Yoʻlsozlarni vijdon bilan qaytarib boʻlmayapti, jinoiy javobgarlikdan ham qoʻrqmayapti baʼzilari — deputat

13:06 04 Fevral 2021 Jamiyat
613 0

Mirzo Ulugʻbek tuman kengashi deputati, OʻzMTDP aʼzosi Jahongir Ziyayev  yoʻllardagi abgor holatlar, sohadagi korrupsiya holatlari haqida oʻz fikrlarini bildirib, masʼullarga taklif bilan chiqdi.

“Maʼlumotlarga qaraganda, 2020-yilda 6 442,6 km.avtomobil yoʻli qayta qurilib, taʼmirlangan, buning uchun 5186,3 mlrd.soʻm sarflanibdi. Bu raqam kichik raqam emas. Agar har bir tiyiniga xiyonat qilmaganida edi, yoʻlimiz bugungidek abgor holatga kelmagan boʻlardi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, «Hamma joyda korrupsiya, hamma joyda oʻgʻrilik”.

Transport prokuraturasi oʻtgan yili faqat yoʻl va koʻprik qurilishi boʻyicha 40 ga yaqin jinoiy ish qoʻzgʻatib, 10 mlrd. soʻmdan ortiq byudjet mablagʻ talon-toroj qilinganini aniqlabdi. Aniqlanmagani qancha ekan.

Hozir hamma joyda jamoatchilik nazoratiga kuch berilyapti va bu eng toʻgʻri yoʻl. Yoʻl qurilishida ham tashqi nazoratni kuchaytirish lozim. Aks holda “dunyo andozalari darajasida”gi yoʻllarimizda bir yil oʻtmay “yama”lar paydo boʻlaveradi, jabrini esa odamlar tortaveradi. Yoʻlsozlarni esa vijdon bilan qaytarib boʻlmayapti, jinoiy javobgarlikdan ham qoʻrqmayapti, baʼzilari.

Yevropaning aksar davlatlarida yoʻlsozlar koʻchadagi nosozlik haqida xabar berganlarni ragʻbatlantirar ekan. Chunki nosozlikdan biron avtomobil zarar koʻradigan boʻlsa, masʼul idora “otning kallasidek” jarimaga tortilarkan. Shuning uchun yoʻllar sifatli, hech kim xiyonat qilmaydi.

Bizda ham shunday nazorat yoʻlga qoʻyilishi kerak (bu haqda ilgari ham yozgandim). Agar bu tashabbus Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining oʻzidan chiqsa, tashkilot imijiga ham yaxshi boʻlardi. Ijtimoiy tarmoqlarda gap-soʻzlar kamayardi.

Mana, yoʻl qoidasini buzganlar, korrupsiya haqida xabar berganlar, savdo chekini oladiganlar, hatto piyoda yurganlar ragʻbatlantirilyapti. Qoʻmita oʻz-oʻzini nazorat qilib, nafsi xakalak otgan sheriklarini fosh qilib tursa, talon-torojlik kamayarmidi. Axir sohaga byudjetdan chakana pul yoʻnaltirilmayapti. Bu yil 4 577,4 mlrd.soʻm mablagʻ ajratilar ekan.

Buning uchun esa haydovchilar ham shafqat qilmay, yoʻlsozlarni sudga berishni odat qilishi lozim.

Fuqarolik kodeksining 57-bob, 985-moddasida gʻayriqonuniy harakat tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek, yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq qoplanishi koʻrsatilgan.

Taklifim: Qonunchilik palatasi ushbu modda va yoʻlsozlik bilan bogʻliq qonun hujjatlariga xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda oʻzgarishlar kiritilishi, aybdor tomonning javobgarligi yana-da kuchaytirilishi lozim. Shuningdek, bu bilan bogʻliq sud jarayoni ham lagʻmondek choʻzilmasligi kerak. Aks holda sudma-sud yugurishdan qochib, yana “oʻzbekchilik”ka boraveramiz» deb yozadi u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?