Yil yakuniga qadar Samarqand viloyatida hokimlik, tashkilot va muassasa binolariga 432 ta qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari oʻrnatiladi

13:50 30 Noyabr 2022 Jamiyat
295 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumki, bugungi kunda dunyo miqyosida elektr energiyasiga boʻlgan talab keskin oshib bormoqda. Xususan, mamlakatimizda 2-3 milliard kilovatt-soat qoʻshimcha elektr energiyasiga ehtiyoj borligi, kelgusi besh yilda bu koʻrsatkich 3-4 barobarga ortishi mutaxassislar tomonidan xavotir ila qayd etilayotir. Bu esa oldimizga ayni sohadagi ishlarni toʻgʻri rejalashtirish, zamon talablaridan kelib chiqib tizimda qayta tiklanuvchi energiyaning ulushini koʻpaytirish vazifasini qoʻyadi.

Mazkur yoʻnalishda Samarqand viloyatida ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Nurobod tumanida 100 million kVtli quyosh stansiyalari qurilib, ishga tushirildi. Mazkur tumanda yana 100 million, Kattaqoʻrgʻon tumanida 200 million kVtli hamda Choʻponota massivida 100 million kVtli quyosh stansiyalari barpo etish jarayoni qizgʻin bormoqda. Maʼlumotlarga koʻra, yaqin kelajakda Samarqandda 500 million kVtli stansiyalar quriladi.

Prezidentimizning “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurishga doir biznes loyihalarning jozibadorligini oshirish singari muhim vazifalar belgilab berildi.

Farmonga koʻra, shu kabi qurilmalarni oʻrnatgan va ular qiymatini toʻliq toʻlagan shaxslar xarajatlari bir qismi Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasi hisobidan toʻlanishi belgilandi. Kompensatsiya miqdori qurilma quvvatidan kelib chiqqan holda, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 50 baravarini tashkil etadi.

Shuningdek, 2022-yil 1oktyabrdan jismoniy shaxslar mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda quyosh suv isitkichlarini uch yil mobaynida foizsiz, boʻlib-boʻlib toʻlagan holda sotib olishlari mumkin. Bu qulayliklar, albatta, muqobil energiya tarmogʻini rivojlantirishda maqsadga muvofiqdir.

Yil yakuniga qadar Samarqand viloyatida hokimlik, tashkilot va muassasalar maʼmuriy va yordamchi binolariga, 1 ming 951 nafar sektor, ashkilot va muassasalar boshqaruv tizimidagi rahbar xodimlarning yashash manzillariga 432 ta qayta tiklanuvchi texnologiyalar oʻrnatiladi. Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan 600 nafar aholi xonadoniga 360 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 246 ta quyosh suv isitish uskunalarini oʻrnatish rejalashtirilgan.

— Hokimlikdan odamlar kelib, uyimga quyosh panelini oʻrnatishlarini aytishganida ishonmagandim, — deydi Samarqand tumani Rustam mahallasida istiqomat qiluvchi Tuhfa Nasimova. — Mana, soʻzida turishdi. Qariyb ikki oydan beri quyoshdan olinadigan elektrdan foydalanyapmiz. Qurilmalarni bepul berishgani mayli, endi elektrga ham pul toʻlamas ekanman. Oilam bundan juda xursand.

Hozirgacha viloyatda quvvati qariyb 15 ming kVt soat boʻlgan mingga yaqin quyosh fotoelektr stansiyasi va 200 taga yaqin suv isitish uskunasi oʻrnatildi. Jumladan, 150 ta quyosh fotoelektr stansiyasi tashkilot va muassasalarning maʼmuriy va yordamchi binolariga (34,9 foiz), 97 tasi sektor rahbarlari, tashkilot va muassasalar boshqaruv tizimidagi rahbar xodimlarning yashash manzillariga oʻrnatildi. 550 dan ortiq aholi xonadoniga ham quyosh fotoelektr stansiyasi va 200 ga yaqin suv isitish uskunalari oʻrnatildi.

— Viloyatimizdagi aholi xonadonlarida mingdan ortiq quyosh panellari ishlab turibdi. Boshqarmamiz tomonidan ham 20 ga yaqin ijtimoiy soha obyektlariga bepul quyosh panellari oʻrnatib berildi, — deydi Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boʻlim boshligʻi Toʻraxon Hoshimov. — Aholida quyosh panellari oʻrnatishga qiziqish yuqori, ammo bu qurilma oʻrnatilganda qoʻshimcha pul yoki soliq toʻlash kerak ekan, degan notoʻgʻri tushuncha mavjud. Shuni taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston qonunchiligida quyosh panellari oʻrnatganlik uchun hech qanday pul toʻlash yoki soliq olish normalari mavjud emas. Bu tizim respublikamizda energetika tarmogʻiga koʻmaklashish va atmosferaga zararni kamaytirish uchun tatbiq etilmoqda.

Bundan tashqari bugungi kunda viloyatda shamol energiyasini rivojlantirish boʻyicha oʻrganishlar olib borilmoqda. Bulungʻur tumani Yuqori nuqta hududida yer sathidan 70 metr balandlikda doimiy shamol yoʻnalishlari aniqlangan. Urgut, Nurobod, Payariq tumanlarida ham 70 metr balandlikda shamol generatorlari keltirib oʻrnatilsa, elektr energiyasidagi muammoni birmuncha hal etish imkoniyati mavjud.

— Yana gidrostansiyalardan ham samarali foydalaniladi. Hozirda viloyatdagi kichik gidrostansiyalardan 50 million kVt elektr energiyasi olinmoqda, — deydi Samarqand viloyat hokimi oʻrinbosari A.Shukurov. — 2021-2022-yillarda 6 ta kichik gidrostansiya qurilib, 250 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер