Yoʻl-transport hodisalarining oldini olish uchun qanday choralar koʻrish kerak?

15:39 12 Oktyabr 2022 Jamiyat
1672 0

Maʼlumotlarga qaraganda, Oʻzbekistonda 2021-yilda jami 10 001 ta yoʻl-transport hodisalari sodir etilgan boʻlib, ular oqibatida 2 426 kishi halok boʻlgan, 9 230 kishi jarohat olgan.

Transport hodisalarining sabablari oʻrganilganda, harakatni tashkil etishdagi muammolar 20,1 foiz, belgilangan tezlikka rioya qilmaslik 20,1 foiz, piyodalar oʻtish joyi belgilanmagan joydan kesib oʻtish 13,8 foiz, haydovchining tajribasizligi 9,1 foiz, bolalarni qarovsiz qoldirish 5 foiz, mast holda rulga oʻtirish – 1,4 foizni tashkil qilgan. 2022-yilning 9 oyida sodir etilgan yoʻl -transporti hodisalari soni boʻyicha maʼlumotlar hozircha ochiqlanmagan.

Yuqorida hodisalarning sabablariga oid statistikadan koʻrinib turibdiki, har beshinchi hodisadan biri tezlik qoidasiga rioya qilinmagani, yana shuncha holatda “harakatni tashkil etishdagi muammolar” sababli yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan. “Avariya”lar soni va inson hayotiga taʼsirini koʻp muhokama qilamiz, ularni kamaytirish boʻyicha turlicha nuqtayi nazarlar bildiriladi, turfa xil yondashuv va uslublar, qoidalarni joriy etamiz.

Yaqinda Toshkent shahar Kengashi deputatlari poytaxtdagi ayrim serqatnov koʻchalarda transport vositalarining harakat tezligi soatiga 60, yana boshqalarida 50 km.gacha cheklanishini nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi ham bejiz emas edi.

Jahon tajribasidan ham koʻramiz, bilamiz, harakat qoidalarini buzganlarga nisbatan katta miqdordagi jarimalar belgilanishi yoki toʻliq videokameralar oʻrnatilishi ham kutilgan natijani bermasligi mumkin.

Ehtimol, yoʻllarimizning sifatini yaxshilash, ulardagi texnik-muhandislik ishlarini zamon talabi asosida takomillashtirish boʻyicha sezilarli ishlarni amalga oshirish vaqti kelgandur?

Bu jarayonda har bir ishlanma va qaror yoʻl harakati ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilishi kerak. Shaharsozlikning ilgʻor qoidalarini oʻzida mujassam etgan yoʻllarni biz faqatgina xorijiy mamlakatda emas, oʻzimizda ham koʻrishimiz kerak, deb oʻylayman.

Maxtumquli koʻchasidagi mudhish YTHga sababchi boʻlgan BMW haydovchisi qamoqqa olingani haqidagi xabar tarqalishi ortidan aybdor haydovchining hodisa yuzasidan izohida ham qaysidir avtomobil uni “qisib” qoʻygani tufayli haydovchi oʻzini boshqa tomonga olib qochgani mazmunidagi gapni aytib oʻtdi.

Shu oʻrinda ayrim mutaxassislar yoʻl chetidagi “bordyur”larimiz haydovchilarning xavfsizligini himoya qilish emas, aksincha, ziyon keltirishi bilan bogʻliq fikrni bildirib oʻtishayotgani eʼtiborimni tortdi. Nazarimda, yoʻl qurilishida ilm, asoslantirilgan ishlanmalar yetishmayapti.

Albatta, bu bilan BMW haydovchisini oqlash yoki aybini xaspoʻshlash niyatim yoʻq, aksincha, huquqbuzarga nisbatan qonunda belgilangan jazo chorasi qoʻllanilishi va bu haqda jamoatchilikka oʻz vaqtida maʼlumot berilishi tarafdoriman.

Yana bir masala. Aksariyat haydovchilarimizda bir-biriga yoʻl berish, hurmat koʻrsatish, kutib turish yoki harakatlanish madaniyatining boshqa elementlaridan foydalanish kamyob hodisaga aylanib bormoqda.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda belgilanganidek, transport vositalari haydovchilarining avariya holatini yuzaga keltirishi, yaʼni yoʻl harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yoʻnalishini keskin oʻzgartirishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etishi BHMning oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Ammo negadir bizda odatda faqatgina YTH ning ikki ishtirokchisi jabrlanadi, ulardan biri jazolanadi. Vaholanki, boshqa haydovchilarga nisbatan hurmatsizlik, bepisandlik bilan harakatlanganlar esa vijdoni ham qiynalmay, yoʻlida davom etaveradi.

Eng achinarlisi, yoʻl harakati qoidalariga rioya qilib kelgan uchinchi bir ishtirokchi jabrini tortadi.

Nazarimda, avariya holatiga sabab boʻladigan yoʻl harakatiga yoʻl qoʻyadiganlarga nisbatan qoʻllaniladigan jazo chorasini kuchaytirish va bu haqida xalqimizga xolis, ishonchli va toʻgʻri axborotni yetkazishimiz kerak. Ana shundagina ayrim “shovvoz”larimiz yoʻllarda “manyovr” qilishdan oldin boshqalarni ham hurmat qilish haqida oʻylab koʻrisharmidi?

Odiljon TOJIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?