Kanada AQSH bilan chegarani qoʻriqlash uchun maxsus otryad tuzadi
Foto: AP
Kanadaning Alberta muzofoti bosh vaziri Daniel Smit AQSH bilan chegarada patrullik qilish uchun huquq-tartibot idoralari xodimlaridan iborat maxsus otryad tuzish rejasini maʼlum qildi. Bu haqda “CBC” telekanali xabar bermoqda.
Oldinroq “Globe and Mail” nashri Kanada politsiyasi Donald Trampning AQSH prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozonganidan soʻng AQSH bilan chegaradan muhojirlar oqimining koʻpayishiga tayyorgarlik koʻrayotgani haqida xabar bergandi.
“Alberta Kanadaning Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan chegarasi boʻylab xavfsizlikni kuchaytirish uchun yangi boʻlinma rejasini eʼlon qildi. Bosh vazir Daniel Smitning maʼlum qilishicha, Alberta Sheriflar departamenti qoʻmondonligi ostida muzofot patrul boʻlinmasini tashkil etish uchun 29 million Kanada dollari (taxminan 20,37 million AQSH dollari) sarmoya kiritadi”, deyiladi materialda.
Bosh vazir Smit, shuningdek, muzofotning AQSH bilan chegarasida ikki kilometrlik zona tashkil etilishini, uning doirasida Kanada xavfsizlik kuchlari chegarani noqonuniy kesib oʻtgan, shuningdek, qurol-yarogʻ va giyohvand moddalar kontrabandasi bilan qoʻlga olingan shaxslarni ordersiz hibsga olishi mumkinligini qoʻshimcha qildi. Muzofotning muhim infratuzilmasini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunga kiritilgan oʻzgartirishlardan soʻng zona tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Telekanalning taʼkidlashicha, Albertaning AQSH bilan 298 kilometrlik chegarasini kuzatuvchi otryad 51 nafar politsiyachi, oʻn nafar yordamchi xodim va toʻrtta itdan iborat boʻladi. Shuningdek, ularga sovuq va boʻronga chidamli oʻnta razvedkachi uchuvchisiz samolyot va giyohvand moddalarni aniqlovchi toʻrtta analizator beriladi.
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo 10-dekabr kuni agar Tramp Kanada tovarlariga 25 foizlik bojlar joriy etishga qaror qilsa, javob qaytarilishini aytgandi. Keyinroq Kanadaning Ontario muzofoti bosh vaziri Duglas Ford, agar Tramp bojlarni joriy qilsa, AQSHning bir qator qoʻshni shtatlariga elektr taʼminotini uzib qoʻyishi bilan tahdid qildi.
AQSH prezidentlik saylovlari gʻolibi Donald Tramp noyabr oyi oxirida prezident lavozimiga kirishgach, Kanada va Meksikada noqonuniy immigratsiya va narkotik moddalar savdosi muammosi hal etilmagani uchun Kanada va Meksikadan keladigan tovarlarga 25 foizlik bojlar joriy etishini aytgandi. AQSH, shuningdek, Xitoydan tovarlarga eksport bojlariga 10 foiz qoʻshishga vaʼda berdi.
“The Wall Street Journal” nashri yangi tariflar jahon savdo tizimiga putur yetkazish va Amerika iqtisodiyotining asosiy tarmoqlariga, jumladan, avtomobilsozlik sanoatiga jiddiy zarar yetkazish bilan tahdid qilishini, shu bilan birga Xitoy uchun xalqaro bozorlarda yangi imkoniyatlar ochishini qayd etdi.
T-MEC yoki USMCA shartlariga koʻra, Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuviga asosan uch mamlakat oʻrtasidagi koʻplab tovarlar kelib chiqish qoidalari va boshqa standartlarga muvofiq bojsiz sotiladi. Shu maʼnoda, AQSHning saylangan prezidentining taklifi shartnoma shartlarini buzish boʻlib, mintaqa davlatlari oʻrtasidagi iqtisodiy va siyosiy munosabatlarni murakkablashtirishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- “Real Madrid” magʻlubiyatga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring