Ijtimoiy tarmoq bamisoli koʻzgu. Unda aks etgan xato-kamchiliklar bartaraf etilmoqda

15:48 30 Noyabr 2021 Jamiyat
304 0

Keyingi paytlarda joylarda ayrim mahalliy amaldorlarning noqonuniy xatti-harakati yuzasidan ijtimoiy tarmoq faollari tanqidiy fikr va munosabatlarini jamoatchilik eʼtiboriga havola qilayotgani, bunday tanqidiy chiqishlar, tabiiyki, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlib, alaloqibat muammolar oʻz yechimini topayotgani eʼtirofga molik jihatdir.

Xuddi shunday, yaqinda fuqaro T.Normurodovning Qumqoʻrgʻon tumanidagi qishloq hoʻjaligi yerlarini tomchilatib sugʻorish uskunalari oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilinganligi va boshqa holatlar toʻgʻrisida  ijtimoiy tarmoq orqali jamoatchilik eʼtiboriga havola qilgan videosi Surxondaryo viloyat prokuraturasi tomonidan atroflicha oʻrganildi.

Maʼlum boʻlishicha, “Suvoqova Bunyodkori” unitar korxonasi rahbari Q.K. va korxona bosh muhandisi M.A. hamda “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi texnik nazoratchisi M.A. bilan oʻzaro jinoiy til biriktirib, Qumqoʻrgʻon tumanida oqova suv tarmogʻini rekonstruksiya qilish boʻyicha rasmiy hujjat hisoblangan, bajarilgan ishlar qiymati toʻgʻrisida “Shakl-3” maʼlumotnoma va hujjatlarga soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritib, taqdim etib, jami 8 mlrd. 823 mln. soʻmlik byudjet mablagʻlaridan 136,3 mln. soʻmini oʻzlashtirgan va davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan shu yilning 5-oktyabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Qumqoʻrgʻon tuman boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. Davlatga yetkazilgan 136,3 mln. soʻm zarar dastlabki tergovda toʻliq qoplangan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Qumqoʻrgʻon tumani sudining 30.09.2021-yildagi hukmi bilan ayblanuvchi Q.K., M.A. va M.A.larga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlangan.

Bundan tashqari “Hamkor sity 2019” masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari va taʼsischisi A.Q., Qumqoʻrgʻon tumani hokimligi huzuridagi  tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish boʻyicha yakunlangan ishlarni foydalanishga qabul qilish komissiya raisi Ch.Oʻ. hamda komissiyaning asosiy aʼzolari U.L., R.X.lar bilan oʻzaro jinoiy til biriktirib, Qumqoʻrgʻon tumanida yaratilayotgan yangi intensiv bogʻ va issiqxona barpo etishda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish boʻyicha yakunlangan ishlarni foydalanishga qabul qilish komissiya dalolatnomasiga bila turib, asossiz maʼlumotlar kiritib, haqiqatda bajarilmagan ishlarning bajarilgani haqida tuzilgan soxta dalolatnomaga asosan davlat byudjetidan 1 mlrd. 218 mln. soʻmlik subsidiya mablagʻlari ajratilishiga erishadi.

Mazkur holat yuzasidan ham tegishli tartibda dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. Davlatga yetkazilgan 1218,0 mln. soʻm zarar dastlabki tergovda toʻliq qoplangan.  A.Q., Ch.Oʻ., U.L., va R.X.larga nisbatan jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tamomlanib, mazmunan koʻrib chiqish uchun JIB Qumqoʻrgʻon tuman sudiga yuborilgan.

Shuningdek, fuqaro fuqaro T.Normurodov ijtimoiy tarmoqda tarqatgan videoda Qumqoʻrgʻon tumani hududida 2000 gektar yer maydoniga tomchilatib sugʻorish uskunalari oʻrnatilmagani hamda  7 mlrd. soʻmlik mablagʻ talon-toroj etilganini iddao qilgan. Prokuratura tomonidan bildirilgan rasmiy munosabatda bu boʻyicha Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani aytib oʻtildi.

Bundan tashqari Qumqoʻrgʻon tumani obodonlashtirish boshqarmasi orqali byudjet mablagʻlari talon-toroj qilinayotgani yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tegishli mutaxassislar jalb qilingan holda tekshirish harakatlari olib borilmoqda, deyiladi rasmiy munosabatda.

Albatta, jinoyatga jazo muqarar. Ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan Qumqoʻrgʻon tumanida mahalliy amaldorlarning bu kabi kamchilik yoki qonunbuzarlik holati aks etgan chiqishlari, avvalo, jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, oʻz navbatida yuqori turuvchi organ mutasaddilari  eʼtiborini qaratish orqali mavjud muammo, xato-kamchiliklarni bartaraf etishga yaxshi maʼnoda turtki bermoqda.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?