Yiliga 10 mln. yevro maosh, samolyotdan 50 soat bepul foydalanish kabi shartlarni qoʻygan futbolchining bugungi narxi qancha?

15:28 22 Fevral 2021 Sport
1242 0

U yosh boʻlishiga qaramay, «Pari Sen-Jermen» va Fransiya terma jamoasining yetakchisi sanaladi. Dunyoning eng kuchli yosh futbolchilaridan biri sifatida tan olingan. 2018-yilgi jahon chempioni. Shu mundialning eng kuchli yosh oʻyinchisi. Gap sezganingizdek, 1998-yilning 20-dekabrida tugʻilgan Kilian Mbappe haqida bormoqda.

Bolaligi

Kilianning otasi Vilfrid asli kamerunlik. Fransiyadagi “Bondi” klubi futbol maktabida murabbiy boʻlib ishlardi. Onasi esa jazoirlik migrantlarning farzandi boʻlgan. U qoʻl toʻpi bilan professional darajada shugʻullangan.

Otasining qoʻllab-quvvatlashi ortidan Kilian mamlakatning eng kuchli futbol akademiyalaridan biri sanalgan «Klerfonten»da tahsil oldi. Tyeri Anri va Lilian Tyuram aynan shu akademiya bitiruvchilari sanalishadi.

13 yoshga kirganida Kilianda Madridning “Real” klubiga oʻtish imkoniyati paydo boʻldi. Oʻsha paytda klubning yoshlar jamoasi bilan ishlab turgan Zinedin Zidan unga qiziqish bildirgandi. Biroq otasi bilan maslahatlashgach, qahramonimiz bu variantdan voz kechdi. Ikki yil oʻtgach esa u “Monako” bilan oʻzining ilk professional shartnomasini tuzdi. Shu tariqa 15 yasharligida qoʻliga bonus tariqasida 400 ming yevro tegdi. Bundan tashqari, oyiga 600—700 yevro miqdorida maosh ola boshladi.

— Menda boshqalar kabi oʻsmirlik paytimda doʻstlar bilan sayr qilmoq, vaqtni koʻngilli oʻtkazmoq imkoni boʻlmagan, — deya eslaydi u 2018-yilda bergan intervyularidan birida.

“Monako”da oʻzini koʻrsata boshlagach, u bilan yangi shartnoma tuzildi. Shunga koʻra, Kilianga oyiga 80 ming yevro maosh tayinlandi.

“PSJ”ning gegemonligiga chek qoʻydi

2016/17 yilgi mavsumda Mbappe jamoaning asosiy tarkibidan oʻrin oldi va gollar kirita boshladi. Natijada “Monako” 17 yillik tanaffusdan soʻng ilk bor Fransiya chempionligini qoʻlga kiritdi. Kilian oʻzi qatnashgan barcha turnirdagi 44 ta oʻyinda 26 ta golga mualliflik qildi. Aynan u yoʻllagan gollar “PSJ”ning gegemonligiga chek qoʻydi, desak adashmaymiz.

Qahramonimiz Yevropa Chempionlar ligasida ham oʻzini koʻrsatdi. “Monako” bu turnirning yarim finaliga qadar yetib keldi. Faqat ikki oʻyin natijasiga koʻra «Yuventus»ga yutqazdi. Lekin Kilian maydonni golsiz tark etmadi. Turin klubi uning aniq zarbasidan soʻng oʻyinni maydon markazidan boshlashga majbur boʻldi. Shu tariqa Bufonning darvoza daxlsizligini saqlash borasida 600 daqiqa davom etgan seriyaasiga chek qoʻydi. 6 ta gol bilan shu nufuzli turnirning kuchli toʻpurarlari qatoriga kirdi.

— Joriy mavsumda meni kashf etishdi, kelgusida yuqori darajada oʻynab zoʻrligimni isbotlamoqchiman, — degandi oʻshanda u. — Kimdir meni sermahsullikda yoshidan oʻzib ketdi, deb hisoblaydi. Ammo men aslida 18 yoshli oddiy bolaman. Mashgʻulotlarga haligacha meni onam yoki klub haydovchisi olib keladi.

U oʻz qadrini biladi

2017-yilning yozida yosh futbolchi “Maoshimni 16 karra oshirasizlar”, degan shartni qoʻydi. “Monako” rad etdi. Klub koʻnsa Kilian xuddi jamoa sardori Radamel Falkao kabi yiliga 8 million yevro maosh olgan boʻlur edi.

Bu orada “Real” (Madrid) va “PSJ” variantlari paydo boʻldi. Mbappe «Pari Sen – Jermen»ni tanladi. Bu klubga oʻtgani uchun futbolchi tomoni 5 million yevro oladigan boʻldi. Kilian yiliga 10 million yevro maosh berishlarini talab qildi. Muzokaralar yakunida birinchi mavsumda 7 million yevro olishga rozilik bildirdi. Lekin shartnomaga bu miqdor har mavsumda oshib borishi haqidagi band kiritildi. Mbappe  “Mabodo, «Oltin toʻp” sohibi boʻlsam, avtomatik tarzda klubning eng koʻp maosh oluvchi futbolchisiga aylanishim kerak», degan shartni ham qoʻydi. Biroq “PSJ” murosa yoʻlini topdi. “Shunday sovrinni qoʻlga kiritsang, biratoʻla 500 ming yevro toʻlaymiz”,  degan vaʼdani berdi.

Oʻz qadrini yerga urmaydigan Kilian klub oldiga shaxsiy samolyotdan yiliga 50 soat bepul foydalanish shartini oʻrtaga tashladi.Buning oʻrniga unga haydovchi va qoʻriqbon xizmatiga haq toʻlash uchun oyiga 30 ming yevro beriladigan boʻldi.

Rekord ustiga rekord

Kilian darhol “PSJ”ning asosiy tarkib oʻyinchisiga aylandi va rekord ustiga rekord qoʻya boshladi. Masalan, 18 ta oʻyinda 19 ta gol kiritib, oxirgi 45 yilda shunday natijaga erishgan birinchi fransuz futbolchisiga aylandi. Jahonning eng kuchli futbolchisiga atalgan «Kopa» sovriniga ega chiqqan eng yosh oʻyinchi ham Kilian sanaladi.

Terma jamoadagi yutuqlari ham havas qilgulik. Mundialda Peru terma jamoasi darvozasiga toʻp yoʻllab, Fransiyaning jahon chempionatlarida gol kiritgan eng yosh futbolchisi boʻldi. Finalda Xorvatiya terma jamoasi darvozasini ishgʻol etib, Peledan keyin jahon chempionati hal qiluvchi bahsida gol kiritgan birinchi oʻsmir nomini oldi. Ayrim ommaviy axborot vositalarida uni Pelega qiyoslashgani bejiz emas.

Oʻyin uslubi

Kilian Mbappe universal hujumchi sanaladi. Markaziy hujumchi oʻrnida ham, ikkala qanotda ham oʻynay oladi. Ikkala oyogʻida birday toʻp tepa biladi. Hisobida koʻp gol bor. Ammo golli paslari ham oz emas. Aldamchi harakatlarning ustasi. Boshlangʻich tezligi yuqori. Chaqqon. Murakkab fintlarni qoyilmaqom bajaradi. Tezlik yoki harakat yoʻnalishini toʻsatdan oʻzgartirib, raqib himoyachilarini dogʻda qoldiradi.

Fransiya terma jamoasining sobiq aʼzosi Nikolya Anelkaning fikricha, Kilian 1996-yildagi Olimpiadada porlagan Ronaldoni eslatadi. "Agar Ronaldoning izidan borsa, Kilian dunyo futbolining afsonalaridan biriga aylanadi", deydi u.

Aytmoqchi, qahramonimiz joriy mavsumda ham sermahsul futbol namoyish etyapti. Yaqindagina Chempionlar ligasi pley-off bosqichining Ispaniyada kechgan dastlabki uchrashuvida u “Barselona” darvozasiga uchta gol kiritdi.

Nihoyat, Mvappening narxi haqida.2018-yilda CIES Football Observatory degan analitik kompaniya tomonidan qahramonimiz jahonning eng qimmat oʻyinchisi deb tan olingan. Uning transfer narxi 216,5 million yevro deya baholangan.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?