Karantin davrida yurtdoshlarimiz ishsiz, daromadsiz qolgan bir paytda ularning turmushini yana-da murakkablashtirish qanchalik toʻgʻri?

14:09 19 Aprel 2020 Siyosat
980 0

Hasan PAYDOYEV("Xalq so'zi")

Ayni karantin payti ayrim yurtdoshlarimizdan bir masalada ketma-ket murojaatlar tushyapti: maxsus ruxsatnoma (stiker)ga ega boʻlmagan avtomobillar Ichki ishlar xodimlari tomonidan jarima maydonchalariga olib borib qamab qoʻyilayotgani qanchalik qonuniy asosga ega degan savol fuqarolarimiz tomonidan bir necha bor koʻtarildi.

Hozirgi kunda biz Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ushbu masalani chuqur oʻrganishga kirishdik. Koʻpchilik deputatlarning dastlabki fikri quyidagicha:

Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik kodeksi 54-moddasiga muvofiq huquqbuzarga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirib, jarima qilish va uyiga qaytishga majburlash kifoya qiladi. Stikersiz avtomobilni jarima maydonchasiga olib borib qamab qoʻyish qonunchiligimizda koʻzda tutilmagan.

Ikkinchidan, sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun milliy qonunchiligimizda bitta javobgarlik belgilangan boʻlib, fuqaroni ikki marta jazoga tortish ana shu adolatli prinsipga toʻgʻri kelmaydi.

Uchinchidan, karantin davrida yurtdoshlarimiz ishsiz, daromadsiz qolgan bir paytda ularning turmushini yana-da murakkablashtirish qanchalik toʻgʻri? Biz gaykani haddan tashqari burab qoʻymayapmizmi? Shundoq ham karantindan qiynalayotgan fuqarolarimizga bu juda ogʻirlik qilmaydimi?!

Albatta, karantin sharoitida kasallik ommaviy tarqalmasligi uchun biz albatta qattiqqoʻl boʻlishimiz kerak, lekin meʼyorni (ham huquqiy va ham insoniy maʼnodagi meʼyorni) unutmagan holda!

Qodir Joʻrayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?