Kasb-hunar maktabida raqsga tushgan qizlarning ota-onalariga qoʻllanilgan jarima bekor qilindi

22:13 02 Oktyabr 2022 Jamiyat
417 0

Foto: Illustrativ surat

Karmana tumani kasb-hunar maktabining faollar zalida bayramga tayyorgarlik jarayonida voyaga yetmagan oʻquvchi qizlarning raqsga tushgani videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib muhokamalarga sabab boʻlgan edi. Holat yuzasidan Navoiy viloyat adliya boshqarmasi quyidagilarni maʼlum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu videorolikdagi hatti-harakatlar, xususan, alohida bir holatda qizlar davrasida raqs tushilishi “ota-onalarning bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmasligi” deb notoʻgʻri huquqiy kvalifikatsiya qilingan, yaʼni mazkur holatda maʼmuriy huquqbuzarlik tarkibi mavjud emas.

Voyaga yetmagan oʻquvchi qizlarning raqs uslublari Oʻzbekiston jamiyatidagi umumtarqalgan maʼnaviy qadriyatlarga toʻla mos kelmasligi mumkin, lekin insonlarning ahloqiy oʻlchamlari va qarashlari qonunlar bilan belgilangan normalardan notoʻgʻri foydalanishga, ayniqsa javobgarlikka tortishga olib kelmasligi lozim.

Qaysi harakat yoki harakatsizlik uchun javobgarlik kelib chiqishi, qonunlarda aniq belgilab qoʻyilgan.

Shu asosga koʻra, qoʻllanilgan jarima bekor qilindi.

Xalqaro huquq normalariga toʻla mos keluvchi ushbu qonunda belgilangan kafolatlar har bir bola uchun maktab hududi boʻladimi, shaxsiy uy-joy boʻladimi, har qanday holatda taʼminlanishi shart.

Bundan tashqari, ota-onalarning bayon etishiga koʻra, lavha rasmiy manbalar va markaziy telekanallar orqali yoritilish jarayonida maktab oʻquvchilari hamda ota-onalar intervyu berish yuzasidan bosim ostida qolgan.

Natijada, voyaga yetmagan bolalar oʻz tengdoshlari, maktab maʼmuriyati, ota-onalari va keng jamoatchilik oldida sazoyi qilingan.

Ushbu nomaqbul harakatlar voyaga yetmaganlarning sogʻligi va salomatligiga, ruhiy barqarorligiga oʻta jiddiy taʼsir qilgan va ularning shaʼni va qadr-qimmati tahqirlanishiga olib kelgan.

Eng asosiysi voyaga yetmaganlarga nisbatan bunday harakatlar noqonuniydir.

Shuningdek, mazkur masalada baʼzi bir ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar hamda televideniye orqali berilgan intervyularda maktab maʼmuriyati rahbari va ayrim oʻqituvchilariga nisbatan “hayfsan” va “jarima” intizomiy jazo chorasi qoʻllanilganligi va ular egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi bayon etilgan.

Ushbu holat ham adliya organlari tomonidan oʻrganilganda maktabning hech bir xodimi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmaganligi maʼlum boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?