YTHni ichki ishlar organlari xodimisiz rasmiylashtirish tartibi mustahkamlanmoqda

20:08 24 Yanvar 2021 Jamiyat
913 0

Mamlakatimiz hududida yoʻl-transport hodisasi bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar tahliliga koʻra, 2018-yilda 13701, 2019-yilda 24005 va 2020-yilda 16023 ta tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan. Ushbu maʼmuriy huquqbuzarliklar Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, tegishliligi boʻyicha koʻrib chiqish uchun sud idoralariga yuborilgan.

Yoʻl-transport hodisasi ishtirokchilarining 40 foizi bir-biriga eʼtirozi yoʻqligi va maqsadi sugʻurta tovonini olish ekanini bildirgan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganda Yoʻl patrul xizmati inspektori chaqirilib, hujjatlar rasmiylashtiriladi, tibbiy narkologik tekshiruvdan oʻtkaziladi va sugʻurtalovchiga xabar beriladi. Tergovga qadar tekshiruv, turli ekspertizalar, sud jarayoni tamomlanib, ishtirokchilar oʻzlari shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va transport vositalarining hujjatlari, ekspertiza xulosasi, tergovga qadar tekshiruv, sud qarorlarini toʻplab sugʻurtalovchiga taqdim etadi. Sugʻurtalovchi hujjatlarni oʻrganib chiqib tovon toʻlash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. 
Qarabsizki, ushbu harakatlarni amalga oshirish uchun oʻrtacha 30-50 kun sarflanadi va fuqarolarning ortiqcha sarson boʻlishi va qoʻshimcha xarajatlar qilishiga sabab boʻladi.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi yigʻilishida muhokama qilingan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida bu boradagi muammolarning yechimi oʻz aksini topgan. 
Qonunga kiritilayotgan yangi normalar bilan yoʻl-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma tuzish orqali tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisida hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish boʻyicha soddalashtirilgan tartibni belgilash nazarda tutilyapti. 

Xususan, yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganda ishtirokchilar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimisiz bildirishnoma toʻldirib tibbiy narkologik tekshiruvdan oʻtadilar va transport vositalarini texnik shikastini baholash ekspertizasidan oʻtkazib, 3 kun ichida sugʻurtalovchiga ariza taqdim etadi. Sugʻurtalovchi hujjatlarni oʻrganib chiqib 15 kun ichida tovon toʻlash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi Yoʻl-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma rasmiylashtirish munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod etish normasi kiritilishi hamda “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga yoʻl-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma degan tushuncha kiritilishi va unga taʼrif berilishi koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisasini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish asoslari, qoidalari va tartibi belgilab qoʻyilmoqda. Binobarin, tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan Yoʻl-transport hodisalarini huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibi xorijiy mamlakatlar Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ukraina, Fransiya va Belgiya kabi davlatlarda amal qiladi.

Umuman olganda, yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibini (Yevroprotokol) joriy etilishi yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari va haydovchilar oʻrtasidagi bevosita muloqotni amalga oshirishda “inson omili”ga va ortiqcha qogʻozbozlikka, fuqarolarni ortiqcha sarson boʻlishiga chek qoʻyib, avtomobil yoʻllarida tirbandliklarni oldini olishga xizmat qiladi. 

Toʻlqin KARIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 
Mudofaa va xavfsizlik masalalari
qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер