Kambagʻallikni qisqartirishning eng asosiy omillari boshpana va ish joyi — Prezident Gulistondagi yangi uylarni koʻzdan kechirdi

18:54 07 Oktyabr 2021 Siyosat
789 0

Davlatimiz rahbari Guliston shahrining Yangi hayot mahallasida boʻldi.

Bu yerda 2019-2020-yillarda 14 ta koʻp qavatli uy qurilgan. Bugungi kunda yana 7 ta 9 qavatli uy qurilishi boshlangan. Ulardagi 504 ta xonadondan 100 tasi kam taʼminlangan oilalarga imtiyozli ravishda beriladi. Yoshlar mehnat guzari, stadion, bolalar maydonchalari quriladi.

Prezidentimiz yangi mavzeda xizmatlarni koʻpaytirish, tadbirkorlik subyektlari tashkil etib, bu yerda yashovchilarni ish bilan taʼminlash muhimligini taʼkidladi.

— Kambagʻallikni qisqartirishning eng asosiy omillari boshpana va ish joyi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bu maqsadlar uchun katta imkoniyatlar berilyapti. Bu yildan boshlab ipoteka krediti boʻyicha moliyaviy resurslardan yetishmovchilik va cheklovlar boʻlmaydi, deb eʼlon qilganmiz. Shundan foydalanib, tadbirkorlar ishtirokida koʻp uylar qurish mumkin.

Shu yerda mahalla nuroniylari bilan samimiy muloqot boʻldi.

— Bir paytlar Sirdaryo viloyati faqat qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan edi. Oxirgi yillarda zamonaviy sanoat kirib kelyapti. Mana shunday uylar qurilyapti. Nima uchun? Odamlarda xarid qobiliyati bor. Endi bu ishlarni toʻxtatmasligimiz kerak. Chunki yoshlarimiz yetishib kelyapti, xalqimizning talabi oʻsib boryapti. Davlatimiz shunga munosib sharoit yaratishi kerak, — dedi Prezident.

Nuroniylar viloyatda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, yoshlar tarbiyasi haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?