Kattaqoʻrgʻon tumanida barpo etilayotgan «SEC Samarqand sement» masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxona istiqbolli investitsion loyihalarning eng yirigi sanaladi. Loyiha qiymati 340 million AQSH dollari boʻlgan ushbu korxonada yiliga qariyb 3 million tonna sifatli va eksportbop sement ishlab chiqarish moʻljallangan.

— Mazkur korxona Xitoyning 3 ta yirik kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil qilinmoqda va hozirgacha loyiha doirasidagi ishlarning yarmidan koʻpi amalga oshirildi, — deydi xitoylik investor Zuo Dayong. — Korxona quruq sement ishlab chiqaruvchi eng zamonaviy va yirik zavodlardan biri boʻladi. Uning afzalligi shundaki, ishlab chiqarish sexlariga tejamkor va samarador uskunalar oʻrnatilmoqda. Bu esa korxona iqtisodiyotiga ham, mahsulot sifatiga ham oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatadi.

— Korxona yuz foiz xorij investetsiyasi hisobidan barpo etilmoqda, — deydi qoʻshma korxonaning tijorat boʻyicha direktori Amir Sultonov. — Xomashyoga boy karyerlarning uchalasi ham Nurobodda joylashgan. Kelgusida 400-500 va 600 markali sement ishlab chiqariladi. Shuningdek, kuniga 7,5 tonna krenkir ishlab chiqaramiz. Aytganday, zavodning ishga tushishi bilan 600 ga yaqin kishi doimiy daromad manbaiga ega boʻladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?