Kamharakatlilik oqibatida dunyo boʻyicha yiliga 5 million kishi hayotdan koʻz yumadi — JSST

16:34 03 Mart 2022 Dunyo
1084 0

Foto: РИА Новости

Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining keltirgan tahlillariga koʻra, kamharakatlilik oqibatida dunyo boʻyicha yiliga 5 million kishi hayotdan koʻz yumadi. Eng yomoni, kelgusida bu koʻrsatkichlar yanada oshishi mumkin.

Shu bois Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti barcha aholi qatlami uchun jismoniy faollik boʻyicha yangi tavsiyalarni ishlab chiqgan.

Unga koʻra:

  • 17 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar kuniga kamida 60 daqiqa jismoniy faoliyat bilan shugʻullanishlari kerak. Bunda, avvalo, aerobik mashqlarga keng oʻrin berilishi muhim.

Qolaversa, velosiped haydash salomatlik uchun juda foydali. Tayanch-harakat tizimini mustahkamlashga qaratilgan bunday mashqlar bilan haftada kamida uch marta shugʻullangan maʼqul. Turli sport oʻyinlari, masalan, futbol, voleybol, basketbol oʻynash ham maqsadga muvofiq.

Bu yoshdagi oʻgʻil-qizlarda nofaol turmush tarzi oqibatida uyqu muddati qisqarishi koʻplab kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, gadjetlar, televizor va kompyuterdan kamroq foydalanish tavsiya etiladi.

18-65 yoshli kishilar uchun jismoniy faollik nihoyatda zarur. Bu yurak-qon tomir, saraton, qandli diabet kabi xavfli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, tushkunlik, jizzakilik, ishtaha yoʻqolishi, uyqusizlik, semizlik, xotira susayishi kabi noxush holatlarga barham beradi.

Ayni sababdan kattalar haftasiga kamida 150-300 daqiqa oʻrtacha intensivlikdagi aerobik mashqlar bilan shugʻullanishlari lozim. Toza havoda yugurish (oʻrtacha tezlikda), yurish, jamoaviy sport oʻyinlarida ishtirok etishning ham ahamiyati katta.

65 yoshdan oshganlarning jismoniy faolligi oʻlim xavfini keskin kamaytiradi. Shu tufayli bu toifaga kiruvchilar haftasiga kamida 150-300 daqiqagacha oʻrtacha intensivlikdagi yengil jismoniy mashqlar bilan shugʻullanishlari kerak. Yoki kuchli aerobik mashgʻulotlar bilan shugʻullanishni istaganlar uchun haftalik meʼyor 75-150 daqiqaga teng boʻlishi kerak.

Keksa yoshli insonlarda yiqilish, qoqilish kabi holatlar ogʻir asoratlarga sabab boʻlishi ham maʼlum. Shuning uchun ular haftasiga kamida uch marta turli muvozanat va mushaklarni mustahkamlovchi mashqlrini bajarishlari tavsiya etiladi.

Umuman, jismoniy faollik:

  • yurak va nafas olish tizimini mustahkamlaydi;
  • ichak va buyrak faoliyatini yaxshilaydi;
  • suyak va boʻgʻimlarning toʻgʻri shakllanishi hamda mustahkamlanishiga yordam beradi;
  • tana vaznini meʼyorda ushlaydi;
  • fikrlash va bilim olish faoliyatini kuchaytiradi;
  • intizom, iroda, uyushqoqlik, mehnatsevarlik kabi fazilatlarni shakllantiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?