Kasaba uyushmalari yordamida mehnatkashlar huquqlari tiklandi

18:09 07 Sentyabr 2022 Jamiyat
338 0

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi tomonidan ishchi-xodimlarga joriy yilning 8 oyi davomida 557 mln. soʻmdan ziyod zarar toʻlovlari hamda ish haqiga tenglashtirilgan toʻlovlar undirib berildi.

Inson qadrini ulugʻlash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash demakdir. Prezidentmiz tomonidan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlardan koʻzlangan maqsad ham fuqarolarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun oʻz hayotidan rozi va mamnun boʻlib yashashiga koʻmaklashishdan iboratdir.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi ham fuqarolarni hayotdan rozi boʻlib yashashi, islohotlarni oʻz hayotlarida sezishi yoʻlida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, kengash tomonidan mehnat muhofazasiga oid masalalar boʻyicha shahar va tuman fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar hamda fuqarolardan kelgan yozma va ogʻzaki murojaatlar joyida atroflicha oʻrganilib, ish beruvchilar tomonidan yoʻl qoʻyilgan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. -Murojaatlarni oʻrganish davomida ish beruvchilarga kiritilgan taqdimnoma va talablarga asosan fuqarolarning huquqlari tiklanmoqda, – dedi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati kengashi mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yetakchi mutaxassisi Sh.Rahimxoʻjayev. – Xususan, Margʻilon shahridagi Muattar koʻchasi 9-uyda yashovchi A.Qoraboyev va boshqa xodimlarning muqaddam Fargʻona mexanika zavodida ishlab, kasb kasalligiga chalinganligi uchun zavod tomonidan sakkiz oy davomida zarar toʻlovi toʻlanmay kelinayotganligi haqida bergan arizasi oʻrganilganda, zavoddagi 37 nafar zarar toʻlovini olish huquqiga ega fuqarolarga ham toʻlovlar toʻxtatilganligi maʼlum boʻldi.

Murojaatni oʻrganish davomida yoʻl qoʻyilgan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan zavod direktori nomiga 2022-yil 23-mayda 12-sonli Taqdimnoma kiritildi. Taqdimnoma asosida 37 nafar zarar toʻlovini olish huquqiga ega fuqarolarga 2022-yil 30-avgust holatiga jami 143 679 911 soʻm miqdorida zarar toʻlovlari undirib berildi.

– Inson qadri ulugʻlangan yurtning ertasi ham ulugʻdir, – deydi A.Qoraboyev. – Biz qonuniy huquqlarimizni tiklashda amaliy yordam soʻrab Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashiga murojaat qilgan edik. Soha mutaxassislari tomonidan bizning murojaatimiz qonun doirasi oʻrganildi. Natijada huquqlarimiz tiklanib, adolat qaror topdi.

Yana bir misol: boshlangʻich tashkilotlarga amaliy yordam koʻrsatish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat “Xalq banki” Toshloq tumani filiali xodimi N.Xasanova bilan 2022-yil 8-yanvar kuni oqibati oʻlim bilan tugagan baxtsiz hodisa (avtohalokat) sodir boʻlganligi, baxtsiz hodisa maxsus tekshirilgan boʻlishiga qaramay, N-1 shakldagi dalolatnoma rasmiylashtirilmaganligi aniqlangan. Mazkur holat boʻyicha Xalq banki Toshloq tumani filiali rahbariga sodir boʻlgan baxtsiz hodisani belgilangan tartibda rasmiylashtirish va marhumning qaramogʻidagi zarar toʻlovini olish huquqiga ega oila aʼzolariga zarar hamda biryoʻla beriladigan nafaqani toʻlab berish haqida 2022-yil 4-iyulda 10-sonli Taqdimnoma kiritilgan.

Natijada filial tomonidan N.Xasanovaning balogʻat yoshiga yetmagan bir nafar farzandiga 8 638 536 soʻm oylik zarar toʻlovi (sakkiz oy uchun) hamda 233 240 632 soʻm biryoʻla beriladigan nafaqa pullarini toʻlab berish boʻyicha topshiriq berildi. Bank maʼmuriyati tomonidan oylik zarar toʻlovi hamda biryoʻla beriladigan nafaqa puli jami 241 879 168 soʻm zarar toʻlovlari toʻlab berildi.

Margʻilonlik Sh.Abdullayev bilan bogʻliq holatga ham nazar solsak. Sh.Abdullayev «Fargʻonasuvtaʼminoti» MCHJning Margʻilon shahar boʻlimida suv haydash boʻlimi operatori vazifasida ishlar edi. U bilan 2021-yil 15-oktyabrda baxtsiz hodisa yuzaga keladi. Mazkur voqea boʻlim mutasaddilari tomonidan jamiyat rahbariyatiga yetkazilmay, sir tutiladi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi masʼullari tomonidan ushbu holat oʻrganilib, «Fargʻonasuvtaʼminoti» MCHJ rahbariyatiga mazkur qonunbuzilish holatini zudlik bilan bartaraf etish boʻyicha taqdimnoma kiritiladi hamda holat ishlab chiqarish bilan bogʻliqligi bois N-1 shakldagi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Tibbiy mehnat ekspertizasi dalolatnomasiga asosan Sh.Abdullayevga 3-guruh mehnat nogironligi va professional mehnat qobiliyatini yoʻqotish darajasi 40 foiz etib belgilanadi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi tomonidan «Fargʻonasuvtaʼminoti» MCHJ rahbariga kiritilgan taqdimnomaga asosan, jamiyatning Margʻilon shahar boʻlimi rahbariga nisbatan intizomiy chora koʻrilib, Sh.Abdullayevga 23 080 776 soʻm oylik toʻlov summasi va biryoʻla beriladigan nafaqa summasi toʻliq toʻlab berildi.

«Fargʻonaagrokimyohimoya» AJda ishlab, kasb kasalligiga chalingan 14 nafar mehnat nogironlarining jamiyat faoliyatining tugatilishi munosabati bilan zarar toʻlovlari bir necha oydan buyon toʻlanmay kelinayotganligi yuzasidan amaliy yordam soʻrab qilingan murojaati ham ijobiy hal etildi. Xususan, 14 nafar zarar toʻlovini olish huquqiga ega fuqaroga 77 060 029 soʻm zarar toʻlovlari toʻlab berildi.

Bundan tashqari, Fargʻona tumanidagi 15-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi H.Ahmadjonova bilan 2021-yil 22-mayda sodir boʻlgan baxtsiz hodisa (avtohalokat) haqida maktab maʼmuriyati tomonidan belgilangan tartibda tegishli organlarga xabar berilmagani, shu sababli baxtsiz hodisa maxsus tekshirilmaganligi aniqlangan. Olingan jarohat ogʻirligi darajasidan kelib chiqib, TMEK tomonidan 2 guruh nogironligi umumiy asoslarda belgilangan. Kasaba uyushma mutaxassisi navbatdagi TMEK koʻrigida qatnashib, komissiyaga N-1 shakldagi dalolatnomani taqdim etgan.

Natijada amaldagi normativ hujjatlarga asosan komissiya birlamchi koʻrik dalolatnomasidagi nogironlik sababini mehnatda jarohatlanish deb oʻzgartirib, 2-guruh nogironligi va 60 foiz professional mehnat qobiliyatini yoʻqotish darajasini belgilab bergan.

Maktab maʼmuriyati tomonidan yoʻl qoʻyilgan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan Fargʻona tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri hamda 15-maktab direktoriga 2022-yil 1-avgustda 13-sonli Taqdimnoma kiritilgan. Taqdimnomada H.Ahmadjonovaga oylik zarar toʻlovidan mavjud 6 898 906 soʻm qarz va 19 711 152 soʻm biryoʻla toʻlab beriladigan nafaqani zudlik bilan toʻlab berish majburiyati yuklatilgan. Natijada H.Ahmadjonovaga Fargʻona tumani xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan jami 26 610 058 soʻm zarar toʻlovlari toʻlab berilgan.

Shuningdek, Yangi Margʻilon shaharchasidagi Ali qushchi koʻchasi, 12-uy, 30-xonadanda yashovchi fuqaro B.Sheraliyevga «Normatov Murtazojon Toxirjon oʻgʻli» YATT tomonidan bir yil davomida toʻlab berilmagan zarar toʻlovini undirish yuzasidan joriy yil 14-fevralda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi tomonidan kiritilgan Taqdimnoma yordamida 9 million soʻm zarar toʻlovidan mavjud qarz B.Sheraliyevga toʻliq undirib berilishiga erishildi.

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi tomonidan 2022-yil 8 oyi davomida xodimlar huquqlarini himoya qilish borasidagi saʼy-harakatlar natijasida jami 557 mln. 763 ming 529 soʻm zarar toʻlovlari hamda ish haqqiga tenglashtirilgan toʻlovlar xodimlar foydasiga undirib berildi. Buning natijasida kasaba uyushmalari yerdami bilan 56 nafar fuqaroning qonuniy huquqlari tiklandi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?