“Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi nega toʻliq qabul qilinmadi?

Avvalroq xabar berilganidek, 2022-yil 27-dekabrda Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan yalpi majlisda deputatlar “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda moddama-modda muhokama qilishdi.
Taʼkidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan yoʻl harakati sohasidagi huquqni qoʻllash amaliyotida uchrab turgan tushunmovchiliklar bartaraf etiladi, yoʻl harakatini tashkil etishga qoʻyiladigan umumiy talablarga, asosiy koʻrsatkichlarga va texnik vositalariga aniqlik kiritiladi. Shu bilan birga, yoʻllarda transport vositalari harakatini cheklash yoki taqiqlash, toʻxtab turish joylariga qoʻyiladigan talablar, pulli toʻxtab turish joylaridan foydalanganlik uchun toʻlov undirilmaydigan shaxslar belgilanishi taklif etilmoqda.
Yalpi majlis jarayonida muhokamalar davomida qonun loyihasidagi ayrim moddalar boʻyicha deputatlarning savol va eʼtirozlari yuzaga keldi. Natijada qonun loyihasining 20 va 25-moddalari qayta koʻrib chiqish maqsadida masʼul qoʻmitaga “uy vazifasi” sifatida qaytarildi.
Qizgʻin bahs-munozaraga sabab boʻlgan ushbu qonun loyihasi yuzasidan ayrim deputatlarning fikri bir joydan chiqmadi.
“Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining 20-moddasini “Reklama toʻgʻrisidagi” qonunning 5-bobi bilan moslashtirib, qayta koʻrib chiqish lozim, deb hisoblayman, — dedi Qonunchilik palatasi deputati, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Zafar Xudoyberdiyev, — Sababi loyihada yoʻl harakatini tashkil etish bilan bogʻliq boʻlmagan axborot vositalari yoʻlning himoya chizigʻidan tashqarisiga, yoʻl harakatini tashkil etishga salbiy taʼsir koʻrsatmagan holda yoʻl egasining roziligi bilan oʻrnatilishi taklif etilmoqda. Vaholanki, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 20-moddasida “Tashqi reklamani joylashtirish tartibi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida belgilanadi” degan norma mavjud. Qolaversa, qonun loyihasida tashqi reklama maʼlumotlari haydovchining koʻzini qamashtirmasligi lozimligi bilan bogʻliq norma amaldagi “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq kelmasligi, shuningdek yoʻl harakatini tashkil etish bilan bogʻliq boʻlmagan axborot vositalarini tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joylariga 50 metrdan yaqin masofada yoʻl boʻyi hududlarida oʻrnatish mumkin emasligini nazarda tutuvchi norma kiritilgani reklama sohasini tartibga soladigan qonunchilikka toʻgʻri kelmaydi. Bundan tashqari, qonun loyihasidagi bu normalar tadbirkorlarning huquq va manfaatlari poymol boʻlishiga sabab boʻlishi mumkin. Shu bois 20-moddani qaytadan koʻrib chiqish talab etiladi.
Oʻz navbatida deputatning eʼtiroziga nisbatan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Salihov munosabat bildirar ekan, Ishchi guruh aʼzolari normani qayta ishlashga tayyorligi, biroq “50 metrlik talab” boʻyicha qoʻmitaning pozitsiyasi qatʼiyligi hamda bu inson hayoti va salomatligi uchun daxldor masala ekanligini taʼkidladi.
Qizgʻin muhokamalardan soʻng qonun loyihasidagi 20-modda ovozga qoʻyilmadi. Balki ikkita masʼul qoʻmitaga ushbu moddani qayta koʻrib chiqish boʻyicha uyga vazifa sifatida qaytarildi.
Majlisda yana bir muhim masala qizgʻin muhokama qilindi. Yaʼni, ayrim deputatlar qonun loyihasining 25-moddasida nazarda tutilgan normaga qarshi ekanligini maʼlum qildi.
— Mazkur normadan pulli toʻxtab turish joylarining egasi ushbu joydan foydalanuvchilarning transport vositalari toʻliq qoʻriqlanilishini kafolatlashi, pulli toʻxtab turish joyidagi transport vositalariga, shuningdek bojxona nazorati ostidagi transport vositalariga yetkazilgan har qanday moddiy zararning oʻrnini toʻliq qoplashini nazarda tutuvchi meʼyorni chiqarib tashlash kerak, — dedi Qonunchilik palatasi deputati, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Doniyor Gʻaniyev, — Pulli toʻxtab turish egasi transport vositasiga joy ajratib berishi kerak, xolos. Agar bu normani shu shakl va mazmunda qoldirsak, pulli toʻxtab turish joylarini tashkil etish borasidagi harakatlarimiz turgʻun holatga kelib qolishi, tadbirkorlarni qiynab qoʻyishimiz mumkin. 25-moddadagi ushbu normani chiqarib tashlash taklifini ilgari surgan boʻlardim.
Qonun tashabbuskorlari va masʼul qoʻmita vakillari xorijda ham bu tajriba mavjudligi, pulli toʻxtash joyi egasi xavfsizlikni taʼminlashi shartligi boʻyicha pozitsiyani bildirib oʻtishdi.
Tashabbuskorlarning asoslariga qaramay, mazkur modda ham masʼul qoʻmita tomonidan qaytadan koʻrib chiqiladigan boʻldi.
Shuningdek, deputat qonun loyihasining 12-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasiga mamlakatimizda yoʻl harakati qoidalarini buzgan haydovchilaridan yoki boshqa shaxslardan ular transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqib ketayotganda tegishli jarimalarni undirilishini taʼminlash boʻyicha vakolat berilayotganiga qarshi chiqdi. Ayniqsa, chegara hududida yashovchi fuqarolar u hududdan narigi hududga oʻtish jarayonida jarima toʻlash muddati yakuniga yetmasa ham, bojxonachilarning talabi bilan jarima toʻlashga majburlanishi nooʻrin eʼtirozlarga sabab boʻlishi mumkinligi qayd etildi.
Qonun tashabbuskorlari bu normani asoslar ekan, amaliyotda chet el fuqarolari oʻzlariga tegishli transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqib ketayotganida sodir etgan huquqbuzarliklari uchun jarimalarni toʻlamasligi holatlari ham uchrab turgani ushbu normaning shakllantirilishiga xizmat qilganini maʼlum qildi. Agarda shu qonun qabul qilinsa, xorijiy fuqarolar uchun ham jazo muqarrarligi taʼminlanishi hamda amalda Bojxonadagi bazada faqatgina chet el transport vositalariga oid maʼlumotlar integratsiya qilingani taʼkidlandi.
Biroq qonun loyihasida yoʻl harakati qoidalarini buzgan haydovchilaridan jarima bojxona tomonidan undirilishi haqida soʻz yuritilgani oʻzbekistonlik haydovchilarga ham daxl qilishi deputatlarning eʼtirozini susaytirmadi. Qizgʻin muhokamalardan soʻng mazkur modda tahririy tuzatishlar kiritilishi sharti bilan qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- O‘zbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara o‘tkazdilar
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
- Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring