IT-bilimlarni rivojlantirish markazi tashkil etiladi

21:15 10 Sentyabr 2021 Siyosat
896 0

Illyustrativ foto

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida IT sohasida kadrlar tayyorlash, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida taʼlim sifatini yuksaltirish boʻyicha muhim vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida yoshlarni oʻqitish boʻyicha davlat-xususiy sheriklik asosida yangicha tizim joriy etilishi taʼkidlandi.

Buning uchun Aloqabank tomonidan ustavi 80 milliard soʻm boʻlgan Venchur jamgʻarmasi va IT-bilimlarni rivojlantirish markazi tashkil etiladi. Ushbu markazda kelgusi besh yilda 100 ming nafar yoshga dasturiy taʼminot, mobil ilovalar, tarmoq administratori kabi yoʻnalishlar boʻyicha professional taʼlim beriladi.

Bundan tashqari, hozirda 151 ta raqamli texnologiyalar oʻquv markazi faoliyat yuritib, ularda joriy yilda 27 mingdan ortiq tinglovchilar oʻqitilmoqda. Bu markazlarda tahsil olgan 10 ming bitiruvchi frilans yoʻnalishida, 500 ga yaqin yoshlar startap jamoalarda yangi loyihalarni amalga oshirmoqda.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga kelgusida ushbu markazlar faoliyatini takomillashtirib, turli kasb ehtiyojlari uchun IT-koʻnikmalar beradigan maskanga aylanishtirish topshirigʻini berdi.

Masalan, ularda oʻqituvchilar uchun “elektron taʼlim”, loyihachilarga “raqamli qurilish”, fermerlarga “aqlli qishloq xoʻjaligi” kabi dasturlarda ishlash boʻyicha zarur koʻnikmalar beriladi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda ushbu markazlarda kasb yoʻnalishlariga mos IT-taʼlim konsepsiyasini ishlab chiqish, 1-noyabrga qadar qoʻshimcha 54 ta raqamli texnologiyalar markazini tashkil etish topshirildi.

Bunda kelgusi yildan boshlab markazlar faoliyatini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish koʻzda tutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?