Karantin paytida bojxona postlari qanday ishlamoqda? — Farmon ijrosi muhokama etildi

11:09 05 Iyun 2020 Siyosat
605 0

Joriy yilning 3-iyun kuni Buxoro viloyati “Olot” chegara bojxona postida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosiga bagʻishlangan sayyor majlisi boʻlib oʻtdi.

Tadbirning asosiy maqsadi – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi faoliyati hamda hamkor masʼul vazirlik va idoralarning koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha maqsadli vazifalarga erishilishi holatini oʻrganish, bu borada taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlash, bojxona faoliyatini isloh qilish va rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Qoʻmita eshituvi bevosita “Olot” chegara bojxona postiga tashrif buyurish, bu yerda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, tadbirkorlar tomonidan import va eksport faoliyatini amalga oshirish jarayoni, ularga yaratilgan shart-sharoitlar, qolaversa mamlakatimizni iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdan boshlandi.

Farmonda belgilangan eksport va import qilinayotgan tovarlarga ruxsat beruvchi hujjatlarning berilishini taʼminlash boʻyicha tashkil etilgan tezkor shtab faoliyati, yuklarni chegara bojxona postlari orqali tezkorlik bilan oʻtkazish, ularning uzluksiz bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirilishi holati oʻrganildi. Shuningdek, 2020-yil 1-apreldan boshlab joriy etilgan, import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining tezkor tartibda, shu jumladan ruxsat beruvchi hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgunga qadar berish orqali bojxona rasmiylashtiruvi mexanizmi ishlash jarayoni kuzatildi.

Haydovchilarga qulaylik yaratish maqsadida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmati xodimlari barchasi bitta binoda jamlanib, rasmiylashtiruvdan oʻtkazish jarayoni tezkorlik bilan amalga oshirib kelinmoqda.

Joriy yilning aprel-may oylarida post orqali 1413 ta avtotransport vositasida vazni 27134 tonna, qiymati 65,115 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan tovarlar olib oʻtilgan.

Shundan, kirish yoʻnalishida 924 ta avtotransport vositasida vazni 18431 tonna, qiymati 22,344 mln. AQSH dollariga teng, chiqish yoʻnalishida 489 ta avtotransport vositasida vazni 8703 tonna, qiymati 42,771 mln. AQSH dollariga teng tovarlar olib oʻtilgan.

Bojxona postida avtotransport vositalarini dezinfeksiya qilish, fuqarolarni ikki yoʻlakli tizim (“qizil” va “yashil”) orqali bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish, zamonaviy nazorat texnik vositalar bilan jihozlash, davlat nazorati organlari “yagona darcha” tamoyili asosida faoliyat koʻrsatishini yoʻlga qoʻyish, “elektron shlagbaum” tizimi, elektron maʼlumotlar oynalari (Information desk), favqulodda chaqiruv tizimi (SOS), bank terminallari bilan taʼminlash hamda rasmiylashtiruv jarayonlarini nazorat qiluvchi “Situatsion markaz” tashkil etilgan.

Davlat dasturi va Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi hamda ijroga masʼul vazirlik va idoralar masʼullarining batafsil axborotlari tinglandi.

“Xavfni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimini avtomobil chegara bojxona postlarida joriy etish, temir yoʻl transportida tashilayotgan tovarlar boʻyicha yuridik shaxslar, vagon, konteyner harkatlanish hududi yoki saqlanayotgan (toʻxtab turgan) temir stansiyasi toʻgʻrisida elektron maʼlumotlarni bojxona organiga real vaqt rejimida taqdim etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Sayyor majlis yakunida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida iqtisodiyot tarmoqlari hamda tadbirkorlik subyektlarini, eksportyor va importyor tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Davlat dasturi va Farmonda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va samarali ijro etishni kuchaytirish hamda sohada pralament nazoratini tizimli ravishda davom ettirish boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.

Toʻlqin KARIMOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Mudofaa va xavfsizlik

masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?