Ijaraga berilgan yaylovlar uchun belgilangan yer soligʻi stavkasi 50 foizga kamaytiriladi

15:40 22 Fevral 2021 Iqtisodiyot
282 0

Qorakoʻlchilik eksport va investitsiyalar nuqtayi nazaridan juda salohiyatli soha hisoblanadi. Shu sababli mamlakatimizda oʻzbek qorakoʻli brendini yaratish va dunyo miqyosida targʻib qilishga katta eʼtibor qaratilyapti. Zero, qorakoʻlchilikning oʻziga xos tarixi bor, bu serdaromad soha.

Nega desangiz, qorakoʻl qoʻylaridan olinadigan teri qadimdan qadrlangan. Yurtimizda ham qimmatbaho terilardan tikilgan bosh kiyimlar mashhur boʻlgan. Chunki qorakoʻl qoʻylaridan qimmatbaho moʻynadan tashqari, goʻsht, sut, jun kabi mahsulotlar ham olinadiki, bularning barchasi katta daromad keltiruvchi manbalardir.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda mayda shoxli nasldor mollarni koʻpaytirishga alohida eʼtibor berilayotganiga qaramay, mavjud yaylovlar hosildorligini oshirish, urugʻchilik maydonlarini kengaytirish, sohada eksportbop qorakoʻl va qorakoʻlcha teri yetishtirish ahvoli bugungi kun talabiga javob bermaydi.

Davlatimiz rahbarining “Qorakoʻlchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan sohadagi koʻplab muammolar oʻz yechimini topayotgani ahamiyatlidir.

Unga binoan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2021-yil 1-martga qadar qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan sugʻoriladigan yerlarni foydalanishga kiritish sharti bilan qorakoʻlchilik klasterlariga ozuqa uchun yer maydonlari ajratiladi. Bu juda toʻgʻri qaror boʻlib, nasl koʻrsatkichlarini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlashda yaxshi samara beradi.

Mazkur hujjatda qorakoʻlchilikka ixtisoslashgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalasi ham nazarda tutilayotgani qorakoʻlchilik tarmogʻini rivojlantirishga tashlagan muhim qadamdir. Masalan, joriy yilning 15-fevraliga qadar Moliya vazirligining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlari hisobidan 100 milliard soʻm mablagʻ «Turonbank» ATBga Markaziy bank asosiy stavkasida ajratilishi belgilandi.

Bank bu mablagʻni “Qorakoʻlchilik” uyushmasi aʼzolariga 3 yil muddatgacha, yaʼni bir yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasiga 2 foiz bank marjasini qoʻshish orqali hisoblanadigan stavka boʻyicha kredit sifatida taqdim etishi eksportbop qorakoʻl va qorakoʻlcha terini qayta ishlashda kutilgan natija berishi aniq.

Yana bir muhim yangilik — 2024-yil 1-yanvarga qadar Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasining doimiy egaligidagi yaylovlar hamda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan Qoʻmitaga ijaraga berilgan yaylovlar uchun belgilangan yer soligʻi stavkasi 50 foizga kamaytiriladi. Bu degani qorakoʻlchilik klasterlari oʻzlariga ajratilgan yaylovlar uchun belgilangan yer soligʻining faqat yarmini toʻlaydi, xolos.

Qarorda nasldor qoʻy va echkining, shu jumladan, qorakoʻl zotli qoʻylarning xorijiy davlatlardan import qilingan har bir embrioniga Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan 400 ming soʻm miqdorida subsidiya taqdim etilishi ham koʻzda tutilgan. Shuningdek, 2021-yil 1-apreldan boshlab Uyushma aʼzolariga oʻzlari tomonidan import qilingan qoʻy bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom goʻsht koʻrinishida eksport qilishga ruxsat etilyapti.

Mamlakatimiz rahbarining ushbu qaroriga muvofiq, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Markazlashgan ilmiy-naslchilik tajriba laboratoriyasini tashkil etish ham belgilandi.

Endilikda naslchilik laboratoriyasi sohada mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida tabiiy serpushtlikka, yuqori hayotchanlik va moslashish xususiyatiga ega boʻlgan qoʻsh mahsuldor yangi qoʻy zotlarini yaratishning laborator tajribalarini olib borish, shuningdek, ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarida yuqori nasldor elita sinfiga mansub naslli qoʻylar otarlarini ilmiy asosda tashkil etish va sunʼiy urugʻlantirish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish bilan shugʻullanadi.

Xulosa qilib aytganda, qorakoʻlchilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, yaylovlardan samarali foydalanish va yaylovlardan foydalanishda soliq imtiyozlarini qoʻllash bugungi kunda dolzarb vazifalardan sanaladi. Mazkur qaror qorakoʻlchilikni rivojlantirish yoʻlida muhim huquqiy asos boʻlishi bilan birga, joylarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilishiga ishonaman.

Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?