Kadastr pasportini tayyorlash muddatlari qisqarmoqda

16:33 03 Sentyabr 2020 Jamiyat
784 0

“Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori(535-son, 02.09.2020 yil) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qaror bilan Koʻchmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga koʻra, koʻchmas mulk obyektini kadastr hisobiga olish va kadastr yigʻmajildini shakllantirish natijasida koʻchmas mulk obyekti boʻyicha elektron shaklda kadastr pasporti rasmiylashtiriladi.

Ariza beruvchi kadastr pasportini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida roʻyxatdan oʻtadi.

Kadastr pasportini tayyorlash:

— koʻchmas mulk obyektlarining turar joyga oid qismi boʻyicha quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:

— koʻp kvartirali uydagi kvartira – 3 ish kunigacha;

— yakka tartibdagi turar joy – 5 ish kunigacha;

(ilgari bu muddat tegishlicha 7, 10 kun edi)

— koʻchmas mulk obyektlarining noturar joyga oid qismi boʻyicha:

— umumiy maydoni 100 kv.m. gacha - 5 ish kunigacha;

— umumiy maydoni 100 kv.m. dan 1000 kv.m. gacha - 7 ish kunigacha;

— umumiy maydoni 1000 kv.m. dan 5000 kv.m. gacha - 10 ish kunigacha;

— umumiy maydoni 5000 kv.m. dan 15000 kv.m. gacha - 15 ish kunigacha;

— umumiy maydoni 15000 kv.m. dan 50000 kv.m. gacha - 20 ish kunigacha;

— umumiy maydoni 50000 kv.m. dan ortiq - 25 ish kunigacha.

(ilgari bu muddat tegishlicha 10 kundan 45 kungacha boʻlgan)

Kadastr yigʻmajildi shakllantirilgandan soʻng kadastr pasportini berish uchun toʻlov miqdori qiymati koʻrsatilgan xabarnoma (invoys) Davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga elektron shaklda yuboriladi.

Ariza beruvchi xabarnomani olgandan soʻng 1 oy mobaynida toʻlov qiymatini toʻlaydi.

Kadastr pasportini berish uchun toʻlov qiymatlari Vazirlar Mahkamasi qarori (https://lex.uz/docs/2425158) bilan belgilanadi.

Quyidagi hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi:

— koʻchmas mulk obyekti boʻyicha birlamchi kadastr yigʻmajildi (pasporti) mavjud boʻlib, begonalashtirilganda yoki obyektda oʻzgarishlar (rekonstruksiya, qoʻshimcha va alohida qurilish) mavjud boʻlmaganda;

— koʻchmas mulk obyektining bir qismi begonalashtirilganda obyektning qolgan qismiga yoki rekonstruksiyasiz toifasi oʻzgarganda;

— kadastr yigʻmajildi (pasporti) yoʻqolganda (yaroqsiz holga kelganda).

Ushbu hollarda kadastr pasporti 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.

Qogʻoz shaklidagi kadastr pasporti Davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali, plastik shakldagi kadastr pasporti faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?