Yilni eng yaxshi koʻrsatkichlar bilan yakunlagan mahalla raisiga avtomashina beriladi

18:49 07 Iyun 2022 Jamiyat
157 0

Foto: Халқ сўзи

Urganch shahrida Xorazm viloyatidagi mahalla fuqarolar yigʻinlariga yangi saylangan raislar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Joriy yilning may oyida boʻlib oʻtgan saylovlarda viloyat boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻinlari raisligiga 1 ming 580 nafar nomzod koʻrsatilib, ularning eng fidoyi, yetarli bilim va tajribaga, xalq orasida obroʻ-eʼtiborga ega 526 nafari mahalla raisi etib saylandi. Yangi saylangan mahalla raislarining 99 foizi oliy maʼlumotli mutaxassislar hisoblanadi.

Uchrashuvda viloyat hokimi Farhod Ermanov soʻzga chiqib, mahallabay ishlash tizimining mohiyati, bunda fuqarolar yigʻini raisining tutgan oʻrni va masʼuliyati haqida toʻxtaldi. Oʻtgan davrda fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 147 ta mahalla idorasi yangidan qurilgani, 134 tasi rekonstruksiya qilinganini taʼkidladi. Joriy yilda 79 ta mahalla yangi binoga ega boʻladi, shuningdek, 13 ta tuman va shaharda “Mahalla markazi” majmualari barpo etiladi.

— “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” degan muhim tamoyilni amalga oshirishda mahalla tizimi muhim oʻrin tutadi, — deydi Xorazm viloyati mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Shavkat Ibragimov. — Fuqarolar yigʻinlarida yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi lavozimlarining joriy etilishi, soha xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida ularning oylik maoshlari oshirilishi mahalla tizimi faoliyatida tub burilish yasadi. Bugungi uchrashuvda eng yaxshi natijalarga erishgan mahalla raislarini ragʻbatlantirib borish maqsadida har chorak yakuni boʻyicha pul mukofotlari, yil yakuni boʻyicha esa xizmat avtomashinasi ajratish boʻyicha kelishib oldik.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?