Kadastr tizimidagi korrupsiya holatlari muhokama qilindi

16:05 11 Aprel 2022 Jamiyat
712 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun davlat va jamiyat hayotida taraqqiyot kushandasi hisoblangan korrupsiya illatiga qarshi ayovsiz kurashish, barcha jabhada qonuniylik ustuvorligini taʼminlash chora-tadbirlari jadal tus olayotgani sir emas. Jumladan, kadastr sohasida ham turli koʻrinishlardagi korrupsiya holatlari kuzatilmoqdaki, bu tizim rivojiga kishan boʻlmoqda. Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan sohada faoliyat yuritayotgan 600 nafardan ziyod xodimlar ishtirokida boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda bu borada hal qilinishi dolzarb boʻlgan masalalar muhokama qilindi.

— 1991-yilda 1 km. kv. yer maydoniga 46,1 kishi toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2022-yilning 1-yanvar holatiga bu koʻrsatkich 78,6 nafarga yetdi, — deydi Kadastr agentligi Andijon viloyat boshqarmasi boshligʻi Fayoziddin Berdiqulov. — Ushbu raqamlarning oʻziyoq yerdan unumli foydalanish bugungi kunning eng muhim masalasi ekanligidan dalolatdir. Shunday boʻlgani holda, afsuski, joylarda yerlarning oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirib olinishi holatlari kuzatilmoqda. Masalan, joriy yilning 1-choragida viloyatda 159 ta holatda 9,9 gektar yer maydoni noqonuniy ravishda oʻzlashtirib olingani aniqlandi. Bundan tashqari 1183 ta holatda yer bilan bogʻliq qonunbuzilish qayd etildi. Yerdan unumli foydalanish, u bilan bogʻliq muammolarga yoʻl qoʻymaslik masalasida, eng avvalo, kadastr xizmati xodimlari masʼuliyatni oʻz zimmalariga olishlari kerak boʻlgani holda, taassufki, oramizda hamkasblarimiz shaʼniga dogʻ tushirayotganlar ham yoʻq emas. Oʻtgan davr mobaynida 16 nafar masʼullarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani bunga misoldir.

Muloqotda ishtirok etgan Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshligʻi Dilshodbek Akbarovning maʼlum qilishicha, xodimlar oʻrtasida amaldagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan targʻibot ishlari olib borilayotganiga qaramay, qonunbuzilish holatlari uchrab turibdi. Bu esa shu kungacha 74 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy chora qoʻllashga sabab boʻlgan.

Sohada yuzaga kelayotgan bu kabi salbiy holatlar butun tizimga soya solmasligi kerak. Aslini olganda zimmasiga yuklatilgan vazifani sidqidildan ado etayotgan xodimlar ham yoʻq emas. Muloqot soʻngida fidoyi, halol kadastr xodimlarining bir guruhi esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер