Kasanachilarga ajratiladigan subsidiya miqdori oshiriladi

20:42 22 Sentyabr 2022 Jamiyat
636 0

Foto: Arxiv surat

“Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–376-son, 21.09.2022-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2022-yil 1-oktyabrdan:

— kasanachiga ajratiladigan subsidiya miqdori BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln soʻmdan 4,5 mln soʻmgacha) oshiriladi;

— olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan taʼminlagan tadbirkorlar oʻrtasida har yili bir marta har birining qiymati 50 million soʻm boʻlgan loyihalar tanlovi oʻtkaziladi;

— “Ayollar daftari”dagi kamida 5 ta ishsiz xotin-qizlarni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlar tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda ijara haqi 50 foiz miqdorda undiriladi;

— xodimlari umumiy sonining kamida 70 foizi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar boʻlgan kasanachilikni tashkil etgan va imtiyoz berilgan davrda ularning bandligini saqlab qolgan tadbirkorlar davlat mulkidagi bino va inshootlar uchun ijara haqi toʻlovidan 2027-yil 1-oktyabrgacha ozod etiladi.

Har bir tuman (shahar)da xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari huzurida lider kasanachilarni jalb etgan holda “maslahat soatlari” joriy etiladi.

Hududlarda kasanachilik orqali yangi ish oʻrinlarini tashkil etgan tadbirkorliklar oʻrtasida “Eng namunali tadbirkor” koʻrik-tanlovi oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?