“Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi nega yalpi majlisda oʻtmadi? — deputatlar munosabat bildirdi

19:02 07 Iyul 2021 Jamiyat
402 0

Xalq demokratik partiyasi va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyalarining jiddiy eʼtirozlari sabab “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasining kuni kecha boʻlib oʻtgan yalpi majlisi muhokamalaridan oʻtmadi va qayta ishlash uchun masʼul qoʻmitaga ravona boʻldi.

Xoʻsh, nega ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonun haqida jiddiy bu qadar eʼtirozlar yuzaga kelmoqda? Avvalo, mazkur hujjatni sinchiklab oʻqigan odam nima, mamlakatda yangi «ijtimoiy institut» paydo boʻlyaptimi, deya oʻyga toladi. Agar shunday boʻlsa, u qanday institut va uning maqsadi nima? Shu haqda deputatlarning ayrim mushohadalari...

— Gap shundaki, hujjatni oʻrganib, undan korrupsiya sari tashlanmoqchi boʻlayotgan qadamlarni kuzatish mumkin. Fikrlarni asoslashga harakat qilamiz. Avvalo, qonun loyihasida ijtimoiy tadbirkorlik tushunchasi toʻla ochib berilmagan, ijtimoiy tadbirkorning kimligi qorongʻuga tosh otgan holat singari zim-ziyo manzarani eslatadi, nomaʼlum, — dedi “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi Tavakkal Choriyev.

— Qonun loyihasining 6-moddasida aholining ijtimoiy muhtoj qatlamlariga oʻziga xos tushuncha berilgan. Yaʼni, shu toifadagilar jumlasiga tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) bozor sharoitlarida olishda yoki mehnat bozorida ish topishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan yoxud boshqalarning koʻmagiga muhtoj boʻlgan shaxslar kiritilmoqda. Mazmunga eʼtibor bersangiz, oʻziga toʻq, moddiy va moliyaviy imkoniyatlari bor “pichogʻi moy ustida”gi shaxslar ham bu toifaga kirib qolishi ehtimoli koʻproq koʻrinadi, — dedi OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi Mavjuda Hasanova. — Endi, ijtimoiy tadbirkorlik maydonga chiqib kelayotgan ekan, nega unda mazkur qonun xufyona iqtisodiyot, davlatga turli majburiyatlar qoʻyib koʻr-koʻrona xalq pulini talon-taroj qilishga yoʻl ochib berishi kerak?

— Ushbu hujjatning 16-moddasida Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash shakllari berilgan. Unga koʻra, ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, imtiyozlar va preferensiyalar berish hamda ijtimoiy loyihalarga doir xarajatlarni subsidiyalashning shakllari belgilab qoʻyilgan, — dedi «Adolat» SDP fraksiyasi aʼzosi Maqsud Qurbonboyev. — Ana xalos! Shu joyda kimdir ijtimoiy tadbirkorlikni niqob qilib, moʻmay daromad ilinjida davlat gardaniga turli majburiyatlarni ilib qoʻymayaptimi, degan savol tugʻiladi. Bizningcha, bu normani ijtimoiy tadbirkorlik qanday boʻlishini tushunmaganlar, anglasa-da atay shu yoʻlni lozim topganlar yozgan koʻrinadi.

— Xoʻsh, oddiy tadbirkor bilan ijtimoiy tadbirkorning bir-biridan farqi farqi bormi? Axir mamlakatimizda kichik biznesga yaratilgan qulay sharoit bois, yangilikka intilayotgan tadbirkorlarimizning oʻzi minglab ish oʻrinlari yaratib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini shusiz ham qoʻllab-quvvatlab kelmayaptimi? Kelyapti. Ularni esa, Prezident, davlat qoʻllamoqda, — dedi OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi Dilbar Mamajonova. — Tizim bor, u ishlayapti. Shunday ekan, mazkur qonunni qabul qilishga ne hojat? Yuqorida qonun loyihasidan korrupsiyaning hidi kelmoqda, degan mulohazaga bordik. Buning sababi shundaki, hujjatda ijtimoiy tadbirkor nazarda tutilmasa-da, lekin ijtimoiy korxona paydo boʻlib qolyapti. Qani, bu yerda mantiq? Ha, nima emish, odamlarni emas, davlat ijtimoiy korxonani qoʻllab-quvvatlaydi, unga imtiyoz va preferensiyalar beradi hamda subsidiyalaydi va hokazo... Subsidiya — bu xalqning davlat byudjetidagi ulushidan tekinga ajratiladigan mablagʻ-ku!

— Kimdir, yaxshi boyvachcha ham talabgor boʻlib ijtimoiy korxona ochadi. Oddiy, arzon kuchlarni ishlatadi, davlatdan subsidiya oladi, katta imtiyozlarga ega boʻladi, Davlat esa, mamlakatni rivojlantirishga yoʻnaltiriladigan mablagʻni qaysidir korchalonning qoʻltigʻiga qistirib yuboraveradi, shundaymi? Yoʻq, bizningcha, — dedi “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi Gulrux Agzamova. — Davlat mablagʻini oʻzlashtirish bu korrupsiyalashgan muhitni yuzaga keltirish degani. Yaʼni, ijtimoiy yordamga muhtojlarga xizmat koʻrsatishni bahona qilib, oʻz manfaatlari yoʻlida moddiy boylik orttirishga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Chunki, loyihaning 16- moddasiga muvofiq qonun oʻtib ketsa, ijtimoiy tadbirkorlik subyektlari imtiyozlarni talab qilishga haqli boʻlib qoladi. Bu kelgusida ijtimoiy tadbirkor bilan davlat oʻrtasida asossiz nizolarning yuzaga kelishiga sabab boʻlib qolishi mumkin.

— Yana bir jihat. Qonun loyihasida ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatining turlari ham keng berilgan. Yaʼni, ilm-fan sohasidagi har qanday faoliyat (kutubxona, arxiv, muzeylar, madaniyat tashkilotlarining boshqa faoliyat turlari), taʼlimga oid xizmatlar, bunday faoliyatni turlari sifatida belgilanmoqda. Xulosa: bu ham ayyorona yondashuv boʻlib, har qanday davlat tashkilotining faoliyatini ijtimoiy tadbirkorlik deb baholashga olib keladi, — deya oʻz fikrini bildirdi OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi Sherzod Rahmonov.

— Ijtimoiy tadbirkor tushunchasi ochiqlanmagan qonun loyihasida ijtimoiy natija toʻgʻrisida umuman gap yoʻq. Faqat davlatdan mablagʻ olishga qaratilgan hujjatda ijtimoiy tadbirkor qanday maqom olishi koʻrsatilmagan. Uni kim va qanday sharoitda reyestrdan oʻtkazadi, faoliyatini qanday yuritadi. Shunday gʻaliz jumlalar koʻpki, ularni magʻzini chaqquncha bir odamning qora sochi oqarib, hatto toʻkilib ham ketadi, — dedi “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi Inomjon Qudratov.

Umuman olganda, ijtimoiy tadbirkorlik ijtimoiy muammoni hal etishga qaratilgan boʻlishi kerakmasmi? Qonun loyihasida-chi? Hammasi chalkashtirib tashlangan. Daʼvolar koʻp, yechimning qulogʻi ham koʻrinmaydi. Boʻri quyonni mudom quvib yurganday, siz ham kalavani uchini topolmay allaqanday changalzorda adashib yuravayerasiz, bu qonun loyihasiga nazar solsangiz.

Xulosa oʻrnida: Oʻzbekistonda keng miqyosdagi insonparvarlik siyosati olib borilmoqda. Aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida Prezidentimizning bir qator Farmon va qarorlari qabul qilingan. Shular asosida koʻngli kemtik hamyurtlarimiz qalbiga yoʻl topilmoqda. Birigina misol: 2020-yilning bahorida ramazon hayiti munosabati bilan kam taʼminlangan oilalarning har biriga bir million soʻmdan mablagʻ ajratildi. Respublika boʻylab xalq qabulxonalari tashkil etildiki, ular aholi uchun ochiq muloqot maydoni. Har qanday murojaat ushbu manzillarda koʻrib chiqilmoqda.

Inson qadri oliy darajaga koʻtarilgan jamiyat uchun kimlarningdir manfaatiga xizmat qilishiga qaratilgan ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunning qabul qilinishiga zarurat bormikan? Xulosa sizdan, aziz oʻquvchi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?