Yil boʻyi qulupnay yetishtirish boʻyicha zamonaviy Koreya texnologiyalarini joriy etish maqsadida salkam 4 million dollar ajratiladi

18:35 24 Avgust 2022 Siyosat
777 0

Foto: Newsweek

2022-yil 22-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligida Koreya qishloq birlashmasi korporatsiyasi (KRC), Oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi va baliqchilik sohalarida taʼlimni rivojlantirish va axborot xizmati boʻyicha Koreya agentligi (EPIS) vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tomonlar mavjud va rejalashtirilgan qoʻshma loyihalar doirasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va EPIS oʻrtasida yangi loyihani boshlash boʻyicha kelishuv imzolandi. “Yil boʻyi qulupnay yetishtirish boʻyicha zamonaviy Koreya texnologiyalarini joriy etish” nomli ushbu loyiha Koreya Respublikasi Hukumatining rivojlanish boʻyicha rasmiy koʻmagi (ODA) yoʻnalishida taqdim etiladigan grant mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati

3,7 mln AQSH dollari qiymatidagi loyiha 2026-yil dekabr oyiga qadar amalga oshiriladi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agroxizmatlar markazi (AKIS) (Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani) hududida quyosh batareyalarida ishlaydigan qulupnay yetishtiruvchi zamonaviy issiqxona quriladi. Bundan tashqari, koreyalik mutaxassislar tomonidan koʻchatlar uchun issiqxona hamda yuqori sifatli qulupnay koʻchatlarini yetishtirish boʻyicha in vitro laboratoriyasi qurilib, jihozlanadi.

Loyiha davomida qulupnay yetishtirish boʻyicha mutaxassislarning har yili oʻzaro tashriflari tashkil etilib, tajriba almashish va malaka oshirish koʻzda tutilgan.

Loyiha oʻzbek qulupnay mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda brendingi va marketingiga koʻmaklashadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?