Ijtimoiy tarmoqlarda yoʻq joydagi muammolarni davlat tizimidagi muammolarga bogʻlashga urinishlar boʻlyapti — A.Qodirov

17:28 04 Avgust 2020 Siyosat
591 0

Covid-19 tufayli dunyo ahli yangi tartib-qoidalarga koʻnika boshladi. Chunki xavf darajasi yuqoriligicha qolyapti. OAVda dunyo boʻyicha kuniga oʻrtacha 250 ming kishining virus yuqtirayotgani toʻgʻrisida xabarlar tarqatilayotgani ham bejiz emas. Garchi ayrim mamlakatlarda koronavirusga qarshi vaksina yaratilgan boʻlsa-da, u bilan 2021-yilning oxirlarida odamlarni emlash boshlanishi aytilmoqda.

Ushbu kasallik sabab nafaqat sogʻliqni saqlash tizimi, balki iqtisodiy-ijtimoiy tarmoqlar ham bosim ostida qoldi. Eng yomoni, aholini ish bilan taʼminlovchi tizim — biznes falajlik holatiga kirdi. Oʻzbekiston ham garchi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida ish yuritayotgan boʻlsa-da, tibbiyotning eskirgan imkoniyatlari bilan shiddatkor davrning yangi chaqiriqlariga bas kelish ogʻir kechyapti. Ayni paytda eng zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan taʼminlangan davlatlardagi “tibbiy inqiroz”ni ham koʻrdik. Hatto Yevropada tibbiyoti eng rivojlangan davlat — Fransiya poytaxtidagi Eyfel minorasiga tutash koʻchada mavsumiy oʻlikxona barpo etilgani insoniyatning bunday inqirozli holatlar oldida ojiz ekanini koʻrsatib qoʻydi.

Keyingi oylardagi tahlillar aynan shunday sharoitlarda xalq tabobatini rivojlantirish, tibbiy madaniyat unsurlarini kundalik hayotimizga chuqurroq joriy etish zaruratini va bunga erishish uchun huquqiy asoslarni takomillashtirish vazifasini oldimizga qoʻydi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Xalq tabobatini rivojlantirish masalasida Prezidentimiz tomonidan bir qator muhim hujjatlar qabul qilingani ham shundan. Tibbiy madaniyatni oshirish yoʻnalishiga qaratilgan qarorlar bugungi kunda yurtdoshlarimiz sogʻligʻini himoya qilishda muhim poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.

Tan olish kerak, bunday sharoitda dunyo tibbiyotida kuzatilganidek, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimi ham bemorlarni toʻla himoya qila olmay qoldi. Lekin tibbiyot xodimlari kasallangan odamlarda oʻzini oʻzi uyda davolash imkoniyati borligini taʼkidlamoqdalar. Bular koʻp suyuqlik ichish, faol harakatda boʻlish, ozoda hayot kechirish kabi oddiy talablardir. Ushbu omillar uy sharoitida virusni yengishimizga katta yordam bermoqda.

Partiyamiz tibbiy madaniyatga qatʼiy rioya qilish, tabobatning birinchi amallarini anglab yetish kabi masalalarni maktabdanoq bolalar ongiga singdirish gʻoyasini ilgari surib kelmoqda. Mana bir misol. Yaponiya maktablarida boshlangʻich sinflardan boshlab bolalarni zilzila roʻy berganda oʻzlarini qanday tutishga oʻrgatishar ekan. Natijada bolalarda muayyan koʻnikma hosil boʻladi. Biz ham tibbiy madaniyat, xalq tabobatining afzal tomonlarini maktab, kerak boʻlsa bogʻchadan farzandlarimizga oʻrgataylik. Shunda eng oddiy talab — qoʻlimizni toza yuvish kerakligini telekanallardan oʻrganishga hojat qolmaydi.

Albatta, bugungi murakkab sharoit fuqarolarning mushohada qobiliyatini ham shakllantirmoqda. Jamoaviy qarorlar qabul qilish, jamoaviy muhokamalar oʻtkazish orqali toʻgʻri yoʻl tanlashni ­oʻrganmoqdamiz.

Ochigʻini aytish kerak, mustaqillikdan keyin biz birinchi marta jamoaviy harakat qilish, jamoaviy muhokamalar oʻtkazish va qarorlar qabul qilish boʻyicha imtihondan oʻta boshladik. Buning ijobiy jihatlari bilan birga salbiy koʻrinishlariga ham guvoh boʻlyapmiz. Xususan, davlat tomonidan aholini himoya qilish uchun mavjud imkoniyatlar jalb etilayotgan boʻlsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda yoʻq joydagi muammolarni davlat tizimidagi muammolarga bogʻlashga urinishlar boʻlyapti. Vaholanki, aynan bugungi sharoit barchamizdan bir yoqadan bosh chiqarishni, kamchilik va muammolarni xolis muhokama qilish orqali konstruktiv yechimlarga kelishni taqozo etmoqda. Partiya aʼzosi, deputat, davlat xizmatchisi, jurnalist yoki bloger boʻlamizmi, shu yurtning oddiy bir farzandi sifatida chetda turishga haqqimiz yoʻq. Chunki eʼtiborsizlik, ayniqsa, noxolis yondashuvlar qimmatga tushishi mumkin boʻlgan vaziyat bugun.

Ijtimoiy tarmoqda trolling bilan oʻz nomini yashirishga ishonchi komil boʻlgan ayrim kimsalarning asossiz va yolgʻon xabarlar tarqatishi yoki davlat boshqaruvi bilan bogʻliq qandaydir muammolarni gazak oldirishga harakat qilayotganlari afsuslanarli holat, albatta. Toʻgʻri, ayrim soha va tizimlarda xalq mulkini talon-taroj qilayotganlar, hatto xayr-saxovatga atalgan mablagʻlarni oʻzlashtirayotganlarni ham koʻryapmiz. Jinoyatga qoʻl bergan, oʻz manfaatini xalq manfaatidan ustun qoʻygan bunday kimsalar, albatta, qilmishiga yarasha “nasiba”sini oladi. Ammo shunday holatlar orqali butun bir xalqni, davlatni yomonotliqqa chiqarish adolatsizlikdan boshqa narsa emas.

Biz ana shunday murakkab sharoitda aholiga koʻproq xolis axborot yetkazish uchun fraksiyamiz aʼzolari va joylardagi deputatlar orqali real holatlarni oʻrganyapmiz. Xususan, fidoyi shifokorlar bilan muntazam aloqada boʻlib turibmiz. Ularga yordam berish boʻyicha turli tadbirlar, aksiyalar oʻtkazyapmiz. Shifokorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha videokontentlar, OAVda chiqishlar uyushtiryapmiz. Chunki bugungi sharoitda shifokorlar mehnati xalqimizga naqadar zarur ekanini eʼtirof etmaslik mumkin emas.

Ularning koʻpchiligi virusli kasallikka chalingan. Ularni davolash uchun koʻpincha yetarli darajada eʼtibor ham qaratilmayapti. Shunga oʻxshash muammolarni bartaraf etish uchun yaqinda inqirozga qarshi kurashish komissiyasiga shifokorlar kasallangan taqdirda ularni alohida davolash uchun maxsus markazlarga joylashtirish taklifini berdik. Chunki tibbiyot xodimi bu jangda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ularni tezda davolab, safga qaytarish masalasini aslida oldinroq oʻylashimiz kerak edi.

Pandemiya oqibatlari, yurtdoshlarmiz sogʻligʻi haqida gap ketganida partiyamiz vatandoshlarimiz dardini oʻz dardi, iztirobini oʻz iztirobi, deb bilishini taʼkidlashni istardim. Shuning uchun ham biz xorijdagi vatandoshlarimiz sogʻligʻi, tinchligini oʻylab, ularni oʻzlari oʻqiyotgan yoki ishlayotgan mamlakatlarda davolash hamda buni davlat tomonidan moliyalashtirish taklifini ham ilgari surdik. Masalan, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya Federatsiyasidagi vatandoshlarimiz orasidan bugun Oʻzbekistonga qaytishni istayotganlar soni 3 yoki 4 ming atrofida ekan. Ularni qaytarib olib kelish, albatta, kun tartibida turibdi. Shu bilan birga, biz ularni oʻzlari yashab turgan davlatlarda test topshirib, oʻzlarining holatlarini aniqlab olishlarini juda muhim, deb hisoblaymiz.

Chunki, «Men xorijdaman. Oʻzimda kasallik belgilarini sez­yapman. Oilam xavfsizligi uchun, farzandlarim xavfsizligi uchun shu yerda qolib, davolanishga qaror qildim», degan fikrlarni koʻp eshityapmiz. Biz ana shunday fidoyi, vaziyatni real baholayotgan yurtdoshlarimizni davolash jarayoni moliyalashtirilishi kerak, degan fikrni bildiryapmiz.

Chunki olimlar virus mutatsiyaga uchrayotgani, u modellashib oʻzgarayotgani, bir muhitdan boshqa bir muhitga tushganidan keyin qanday shaklga kirishini hech kim aytib bera olmasligini taʼkidlamoqda.

Virusning turli shtammlari yana-da vahshiylashgan holatda paydo boʻlmasligi uchun xorijdagi vatandoshlarimizni oʻsha yerda davolash, sogʻligʻini tiklashni moliyalashtirish masalasini koʻtargan edik.

Bugungi murakkab sharoitda nima qilsak yaxshiroq boʻladi, degan maʼnoda hukumat bilan, boshqa siyosiy partiyalar bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida faol harakat qilyapmiz. Qoʻlimizdan kelgancha yurtdoshlarimiz manfaati yoʻlida bir daqiqa ham faoliyatimizni susaytirganimiz yoʻq.

Xususan, karantin eʼlon qilingan ilk kunlardanoq koronavirus pandemiyasining oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan “Birmiz, qalban birgamiz” gʻoyasi ostida harakatlar dasturi ishlab chiqildi. Aynan ana shu dastur doirasida jami 25 milliard soʻmlikdan ortiq xayriya va koʻmak ishlarini amalga oshirdik.

Partiyadoshlarimiz tomonidan “Ziyorat karvoni” maʼrifiy loyihasi doirasida 7 ta “Muruvvat” va “Saxovat” internat uyiga, shuningdek, 100 ga yaqin xonadonga ijtimoiy koʻmak koʻrsatildi. Albatta, bularning barchasi mamlakatimizdagi xayr-saxovat ishlari oldida dengizdan tomchi, xolos. Targʻibot-tashviqot yoʻnalishida esa “Xotira” va “Oʻzlik haqida suhbat” kitoblari hamda Abu Homid Gʻazzoliyning “Til ofatlari” kitobining audio varianti ­yaratildi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda “Biz birgalikda pandemiyani albatta yengib oʻtamiz!” shiori ostida onlayn fleshmob, “Deputat koʻmagi”, #vahimasizkarantin heshtegi, “Birmiz, qalban birgamiz” shiori ostida shifokor va psixologlar bilan aholi oʻrtasida profilaktik onlayn suhbat kabi loyihalarni amalga oshiryapmiz.

Partiyaning xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi guruhlari hamda deputatlarimiz tomonidan 3256 ta dorixona, 692 ta bozor hamda 7896 ta savdo majmuasi (shoxobchasi) faoliyati oʻrganildi, ularning tashabbusi bilan 560 ta mansabdor shaxsning pandemiyaning oldini olish va bartaraf etish masalalari yuzasidan eshituvlari oʻtkazildi. “Uyma-uy” loyihasi doirasida 77401 ta oila qamrab olinib, 387642 nafar fuqaroga 6 milliard 608 million 519 ming soʻm qiymatidagi xayriya yordamlari koʻrsatildi. “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida aholiga jami 21 milliard 392 million 470 ming soʻm miqdoridagi moddiy yordam berildi.

“Ijtimoiy koʻmak” aksiyasi doirasida 9960 ta xonadonda yashovchi kam taʼminlangan oilalar, kasalmand fuqarolarga 335 760 000 soʻm qiymatdagi dori-darmon va antiseptik vositalar, oziq-ovqat mahsulotlari, yetkazib berildi.

Shuningdek, “Xizmat-beminnat” loyihasi doirasida 1854 ta bepul onlayn oʻquv kursi tashkil etildi.

Xulosa qilib shuni aytish joizki, dunyo boʻyicha 18 million kishini oʻz domiga tortishga ulgurgan pandemiya yangi Oʻzbekiston rivoji, taraqqiyoti yoʻlida boshlangan nihoyatda ulkan rejalarimiz yoʻlini uzoqlashtirayotgan bugungi sharoitda kim qayerda, qanday soha hamda vazifada xizmat qilmasin, zimmasidagi masʼuliyatni chuqur anglashi lozim. Shundagina vatanimiz va xalqimiz uchun beminnat xizmatkorga aylana olamiz.

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi

fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?