Yil yakuniga qadar 50 nafar yosh olim Belarus ilmiy muassasalariga stajirovkaga yuboriladi

21:01 29 Oktyabr 2021 Jamiyat
954 0

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

29-oktyabr kuni Oʻzbekiston — Belarus ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiyaning ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yigʻilishga Oʻzbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Belarus Respublikasi Ilm-fan va texnologiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi Aleksandr Shumilin raislik qildi.

Yigʻilish avvalida, Aleksandr Shumilin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari muvaffaqiyatli oʻtgani bilan ishtirokchilarni qutladi.

Anjumanda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari, ilmiy-texnik hamkorlik yoʻnalishlarini faollashtirish, 2019 – 2021-yillar davomida amalga oshirilgan qoʻshma ilmiy loyihalarning bajarilishi holati, qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovi natijalari, 2021 – 2023-yilda bajarilishi lozim boʻlgan ilmiy loyihalar roʻyxati, shuningdek, hamkorlikda tashkil etiladigan boshqa tadbirlar muhokama etildi.

Taʼkidlandiki, 2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston — Belarus ilmiy-texnik hamkorligi dasturi doirasida 15 ta loyiha bajarildi va ularning yakunlariga koʻra qator muhim ilmiy natijalar olindi. Endilikda esa mazkur loyihalarning tijoratlashtirish jarayoni tashkil qilinishiga va qoʻshimcha moliyalashtirish talab etiladi. Tadbirda bu masala koʻrib chiqilib, ushbu loyihalar natijasida olingan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash uchun qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishi boʻyicha kelishuvga erishildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Tomonlar 2021-2023-yillarda qoʻshma ilmiy loyihalar sonini 30 taga yetkazishga kelishdilar. Joriy yil yakuniga qadar 50 nafar yosh olimni Belarus ilmiy muassasalariga stajirovkaga yuborish va keyingi yillarda ularning sonini oshirish lozimligi qad etildi.

Tadbir davomidagi muhokamalar natijasida hamkorlikda amalga oshiriladigan ilmiy yoʻnalishlar tasdiqlandi. Jumladan, Energetika va energiyani tejash, Tibbiyot va tibbiy texnologiyalar, Farmatsevtika va farmakologiya, Nano va biotexnologiyalar, Kimyoviy texnologiyalar, Yangi materiallar, Raqamli iqtisodiyot, Oziq-ovqat xavfsizligi, Agrosanoat texnologiyalari, Tabiatni oqilona boshqarish (tabiatdan oqilona foydalanish), Tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, Suv resurslarini boshqarish texnologiyalari, Foydali qazilmalarni olish texnologiyalari, Lazer texnologiyalari va fotonika ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi.

Bundan tashqari, hamkorlikda qoʻshma startaplar tanlovi eʼlon qilinishi va poytaxtimizda yangi barpo etilgan “INNO” texnoparki bazasida startaplar faoliyati tashkil etilishiga kelishildi. Ikki davlat tomonidan ilm-fan sohasidagi konferensiyalar, forumlar, koʻrgazmalar, tajriba almashinuvi dasturlari sonini oshirish lozimligi qayd etildi.

Komissiya Oʻzbekiston — Belarus ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiyaning uchinchi yigʻilishini 2023-yilda Belarusda oʻtkazilishi toʻgʻrisida qaror chiqardi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?