Yilning oʻtgan davrida davlat byudjetiga 18,7 trillion soʻm bojxona toʻlovi undirildi

17:28 10 Noyabr 2020 Jamiyat
315 0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Raqamli bojxona – tashqi savdoda shaffoflik garovi” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi. Tadbirda Davlat bojxona qoʻmitasi rahbarlari sohani raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillariga atroflicha maʼlumotlar taqdim etishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-iyundagi “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF6005-son Farmoni tom maʼnoda bojxona organlari faoliyatini tubdan isloh qilish va bojxona xizmatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishda asosiy dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Hozirda bojxona tartib-tamoyillarini yana-da soddalashtirish, bojxona tizimida raqamli texnologiyalarni keng qoʻllash orqali inson omilini kamaytirish, bojxona nazorati shakllarini xavflarni boshqarish prinsiplariga asoslangan zamonaviy axborot - kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish, sodda qilib aytganda “Raqamli bojxona”ga oʻtish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda bojxona organlari 56 ta axborot tizimlari va 30 ta interaktiv xizmatlar (shundan, 2020-yil davomida 6 ta axborot tizimlari va 13 ta interaktiv xizmatlar) tatbiq etilgan. Xususan, bojxona organlarida “Xavfni boshqarish” tizimining joriy etilishi natijasida, bugungi kunda qonunga itoatkor tadbirkorlarning eksport va importga yoʻnaltirilayotgan mahsulotlari tezkorlik bilan bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilmoqda.

Ushbu tizimni takomillashtirish orqali 2020-yil 1-iyundan sinov tariqasida avtomobil chegara bojxona postlarida amaliyotga joriy etildi. Bu ham oʻz navbatida kelgusida chegara bojxona postlaridagi navbatlarning sezilarli qisqarishiga yordam beradi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini xavf darajasiga qarab toifalarga ajratilishi natijasida bojxona koʻriklari soni 1,4 barobarga kamayib, samaradorligi 1,5 barobarga oshdi. Bojxona rasmiylashtiruvi vaqti eksportda 1,7 barobarga, importda 1,4 barobarga qisqardi. Hozirgi kunda 62 foiz tovarlar soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilmoqda. Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishda axborot tizimlarining oʻrni katta ekanligini tushungan holda, rasmiylashtiruv bilan bogʻliq jarayonlar toʻliq avtomatlashtirildi.

Masalan, bojxona yuk deklaratsiyalarini avtomatik roʻyxatga olish va avtomatik taqsimlash joriy etildi (jarayonga ilgari 2-3 soat vaqt ketgan, bir necha xizmat kitoblari yuritilgan edi, hozir 1-2 daqiqa sarf etilmoqda, eng asosiy korrupsion holatlar oldini olishga katta qadam boʻldi).

Endilikda bojxona toʻlovlarini mobil-banking xizmati orqali onlayn oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. 2020-yil 10 oyida ushbu tizimdan foydalanib, 110 mlrd. soʻm toʻlovlar kelib tushdi.

Shuningdek, hozirda chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan avtotransport vositalarini davlat nazoratlaridan oʻtkazish va post hududidan chiqib ketishi nazoratini “elektron shlagbaum”ga asoslangan, chegara bojxona postlarida faoliyat koʻrsatayotgan davlat idoralari ulangan “Transport nazorati” avtomatlashtirilgan axborot tizimini amaliyotga joriy etish boʻyicha qator ishlar olib borilmoqda.

Tizim yordamida, tovar va transport vositalari chegara oʻtkazish punktlariga kirib kelishidan chiqib ketgungacha boʻlgan nazorat tadbirlari zamonaviy qurilmalarni tatbiq etgan holda avtomatlashtirilib, “Yagona darcha” tamoyiliga koʻra rasmiylashtiruvga asoslangan Innovatsion (aqlli) bojxona posti amaliyotga joriy etiladi.

Oʻtkazish punktida Davlat nazorati organlari tomonidan haydovchilar, tovarlar va transport vositalarining nazorat tartib-taomillardan oʻtkazish uchun sarflagan vaqt toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni onlayn rejimida olish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, ushbu tizimning amaliyotga joriy etilishi chegara oʻtkazish punktlarida nazorat olib boruvchi organlar tomonidan tegishli tartib-taomillarni “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish va unga sarflanadigan vaqtni qisqartirish imkonini beradi.

Mazkur tizim dastlab “Yallama” chegara bojxona postida, soʻngra bosqichma-bosqich mavjud chegara bojxona postlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.

Hozirda bojxona organlari tomonidan “Avtotransport vositalari navbatlarni boshqarish” axborot tizimini amaliyotga joriy etish ustida ham ishlar amalga oshirilmoqda.

2020-yilning 1-noyabridan boshlab Davlat bojxona qoʻmitasi jismoniy shaxslar uchun transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchiga real vaqt rejimida elektron shaklda qayta olib chiqish muddati tugashidan oldin vaqtinchalik olib kirish muddatini uzaytirish va tegishli yigʻimni toʻlashni amalga oshirish imkoniyatini joriy qildi. Endilikda elektron toʻlov tizimlari orqali chet el avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlish muddatini onlayn ravishda uzaytirish mumkin.

Shuningdek, chegara bojxona postlari infratuzilmasini yaxshilash, ularning faoliyatini raqamlashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, Qozogʻiston bilan chegaradosh boʻlgan «Daut-ota», “Sirdaryo”, “Gʻishtkoʻprik” va “Yallama”, Turkmaniston bilan chegaradosh “Olot”, “Xoʻjayli”, “Shovot” va “Doʻstlik”, Tojikiston bilan chegaradosh “Sariosiyo” chegara bojxona postlari toʻliq rekonstruksiya qilindi. Natijada, postlarning sutkalik yoʻlovchi oʻtkazish qobiliyati 2 barobarga, avtotransport oʻtkazish qobiliyati esa 4 barobarga oshdi.

Mazkur bojxona postlari inson tanasini skaner qiluvchi “Body Scan”, yuk avtotransport vositalarini skaner qiluvchi Inspeksion koʻrik majmualari, elektron shlagbaum, davlat raqamini aniqlash tizimlari kabi “innovatsion” nazorat - texnik vositalar va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan taʼminlanib, “Raqamli bojxona” talablariga moslashtirildi.

Hozirda ushbu postlarda sinov tariqasida “Navbatlarni boshqarish” hamda “Transport nazorati” axborot tizimlari joriy etilib, shu yerda faoliyat yuritayotgan davlat nazorati idoralari tomonidan avtotransport va haydovchilarni nazoratdan “yagona darcha” tamoyili asosida oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi. Natijada, ushbu jarayonlarga sarflanadigan vaqtni keskin qisqartirish va transport vositalari tirbandligini oldini olish imkoniyati yaratiladi. Kelgusida ushbu axborot tizimlarini bosqichma-bosqich transport oqimi yuqori boʻlgan chegara bojxona postlarida joriy qilinishi rejalashtirilgan.

Tadbirda 2020-yil 1-yanvardan amaliyotga joriy etilgan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimining bugungi faoliyati haqida soʻz yuritildi. Hozirda mazkur tizim orqali tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda 6 ta organning 17 ta ruxsat berish tusidagi hujjatlarini inson omilisiz berish tartibi joriy qilindi.

Joriy yilning oʻtgan davrida dastur orqali 26 mingdan ortiq TIF qatnashchilari roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, vakolatli idoralar tomonidan 465 mingdan ortiq ruxsatnoma hujjatlari rasmiylashtirildi. Ilgari mazkur ruxsatnomalarni olish uchun tadbirkor idorama-idora yurishga majbur boʻlmoqda edi.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya yutuqlari va “mantiqiy nazorat” funksiyalarini joriy etish orqali tovar va transport vositalari ustidan nazoratni kuchaytirish natijasida joriy yilning oʻtgan davrida davlat byudjetiga 18,7 trillion soʻm bojxona toʻlovi undirildi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5,7 trillion soʻm koʻp demakdir.

Anjumanda, chegara postlarida bojxona nazorati sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgan - inspeksion koʻrik majmualarining ahamiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, kuni kecha “Sariosiyo” temir yoʻl bojxona postida, qoʻshni davlatdan Oʻzbekiston hududi orqali xorijga oʻtish maqsadida kirib kelgan 2 ta vagonlar Inspeksion koʻrik majmuasidan oʻtkazilganda, vagonlarning ost qismiga maxsus temir listlar payvandlanib, tayyorlangan yashirin joyda qariyb 172,5 kg giyohvandlik moddalari yashirilganligi aniqlandi.

Anjumanda kelgusida sohani raqamlashtirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida ham maʼlumot berildi. Jumladan, joriy va kelgusi yilda “Avtomatlashtirilgan tarzda chiqarib yuborish”, “Bojxona auditi”, “E-tranzit” kabi bir necha avtomatlashtirilgan axborot tizimlari amaliyotga joriy etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro TIR-karnet kitobchalari asosida tashuvlarni elektron rasmiylashtirishni nazarda tutuvchi «Ye-TIR» loyihasi, kafolat hujjatlarini berishi mumkin boʻlgan tashkilotlar (bank, sugʻurta) roʻyxati yuritilishi toʻliq avtomatlashtiriladi.

Shuningdek, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini identifikatsiyalash va baholash uslubiyati tadbirkorlik subyektining oʻzi tomonidan ishlab chiqilishi belgilanib, bu qayta ishlash jarayonlarini keskin soddalashtiradi. Bu esa umumiy ishlab chiqarish, shu jumladan eksport hajmining oshishiga va qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratilishiga zamin yaratadi.

Bundan tashqari shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarga bojxona ekspertizasini oʻtkazish, tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi kodlarini aniqlash hamda statistik maʼlumotlarni taqdim etish kabi interaktiv xizmatlar koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyiladi.

Yana bir yangilik - Bojxona yuk deklaratsiyalarini avtomatik ravishda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tizimini bosqichma - bosqich amaliyotga kiritishni nazarda tutuvchi “Avtomatlashtirilgan tarzda chiqarib yuborish” kabi bir necha avtomatlashtirilgan axborot tizimlari amaliyotga joriy etiladi.

Natijada 2021-yil 1-yanvargacha “eksport” bojxona rejimiga rasmiylashtiriladigan bojxona yuk deklaratsiyalari sonining 5 foizidan kam boʻlmagan qismi, 2022-yilning 1-yanvarigacha esa umumiy rasmiylashtiriladigan bojxona yuk deklaratsiyalari sonining 20 foizi avtomatik tarzda inson omili aralashuvisiz rasmiylashtiriladi.

Anjuman yakunida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?