Kasaba uyushmalari xodimlarning qalqoni boʻlmogʻi shart

17:19 12 Oktyabr 2022 Jamiyat
399 0

Foto: Халқ сўзи

Insoniyat oʻz taraqqiyotining maʼlum bosqichida mehnat muhofazasi va ish faoliyatida ijtimoiy qoʻllovni his qilishni istaydi. Bunga yechim sifatida kasaba uyushmalari tashkil etilgan. Bugungi kunga qadar bunday uyushmalar faoliyati kengayib, oʻzining yangi bosqichiga koʻtarilmoqda. Kasaba uyushmalari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har jihatdan qoʻllab­-quvvatlash, jamiyatda oʻzaro hamjihatlik, mehr-­oqibat va xayru ­saxovat muhitini mustahkamlash maqsadida xayrli tashabbuslarni ilgari suradi.

“Kasaba uyushmasi” soʻzini koʻpchilik muhtojlarga moddiy yordam koʻrsatish, yoʻllanmalar tarqatish va madaniy ishlarni tashkil etish bilan bogʻlaydi. Kasaba uyushmalari bu masalalar bilan shugʻullanadi, lekin ular asosiy maqsadning bir qismi xolos.

Kasaba uyushmasi - bu professionallar uyushmasi, u oʻz kasbiy, mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini birgalikda himoya qiladigan ongli va faol insonlarning jamoat tashkilotidir. Kasaba uyushmasi - bu fuqarolarning ijtimoiy va mehnat huquqlari va manfaatlarini ifodalash va himoya qilish uchun tashkil etilgan, ularning faoliyatining tabiati boʻyicha umumiy ishlab chiqarish, kasbiy manfaatlar bilan bogʻliq boʻlgan ixtiyoriy jamoat birlashmasidir.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Kasaba uyushmasi qoʻmitasining asosiy maqsadi - universitet xodimlarining munosib hayot kechirishini taʼminlash uchun ularning shaxsiy, mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini uygʻunlashtirishdan iborat. Kasaba uyushmasi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonuni, “Jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunlari, Taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Ustavi va boshqa huquqiy hujjatlar asosida yuritadi. Bugungi kunda 400 dan ortiq pedagog-xodimlar faoliyat yuritayotgan jamoaning asosiy vazifasi yetakchi tarmoqlar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashdan iborat. Universitet Kasaba uyushmasi aʼzolari va ularning ota onalari, farzandlarining sogʻligʻini mustahkamlash uchun 65 ta murojaatlar kelib tushdi. Kasaba uyushmasidan Kosonsoy, Oqtosh, Boʻston, Chimyon, Baxmal, Chorvoq, Shafran, Zomin, Zarkent, Kosonsoy dam olish maskanlariga imtiyozli yoʻllanma berildi. Shuningdek, xodimlarimizning farzandlariga “West camp”, bolalar oromgohiga imtiyozli yoʻllanmalar berildi.

Ish jarayonida xodimlar duch keladigan turli koʻngilsiz vaziyatlar xodimning ruhiy holatiga ham, mehnat unumdorligiga ham salbiy taʼsir oʻtkazmay qolmaydi. Bunday vaziyatlarda xodimning ogʻirini yengil qilish, uni ijtimoiy himoyalash vazifasi kasaba uyushmasi zimmasidadir. Universitet xodimlarining turli muammolarini oʻrganish va ularni oʻz vaqtida ijobiy hal qilish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Universitet psixologi bilan hamkorlikda ishlash kasaba uyushmasi qoʻmitasining faoliyatini sezilarli darajada yaxshiladi. Xodimlarning kommunikativ aloqalarida roʻy berishi mumkin boʻlgan ziddiyatlarning oldi olindi.

Universitet Kasaba uyushmasi bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ishchilarning manfaatlarini ifodalash va huquqlarini himoya qilish huquqiga ega va qodir boʻlgan yagona jamoat tashkilotidir. Rivojlangan mamlakatlarda “Trade union«lar korxona, tashkilot, idora xizmatchilarining qoʻl-qanotiga, chinakam qalqoniga aylangan. Biz gʻam mana shunday tizimni rivojlantirishga bel bogʻlaganmiz.

Raʼno Umurzakova,

A.Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU

Kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi,

sotsiologiya fanlari nomzodi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?