Kattaqoʻrgʻonda 100 gektar maydonda dorivor kovrak yetishtirish yoʻlga qoʻyildi

17:04 29 May 2024 Iqtisodiyot
645 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/«Xalq soʻzi». Kattaqoʻrgʻon tumanining Balandravot mahallasidagi «Kenja bobo» fermer xoʻjaligida bugungi kunda 100 gektar maydonda dorivor kovrak oʻsimligi yetishtirmoqda. Hozirda 27 gektar maydondagi hosilni yigʻishtirish arafasida turibdi. Fermer xoʻjaligi raisi Ulugʻbek Rustamov kovrakni Afgʻoniston va Hindiston davlatlariga eksport qilishni reja qilgan.

Shu oʻrinda aytish kerakki, kovrak ziradoshlar oilasiga mansub oʻsimlik boʻlib, uning yer yuzida 170 dan ziyod turi mavjud. Oʻrta Osiyoda 110 dan ortiq, mamlakatimizda esa 50 turi uchraydi.

Bular sassiq kovrak, Koʻhiston kovragi va boshqa nomdagi kovraklaridir. Ular tashqi morfologik jihatdan bir-birlariga juda ham oʻxshab ketadi, ammo tabiatda sassiq kovrak (Ferula assa-foyetida l.) keng tarqalgan boʻlib, yelim-smola asosan shu turdan olinadi.

Kovrak yelimi tabobatda baʼzi asab kasalliklarida talvasaga qarshi vosita tariqasida, shuningdek, gijja haydaydigan dori sifatida qadimdan ishlatib kelingan. Bronxial astma, sariq kasalligi, koʻk yoʻtal, sil, zaxmda foydalaniladi. Shuningdek, u diabetga qarshi, qon toʻxtatadigan, oʻt haydaydigan vosita sifatida buyuriladi. Xullas, kovrak oʻsimligining xalq tabobatida ham zamonaviy tibbiyotda ham qoʻllaniladigan foydali jihatlari bisyor. Shunday boʻlgach tabiiyki uni izlovchilarning ham, shafqatsizlarcha kovlab olish ilinjida yuruvchilarning ham soni ortishi tayin.

Kattaqoʻrgʻon tumani Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi inspeksiyasi davlat inspektorlari tuman hududida bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida qator nazorat tadbirlarini olib borishmoqda. Ular dehqon hamda chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari masʼullari oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borib, har bir yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni asrab avaylashni uqtirishyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер