Karantin davrida odamlar qanday yashayapti?

18:20 04 Avgust 2020 Jamiyat
458 0

Pandemiya hamma sohaga oʻz taʼsiri oʻtkazyapti. Bu tabiiyki, aholi turmush tarzida bir qancha muammolarga sabab boʻlmoqda. Avvalgidek daromadga ega emasligimiz oydek ravshan. Boisi, aksariyat mehnat faoliyatlari vaqtincha toʻxtatilgan. Mana shunday paytda oddiy odamlar qanday yashayapti? Tirikchilik qilish uchun pul topishning imkonini topa olyaptilarmi? Ana shu savolga javob izlab Andijon tumanidagi “Ogʻillik” MFYda boʻldik.

— Mahallamiz juda katta, — deydi MFY raisi Muhabbatxon Qurbonova. — 720 ta xonadonda 4675 nafar aholi istiqomat qiladi. Ular orasida moddiy jihatdan yaxshi taʼminlanganlar ham, kunlik daromad manbaiga ega boʻlganlar ham bor. Aksariyat, fuqarolarimiz tomorqadan daromad olishadi. Mahallada xonadonlar 59 gektar maydonni egallasa, shundan 24 gektarini ekin maydonlari tashkil etadi. Demak, tirikchilik qilish uchun shuncha maydondagi tomorqadan foydalanish imkoni bor.

Tomorqadan foydalanishning oʻzi boʻlmaydi. Hamma ham yerning hadisini olmagan axir. Shuning uchun xonadonlarda boʻlib, mahalladoshlarning tirikchilik manbaini oʻz koʻzimiz bilan koʻrishga ahd qildik. Ilk tashrifimiz «Turmushobod» koʻchasining 100 xonadoniga boʻldi. Uy sohibi Alisher Rejavaliyev hozirgina bozordan kelib turganligi maʼlum qildi.

— Hovlimiz katta, — deydi Alisher suhbatda. — 20 sotix maydonda tomorqam bor. Yil davomida toʻrt marta hosil olaman. Kech kuzda ekilgan koʻkatni qishning yarmigacha sotib boʻlamiz. Ikkinchi ekinga fevral oyida harakatni boshlaymiz. Issiqxonada bodring, pomidor yetishtiramiz. Iyul oyidan yana takroriy ekinni boshlaymiz. Bu gal yana koʻkat urugʻini sepamiz. Oʻtgan oyda qadalgan urugʻ bugun tayyor mahsulotga aylangan. Har kuni bozorga 200-300 ming soʻmlik koʻkat yetkazib bermoqdaman. Kech kuzga borib koʻkatdan boʻshagan yerga yana urugʻ sepaman. Daromadga kelsak, har safar xil. Masalan, erta bahorda bodring, pomidordan 25 mln. soʻm sof foyda koʻrdim.

Noʻmonjon ota Abdurahmonov koʻchat yetishtirishning hadisini olgan. Bogʻida 50 dan ortiq turdagi koʻchatlar mavjud. Bundan tashqari, xandon pista, limon, mandarin, apelsin va ananaslar hosilga kirgan.

— Harakat qilsangiz, tabiatning oʻzi boqadi sizni,-deydi ota tomorqasiga ishora qilib. — Palma koʻchatlarimni yetti yil parvarishladim. Har biriga 2 mln. soʻmdan xaridor kelib turibdi. Bir yillik koʻchatlarining narxi 20 ming soʻmdan. Har ikki santimetrga bittadan koʻchat sigʻadi. Foydasini oʻzingiz hisoblab olavering,-deydi otaxon.

Quvonarlisi shundaki, karantin paytida ham otaxonning hovlisidan xaridorlar arimaydi. Yilning toʻrt faslida ekish mumkin boʻlgan koʻchatlar haqiqiy daromad manbaiga aylangan. Har oyda Qirgʻiziston Respublikasiga yuzlab koʻchatlar eksport qilinayotganligini inobatga olsak, bu tomorqa emas xazinaning oʻzginasi ekanligiga amin boʻlasiz.

— Atigi bir sotix tomorqam bor, — deydi Rohilaxon Ahmadaliyeva. –Oʻzim shifoxonada ishlayman. Ishdan bu paytlarimda shu kaftdekkina yerimda koʻkatlar yetishtiraman. Natijada har oyda qoʻshimcha 400-500 ming soʻm daromad olaman. Tomorqa roʻzgʻorimni butlab turibdi. Oylik maoshimni boshqa xarajatlarga ishlataman.

Nurillio Fayziyev qushlarga qiziqar ekan.

— Oshxonada ishlardim, — deya suhbatni davom ettiradi u. — Ayni paytda tamaddixonalar faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. Daromd topish uchun mart oyida uy sharoitida boqsa boʻladigan qushlarning polaponlarini sotib olganman. Bugungi kunga kelib ular tuxum qoʻyish arafasida turishibdi. Qushning xaridori koʻp boʻlar ekan. Bozorga chiqishimga ham hojat yoʻq. Uyimning oʻziga kelib bir juft qushlarni 40-50 ming soʻmdan sotib olishyapti.

Mahallani kezar ekanmiz, har bir oilaning oʻz daromad manbai borligiga amin boʻldik. Qay bir hovliga kirmaylik bekorchi oʻtirgan odamni koʻrmadik. Kimdir savat toʻqisa, boshqasi doʻppi tikmoqda. Koʻrpa qavib pul topayotgan kelinlaru gʻisht quyib sotayotgan yigitlarning-da kayfiyati tetik.

— Odamni yoʻqsizlik sindiradi, — deydi MFY raisi Muhabbatxon Qurbonova. — Yoʻqchilikka esa baʼzan oʻzimiz ham sababchi boʻlib qolamiz. Oylik maoshning boʻlgani yaxshi, biroq vaziyat doim ham bir maromda boʻlmasligini bugun guvohi boʻlib turibmiz. Mana shunday paytlarda uddaburonlik qoʻl kelar ekan. Xudoga shukr, mahalladoshlarimiz har bir qarich yerning, har bir daqiqa vaqtning qadriga yetadigan odamlar. Shuning uchun ham ular nochorlarga koʻmak bersa beradilarki, nochor ahvolda qolib ketmaydilar.

“Ogʻillik”dan keldimu, hovlimdagi moʻjazgina tomorqamning tuprogʻini yumshata boshladim. Axir, koʻrganlarim saboq boʻldi-da.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?