Ijro organi rahbarlari va mahalliy deputatlar dunyoqarashini oʻzgartirishi kerak — Prezident

13:29 18 Iyun 2021 Siyosat
808 0

Andijon shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, davlat idoralari rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari, jamoatchilik faollari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatining bugungi holatiga baho berib, uni har tomonlama rivojlantirish vazifalari haqida soʻzladi.

- Andijonga kelishimizdan maqsad - odamlarning dardini tahlil qilib, aniq rejalarni belgilash, aholi jon boshiga daromadni oshirish, mahallalarda sharoitni yaxshilash. Hamma natijalarga tanqidiy qarashimiz kerak. Andijonning birini ikki qilish uchun yana qanday “oʻsish nuqtalari” bor, odamlarni qiynayotgan nima muammolar bor, deb savol qoʻyib, ularga chora topish zarur. Buning uchun ijro organi rahbarlari va mahalliy deputatlar dunyoqarashini oʻzgartirishi kerak. Agar ular dunyoqarashini oʻzgartirib, fidoyi boʻlib ishlasa, hamma soha oʻzgaradi, - dedi Prezident.

Iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, ish oʻrinlari tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Andijon viloyatida 882 ta mahalladagi imkoniyatlar oʻrganilgani, aholining azaldan shakllangan koʻnikmalaridan kelib chiqib, eng samarali “oʻsish nuqta”lari sifatida – hunarmandchilik, tomorqa va issiqxona xoʻjaligi, bogʻdorchilik, gulchilik, parrandachilik kabi yoʻnalishlar belgilangani qayd etildi. Har bir mahallaga salohiyatli tadbirkorlar biriktiriladi, zarur mablagʻlar yoʻnaltiriladi.

Joriy yilda viloyatda oʻrta va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash hamda investitsiya loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan qoʻshimcha ravishda 100 million dollar ajratilishi maʼlum qilindi.

2021-2022-yillarda viloyatda umumiy qiymati qariyb 20 trillion soʻm boʻlgan 584 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 60 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi. Bunda toʻqimachilik, qurilish materiallari, elektr texnikasi, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalari “drayver” boʻladi.

Bu yilning oʻzida Asaka tumanidagi “Asaka tekstil” hamda Jalaquduq tumanidagi “Zumrad tekstil” korxonalarida yangi quvvatlar, Xoʻjaobod tumanida sement zavodi va qurilish materiallari klasteri, “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasida shpris korxonasi ishga tushiriladi.

Qishloq xoʻjaligidagi vazifalar ham koʻrsatib oʻtildi. Gʻalladan boʻshaydigan 70 ming gektar maydonni ikkilamchi ijaraga berish orqali 220 ming ishsiz aholi bandligini taʼminlash mumkin.

Davlatimiz rahbari gulchilik salohiyatiga alohida eʼtibor qaratdi.

Hisob-kitoblarga koʻra, 10 sotix yerga ekilgan orxideya guli 850 million soʻmgacha, liliya 450 million soʻmgacha, pion 320 million soʻmgacha daromad olish imkonini beradi.

Shu bois Andijon tumanidagi “Andijon gullar bogʻi” korxonasini klasterga aylantirib, 30 gektar yerda gul va manzarali koʻchatlar yetishtiriladigan bogʻ barpo etish, Shahrixon tumanidagi kasb-hunarga oʻqitish markazida Gulchilik maktabi ochish boʻyicha topshiriq berildi. Bu yoʻnalishda issiqxonalar tashkil etish, tomorqalarda gul yetishtirishni qoʻllab-quvvatlash zarurligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?