Ijtimoiy tadbirkorlik va aholi bandligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi

12:08 20 Noyabr 2020 Jamiyat
161 0

OʼzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi va Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi hamkorligida “Oʻzbekistonda ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashdagi yangicha yondashuvlar” mavzusida onlayn davra suhbati tashkil etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, soha mutaxassislari, tadbirkor va ishbilarmonlar ishtirok etgan tadbirda “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi, takliflar va fikr-mulohazalar bildirildi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda aholining zaif qatlamini ijtimoiy himoyalash masalasi doim davlatimiz diqqat markazida boʻlib kelgan va bugungi kunda ham bu masalaga katta ahamiyat qaratilmoqda. Ammo bugungi davr ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarni hal etishda yangicha yondashuvlarni, xalqaro tajribalarni qoʻllagan holda nodavlat ijtimoiy himoya siyosatini rivojlantirishni yaʼni ijtimoiy tadbirkorlikni joriy etishni taqozo etmoqda. Ijtimoiy tadbirkorlik bu yuridik shaxslar yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlarning aholini muayyan ijtimoiy muammolari va ularning oqibatlarini yengillashtirish yoki hal qilishga qaratilgan faoliyat turidir.

Bunda ijtimoiy tadbirkorlik subyekti oʻz faoliyatida jamiyat manfaatini ustuvor hisoblaydi. Imkon qadar aholining zaif qatlamlarini ish bilan taʼminlash, nogironligi bor va keksa kishilar uchun maxsus mahsulotlar ishlab chiqarish yoki ularga koʻmak berish, turmush darajasini yaxshilashda faollik koʻrsatadi.

Partiya faollari ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbatida aynan shu maqsadda mazkur qonun loyihasi ishlab chiqilgani taʼkidlab oʻtildi. Ishtirokchilar tomonidan qonun loyihasida keltirilgan har bir bandlar qizgʻin muhokama qilindi. Toʻgʻri, amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq aholining ijtimoiy zaif qatlamlari uchun ish oʻrinlari yaratish, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun mahsulot va asbob-uskunalar ishlab chiqaradigan korxonalar uchun soliq va boshqa turdagi imtiyozlar belgilangan. Ammo amaldagi qonunchilikda “Ijtimoiy tadbirkorlik”ning huquqiy tushunchasi va ijtimoiy tadbirkorlikka oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish mexanizmlari aniq belgilanmagan.

Shularni hisobga olgan holda mazkur qonun loyihasida “ijtimoiy tadbirkorlik”, “ijtimoiy korxona”, “ijtimoiy korxonalarning reyestri”, “aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari”, “ijtimoiy loyiha”, “ijtimoiy tovar”, “ijtimoiy xizmatlar”, “ijtimoiy sohadagi faoliyat” va “favqulodda holatlar” kabi tushunchalar kiritilmoqda.

Eng muhimi, ijtimoiy korxonalar davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan kreditlar ajratiladi, kreditlar boʻyicha kafillik beriladi va foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar toʻlanadi.

Qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlgan bu qonun loyihasiga deputatlar va partiya faollari tomonidan qator takliflar va fikrlar bildirildi.

Davra suhbati davomida “Ijtimoiy himoya siyosatini rivojlantirish va ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarni hal etishdagi yangicha yondashuvlar”, “Ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona va ijtimoiy xizmatlarni tashkil etishda NNTlarning ishtiroki” kabi mavzularda maʼruzalar ham tinglandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?