Yoʻl oʻrtasidagi "kolodes“, ”raqs"ga tushayotgan avtomobillar va taʼmirga muhtoj 89 ta koʻprik...

06:09 15 Aprel 2021 Jamiyat
331 0

Qarshi shahridagi “Nasaf” va Alisher Navoiy koʻchasidan ketayotgan avtomobil haydovchilari yoʻl oʻrtasidagi «kolodes»dan aylanib oʻtishmasa avtomobil gʻildiraklari qarsillab urilib, shikastlanishi tayin. Bu holat ayanchli yoʻl-transport hodisalarining kelib chiqishiga ham sabab boʻlishi mumkin. Shu yoʻldan mutasaddi rahbarlar ham oʻtishadi-ku, nega sozlash haqida oʻylashmaydi? Yoki Nishon-Kasbi yoʻlidagi oʻnqir-choʻnqirliklar tufayli avtomashinalar goʻyo “raqs”ga tushayotgandek tuyuladi. Bundan tashqari, Qashqadaryoda 89 ta taʼmirga muhtoj koʻprik mavjudligi aniqlangan va buyam mashinalarning yoʻllarda bexavotir harakatlanishga xalaqit bermoqda.

Yaqinda Qarshi shahridagi “Jurnalistlar uyi”da Qashqadaryo avtomobil yoʻllari hududiy boshqarmasi boshligʻi Bekmurod Rahimov ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar tomonidan shu kabi bir qator savollar berildi.

— Albatta, Qarshi shahridagi “Nasaf” va Alisher Navoiy koʻchalaridagi yoʻl oʻrtasida qolib ketgan «kolodes»larni koʻchirish boʻyicha ish olib boryapmiz, — deydi B. Rahimov. — Bu «kolodes»lar ichida telefon-aloqa kabellari tizimi tutashtirilgan boʻlib, ularni koʻchirish boʻyicha tegishli tashkilotlarga murojaat qilganmiz. “Nishon-Kasbi” umumfoydalanishdagi yoʻl qismini shu yilning 1-sentyabrigacha qurib bitkazish moʻljallangan. 98 ta taʼmirga muhtoj koʻprik haqida aytganda, bu koʻpriklarni taʼmirlash uchun mablagʻ ajratilgan, biz qurilish tashkilotlariga tanlov eʼlon qilganmiz, koʻpriklarning bir qismi shu yilning 1-sentyabriga qadar taʼmirlash rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, “Obod qishloq” dasturi doirasida 26 ta qishloq aholi punktlarida 468,7 kilometr, “Obod mahalla” dasturi doirasida Qarshi va Shahrisabz shaharlarida 4 ta mahallada 46,7 kilometr asfalt va shagʻal yotqizish ishlari amalga oshiriladi. Bu ishlar uchun 140 mlrd soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilgan.

Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”
Sobir Narziyev olgan suratlar

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?