Ijaraga olingan uyda narkolaboratoriya tashkil qilgan 26 va 19 yoshli fuqarolar qoʻlga olindi (+video)

15:26 14 Dekabr 2025 Jamiyat
527 0

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullangan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Maʼlum boʻlishicha, Yashnobod tumanida yashovchi, 1999-yilda tugʻilgan, muqaddam Jinoyat Kodeksining 276-moddasi bilan sudlangan shaxs va Toshkent viloyatining Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 2006-yilda tugʻilgan fuqaro qoʻlga olinib, ulardan 507 dona “Pregabalin” va 52 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxslar tomonidan ijaraga olingan xonadon xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, ular ushbu manzilda narkolaboratoriya tashkil etganliklari aniqlangan va 4 kg 326 gr kukun koʻrinishidagi “Pregabalin” moddasi, 200 gr “Tropikamid” va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni tayyorlashda foydalaniladigan 71 kg kimyoviy moddalar, shuningdek, ularni qadoqlash uchun kerak boʻladigan flakon va kapsulalar hujjatlashtirilgan.

Ushbu yoshlar narkolaboratoriya tashkil etishlari bilanoq qoʻlga olinib, sotish maqsadida qoʻlbola usulda tayyorlagan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni lokatsiyalar orqali mijozlarga tarqatishga ulgurmagan. Bu bilan 208 ming dona bir marotabalik dozani aholi orasida tarqatilishining oldi olingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251¹-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Shu kabi yana bir holatda esa Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Tojikiston Respublikasidan olib kelingan juda koʻp miqdorda giyohvandlik vositasi toʻxtatib qolingan.

Xususan, Termiz tumanida yashovchi, 1968-yilda tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi “Bekobod-avto” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida tekshiriladi.

Oʻtkazilgan tekshiruv davomida avtomashinaning yoqilgʻi baki ichiga ustomonlik bilan yashirib qoʻyilgan jami 30 kg.dan ortiq “opiy” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?