Istiqbolli biotexnologik tadqiqotlar maydoni

16:31 18 Oktyabr 2022 Jamiyat
323 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun insoniyat sunʼiy hid, taʼm va rang kuchaytirgichlardan iborat isteʼmol tovarlaridan voz kechib, tabiiy, ekologik jihatdan sof oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarga talab bildirayotgani fan va texnologiya xodimlarini jiddiy oʻzgarishlar yasashga undamoqda. Namangan davlat universitetining Biotexnologiya fakulteti olimlari tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning aksariyati ayni maqsadga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli.

Fakultetdagi oltmishdan ziyod professor-oʻqituvchilar keyingi paytlarda 30 dan ortiq mavzudagi izlanishlar doirasida fan va ishlab chiqarishning yangi qirralari ustida ish olib borishmoqda. Bu yerdagi uchta laboratoriya va sexlar USAIDning 30 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablagʻlari evaziga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifati va xavfsizligini nazorat qilish imkonini beruvchi zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan.

Fakultetda oʻz natijasini bergan tadqiqotlar haqida gap ketganda,birinchi navbatda noanʼanaviy xom ashyo va sabzavotlardan sukat tayyorlash texnologiyasi ishlab chiqish texnologiyasining oʻzlashtirilgani alohida tilga olinadi. Bu borada Innovatsion rivojlanish vazirligining 400 million soʻmlik loyihasi amalga oshirilayotir. Eʼtiborli jihati, ushbu yumushlarga talabalar ham jalb etilgan boʻlib, ularning 30 nafari maosh olgan holda faoliyat yurityaptilar. Sexlarning birida tayyorlanayotgan sukatga xom ashyo sifatida qovun hamda tarvuz poʻchoqlari, sabzi, oshqovoq va qizilcha singari neʼmatlar tanlab olingan.

Taʼkidlash muhimki, oliygohda yaratilgan sukatlar yuz foiz tabiiyligi bilan anʼanaviy mahsulotdan farqlanib turadi. Arzon, vitamin va minerallarga boyligi esa bugungi kunda keng tarqalgan kaloriyasi yuqori, kimyoviy kuchaytirgichli turdoshlarini isteʼmol bozoridan surib chiqarishga xizmat qiladi. Shu boisdan ham unga nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham talab yuqori. Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklariga yuborilgan mahsulot namunalariga katta qiziqish bildirilayotgani fikrimiz tasdigʻidir.

Biotexnologiya fakulteti qoshida tashkil etilgan yana bir sexda USAIDning “Mahalliy oqsilga boy hayvon ikkilamchi xom ashyolaridan baliq ozuqasi ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish” loyihasi amalga oshirilyapti. Mazkur sexda ham hozirda 32 nafar talaba mehnat qilayotir.

— Biz bu loyihani amalga oshirish jarayonida ikkilamchi xom ashyo sifatida hayvon terisidan foydalanyapmiz, — deydi fakultet dekani Shuhratjon Ataxanov. — Uni oʻzgacha usul - issiqlik ishlovi bermasdan kukun holiga keltirish texnologiyasini ishlab chiqdik. Shuningdek, mahalliy mahsulotlardan mayda gurunch, soya kunjarasidan ham foydalanib, proteinga boy baliq ozuqasini yaratdik. Hozirgi kunda bu singari ozuqaning bir kilogrammi mamlakatimizga xorijdan 20-30 ming soʻmdan olib kelinadi. Biz yaratgan va ishlab chiqarayotgan ozuqa esa oʻrtacha 5-8 ming soʻmga tayyor holga keladi. Endilikda baliq ozuqasini 5-6 soat davomida suv yuzasida muallaq turishini taʼminlash ustida tadqiqot oʻtkazyapmiz. Yangilikning afzalligi shundaki, ozuqa suv yuzasida qancha uzoq tursa, uning oʻzlashtirilish darajasi yuqori boʻladi..

Bugungi kunda istiqbolli tadqiqotlar maydoniga aylangan fakultet jamoasining reja-maqsadlari bisyor. Xususan, 2023-yilda Innovatsion rivojlanish vazirligining 800 million soʻm mablagʻlari hisobiga un mahsulotini yod va temir moddasi bilan boyitish loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, kelgusida Jahon bankining «Akvakultura oʻquv trenajori laboratoriyasini tashkil etish» boʻyicha qiymati 200 ming AQSH dollari boʻlgan loyiha ijrosiga kirishish moʻljallangan.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?