Kasaba uyushmalari: yurt taraqqiyoti yoʻlida birlashaylik!

14:53 02 Noyabr 2022 Jamiyat
309 0

Foto: Xalq so‘zi

11-noyabr – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Fargʻona viloyatida ushbu bayramni munosib tarzda oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga koʻra, faxriylarning holidan xabar olish, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish, ichki turizm loyihasi boʻyicha ishchi-xizmatchilarni respublikamizning turli tarixiy shaharlariga sayohatlarini uyushtirish maqsadlari koʻzda tutilgan.

Fargʻona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida «Yurt taraqqiyoti yoʻlida birlashaylik» shiori ostida oʻtkazilgan bayram tadbiri ham soha fidoyilarini eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish maqsadida tashkil etildi.

Tantanada Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi oʻrinbosari Qobiljon Qirgʻizaliyev, viloyat, shahar sektorlari rahbarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, uyushma xodimlari, hamkor tashkilotlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.

Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi bugungi kunda Fargʻona viloyatidagi korxona-tashkilotlarda 10 mingdan ziyod ishchi-xodim fidokorona mehnat qilib kelayotgani hamda kasaba uyushmalari ishchi-xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratishda faol ishtirok etayotganini taʼkidladi.

Kasaba uyushmalari tomonidan ijtimoiy sherikchilik asosida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgani, yil boshidan buyon 1 ming 368 nafar ishchi-xizmatchining buzilgan huquqlarini tiklash orqali 1 mlrd. 634 mln. soʻmdan ziyod ish haqlari, maʼnaviy va sogʻligiga yetkazilgan zararlar hamda unga tenglashtirilgan toʻlovlar undirib berilgani eʼtirof etildi.

— Kasaba uyushmalari faoliyatini rivojlantirishda Fargʻonada oʻziga xos tajriba maktabi yaratildi,— deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Fargʻona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev. — Xususan, birgina “Ayollar daftari” bilan ishlash borasida viloyatda 74 ming 463 nafar xotin-qizlarga amaliy yordam koʻrsatildi. Shuningdek, kooperatsiya usulida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha 60 ta loyihada minglab ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlandi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi tomonidan 2022-yilda 11 ming 600 nafar bolajonning yozgi sogʻlomlashtirish oromgohlarida maroqli dam olishlariga erishildi. Bundan tashqari 26 ming 202 nafar ishchi-xodimning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm kabi tarixiy shaharlarga sayohati tashkil etildi.

Bayram tadbirida Federatsiya tomonidan eʼlon qilingan “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla fuqarolar yigʻini raisi”, “Eng yaxshi ayol ish beruvchi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” kabi tanlovlarning viloyat bosqichi gʻoliblariga diplom, pul mukofotlari, esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi.

Fargʻonalik sanʼatkorlar kuy-qoʻshiqlari tantanaga yanada fayz baxsh etdi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?