Ijtimoiy tadbirkorlik jamiyatdagi ijtimoiy muammolarga barham beradimi?

13:49 17 Noyabr 2020 Jamiyat
282 0

Hozirgi murakkab sharoitda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini taʼminlash va uning daromadini oshirish ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Bu borada davlatimiz, hukumatimiz tomonidan iqtisodiyotni barqarorlashtirish, biznes vakillarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilayotir.

Binobarin, koronavirus pandemiyasi aholi daromadini oshirishda ishlab chiqarishni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarini koʻpaytirish, ayniqsa, kam taʼminlangan va ishsiz aholi qatlamlarini daromadi keskin kamayishining oldini olish oʻta muhim va dolzarb vazifa ekanini koʻrsatdi.

Albatta, bunday murakkab sharoitda aholini, ayniqsa, uning ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilib, moddiy yordam va koʻmakka muhtojlar roʻyxatiga kiritilgan oilalarga respublika byudjetidan bir martalik moddiy yordam puli berildi. Lekin davlat gʻaznasi tomonidan berilgan bir martalik yordam bilan ularning muammosini butunlay hal etib boʻlmaydi.

Xoʻsh, unda muammoga yechim topish uchun nima qilish kerak? Bu borada mamlakatimizda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? Davlatdan moliyaviy koʻmak oladigan oilalar sonini oshirish bilan masalaga barham berish mumkinmi?

Fikri-ojizimizcha, bugungi kunda ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarni hal etishda yangi yondashuvlarni tatbiq etish, xalqaro tajribada keng qoʻllaniladigan usullarni joriy etish muhim ahamiyatga ega. Demak, bu masalaga bugun hayotimizda keng kirib kelayotgan ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqaligina yechim topish zarur.

Shu oʻrinda ijtimoiy tadbirkorlik nima va u nega kerak, uning bugungi kundagi ahamiyati nimalardan iborat, degan savol tugʻilishi tabiiy.

Ijtimoiy tadbirkorlik – bu jamiyatning ijtimoiy muammolarini hal qilishga qaratilgan tadbirkorlik turi hisoblanadi. Soddaroq qilib aytganda, bu ijtimoiy maqsadlarni koʻzlaydigan biznes boʻlib, bunda daromadlar korxona egalarining daromadlarini koʻpaytirishga yoʻnaltirilmaydi. Bunday korxonalarning ishiga asosan ijtimoiy jihatdan nobarqaror holatda boʻlgan yoki nogironligi boʻlgan shaxslar jalb etiladi.

Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari uchun ish oʻrinlarini yaratish, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun mahsulot va asbob-uskunalar ishlab chiqaradigan korxonalar uchun soliq va boshqa turdagi imtiyozlar belgilangan. Biroq amaldagi qonunchilikda “ijtimoiy tadbirkorlik”ning huquqiy tushunchasi va ijtimoiy tadbirkorlikka oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish mexanizmlari aniq belgilanmagan.

Ijtimoiy tadbirkorlik borasida AQSH, Buyuk Britaniya, Polsha, Belgiya, Italiya va boshqa davlatlar qonunchiligi oʻrganilganda, ushbu tadbirkorlik faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi natijasida aholining ijtimoiy zaif qatlamlari ish bilan taʼminlanishi bilan birga, ijtimoiy tovarlar ishlab chiqarish va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish borasida yuqori natijaga erishilganini koʻrish mumkin.

Bundan anglash mumkinki, xorijiy mamlakatlarda ijtimoiy tadbirkorlikka oid munosabatlarning huquqiy tartibga solinishi natijasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ish oʻrinlarini yaratish, ijtimoiy tovar va mahsulotlarni ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish borasida samarali natijalarga erishilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida muhokama qilingan “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ham ushbu yoʻnalishdagi ishlardan biri desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda amaldagi qonunchilikda belgilangan oʻz resurslarini ijtimoiy sohaga yoʻnaltirgan korxonalarni aniqlash mezonlari, ijtimoiy sohaga investitsiya jalb qilganlik uchun taqdim etiladigan imtiyoz va preferensiyalar hisobga olindi. Oʻz navbatida, ijtimoiy korxonani aniqlash mezonlarining va ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi shakllari belgilandi.

Ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar ijtimoiy korxonalarning reyestriga kiritilgan kundan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab tatbiq etilishi va ijtimoiy korxonalarning reyestridan chiqarilgan oyning birinchi kunidan bekor qilinishi nazarda tutilgan.

Asosiy maqsadi ijtimoiy zaif qatlamni turmush darajasini yaxshilashdan iborat boʻlgan qonun .loyihasida “ijtimoiy tadbirkorlik”, “ijtimoiy korxona”, “ijtimoiy korxonalarning reyestri”, “aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari”, “ijtimoiy loyiha”, “ijtimoiy tovar”, “ijtimoiy xizmatlar”, “ijtimoiy sohadagi faoliyat” va “favqulodda holatlar” tushunchalari belgilanmoqda.

Ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslar sifatida I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, nogiron bolalar, qaramogʻida 16 yoshga toʻlmagan yoki nogironligi boʻlgan bolalari boʻlgan yolgʻiz shaxslar hamda “Mehribonlik” uylarining 30 yoshga yetmagan bitiruvchilari va jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan shaxslar belgilanmoqda.

Mamlakatimizda ijtimoiy tadbirkorlik institutini yaratish va uni rivojlantirishning ayni fursati. Zero, ijtimoiy tadbirkorlik mavjud ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi shak-shubhasiz, ijtimoiy tovar va mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatishda keng imkoniyatlar yaratadi.

Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?