Kadastri yoʻq uy-joylarni hujjatlashtirish ishlari qanday bormoqda?

16:41 09 Dekabr 2023 Jamiyat
244 0

Qoraqalpogʻistonliklar Prezidentimizning hududga tashrifini oʻzgacha entikish bilan kutadigan boʻlishgan. Boisi, davlatimiz rahbari Orolboʻyiga qilgan har bir tashrifida hali mamlakatimizning boshqa hududlarida qoʻllanilmagan va aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari suradi.

Davlatimiz rahbarining joriy yilning 30-mart kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasiga qilgan tashrifi doirasida Kegeyli tumanida oʻtkazilgan yigʻilishda hudud aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan bir necha yangi loyihalar ijrosi muhokama qilindi.

Ulardan biri kadastri yoʻq 38 ming uy-joy va koʻchmas mulklar boʻyicha tegishli hujjatlar qilib berish masalasi edi. Davlatimiz rahbarining ushbu muammo boʻyicha bergan topshirigʻi koʻplab aholini shu bilan birga mana shu masaladagi murojaat va muammolarga yechim topa olmayotgan hududdagi masʼullarni ham quvontirdi, desak xato boʻlmaydi. Negaki, bir necha yillardan buyon yashab kelayotgan uy-joylariga mulk huquqini beruvchi hujjatini ololmay yurgan yurtdoshlarimiz kam emasdi.

Xoʻsh, oʻtgan davr mobaynida bu yoʻnalishda qanday ishlar bajarildi? Biz, Prezidentimiz tashrifida belgilangan ushbu masala yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha masʼullardan maʼlumot olishga harakat qildik.

— Davlatimiz rahbarining joriy yil 30-martdagi tashrifi doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan bir qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi va shular asosida aholining turar joyiga mulk huquqini eʼtirof etuvchi hujjatlarni berish boʻyicha bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda, — deydi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi Sardor Urunbayev. — Bu borada shu yilning 28-iyulida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi farmoni hamda uning ijrosini taʼminlash mexanizmlari yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda Vazirlar Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi hamda amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, yaʼni uy-joylarining mulk huquqini eʼtirof etishga oid tegishli hujjatlari boʻlmagan har bir koʻchmas mulk obyektlari haqidagi maʼlumotlarni “UzKad” axborot tizimiga kiritish zarur edi. Bu axborotlarni sifatli kiritish maqsadida namuna sifatida Xoʻjayli va Taxiatosh tumanlari tanlab olinib, hozirgi kunda qayta xatlovdan oʻtkazish ishlari olib borilmoqda.

Hujjatlarsiz qurilgan uy-joylarga mulk huquqi, yer uchastkasiga ijara huquqi berilganligi uchun bir martalik yigʻim miqdorini belgilash haqida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashning tegishli qarori qabul qilingan. Unga koʻra, Nukus shahrida eng kam oylik ish haqining 3 barobari miqdorida, boshqa tumanlarda 1 barobari miqdorida bir martalik yigʻim toʻlovi belgilandi. Shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda turgan shaxslar bir martalik yigʻimni toʻlashdan ozod etilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Davlat kadastrlari palatasi hamda Kadastr agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi va Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi rahbarlarining ishtirokida Xoʻjayli va Taxiatosh tumanlari namunaviy tumanlar sifatida tanlab olinib, hokimliklarda yuqorida keltirilgan farmonda belgilangan vazifalar keng muhokama etilib, alohida shtab tashkil qilindi. Shtablarga belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlovchi masʼullar biriktirilib, hududlardagi tashkilot mutaxassislari tomonidan tegishli hujjatlari boʻlmagan uy-joylarni xatlovdan oʻtkazish hamda mulk huquqini eʼtirof etishga oid tegishli hujjatlarni oʻrnatilgan tartibda tuman va respublika shtablariga taqdim qilinmoqda.

Bu boradagi ishlarni jadallashtirish hamda sifatli yakunlash maqsadida Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Buxoro va Xorazm viloyatlari boshqarmalarining mutaxassislari ham bugungi kunda hududlardagi uy-joylarni xatlovdan oʻtkazish ishlariga jalb qilingan va bu ishlar izchil davom qilmoqda.

Hozirgi kungacha Xoʻjayli tumanidagi 28 ta mahalladan jami 23 ming 726 uy-joy va Taxiatosh tumanidagi 14 ta mahalladan 12 ming 837 uy-joylar xatlovdan oʻtkazish ishlari davom etmoqda. Bu jarayonda hujjati borlari ham va tegishli hujjatlarga ega boʻlmagan uy-joylar ham qayta xatlovdan oʻtkazilmoqda. Ayni vaqtda mazkur uy-joylarga egalik huquqini beruvchi hujjatlarni tiklab berish uchun koʻchmas mulk obyektlar haqidagi maʼlumotlar “UzKad” axborot tizimiga sifatli kiritish ishlari olib borilmoqda.

Shu oʻrinda mulk huquqini eʼtirof etish uchun belgilangan talab va qoidalar haqida ham qisqacha maʼlumot berib oʻtishni lozim topdik. Yuqorida keltirilgan farmonga koʻra, fuqaro ushbu uy-joydan 2018-yil 1-maygacha boʻlgan davrdan boshlab oʻziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalangan boʻlishi, ushbu holat kosmik suratlarni qayta ishlash orqali hamda soʻnggi besh yil uchun yer soligʻi va mol-mulk soligʻi toʻlanganligi bilan tasdiqlangan boʻlishi, huquqni eʼtirof etish boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmasligi, yer uchastkasi boʻsh boʻlmasligi, unda qurilgan uy-joy yashash uchun moʻljallangan boʻlishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligi keltirilgan.

Shuningdek, yer uchastkasi sugʻoriladigan yerlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, transport, aloqa va mudofaa maqsadlariga moʻljallangan yerlar, kimyoviy yoki radioaktiv moddalar bilan ifloslangan yerlar toifasiga kirmasligi, suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalarida, yer usti va yer osti suvlarining hosil boʻlish zonalarida joylashmagan boʻlishi shartligi alohida belgilab qoʻyilgan.

Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, kadastri yoʻq uy-joy va koʻchmas mulklar boʻyicha tegishli hujjatlar qilib berish masalasi namuna qilib olingan ikkita tumanda yakunlangach boshqa tumanlarda ham amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Yuqorida keltirilgan farmonda 2024-yil 1-avgustga qadar bu boradagi ishlarni yakunlash nazarda tutilganini hisobga olgan holda boshqarma xodimlari barcha kuch-va imkoniyatlarini aholining oʻzlari yashab kelayotgan uy-joylariga mulk huquqini eʼtirof etishga oid hujjatlarini rasmiylashtirish ishlariga qaratganlar.

Eʼtiborlisi, Prezidentimizning bitta tashrifi doirasida ilgari surgan tashabbusi orqasidan minglab aholining yillab hal qilinmay kelayotgan muammosiga yechim topildi. Bu boradagi amaliy ishlar xalqimizni ertangi kunga boʻlgan ishonchini yanada oshirmoqda.

Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?