Isteʼmolchilarga “aqlli gaz hisoblagichlar”ni oʻrnatish, yechish, tekshirish va taʼmirlash bepul boʻladi

17:50 15 Oktyabr 2020 Jamiyat
412 0

Bugun AOKAda «Hududgaztaʼminot» AJ hamda “Texnopark” MCHJ mutasaddilari ishtirokida "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorida belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosiga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.

Qayd etilishicha, bugun Oʻzbekistonda gaz yetkazib berishning yangi tizimi joriy etilmoqda. Bu borada mamlakatda oʻtgan 10 yilda bir-necha bor harakatlar kuzatilgan, lekin aniq tizimni yoʻlga qoʻyishga erishilmagan. Bundan esa taʼminotchi ham, aholi ham birdek aziyat chekdi. Ushbu tizim tabiiy gazni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi (ASKUG) deb nomlanadi va “online” tartibda ishlaydi.

Umuman, ASKUG tizimini Oʻzbekistonda joriy etish vaqt va zamon talabi edi. Bunga sabab, maishiy sektorida bugungi kunda gaz isteʼmolchilarining oʻrtacha 70 foizida gaz hisoblagichlari oʻrnatilganidir. Ularning aksariyati 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlatilgani, maʼnan va jismonan eskirgani sababli hisoblashdagi xatoliklar ruxsat etilgan koʻrsatgichlardan oshib ketadi.

Albatta, ASKUG tizimini joriy etish zarurati, eng avvalo, mamlakatda gaz isteʼmoli va hisobga olishni nazorat qiluvchi zamonaviy maʼlumotlarni yigʻish boshqaruv tizimining yoʻqligidan kelib chiqmoqda. Shu sababli, gaz taʼminotchisi va energiya majmuining yana bir qator tuzilmalari yuzlab milliard soʻmlarni yoʻqotmoqda.

Bundan tashqari, bir hudud miqyosida gaz uchun debitorlik qarzlarni hisoblab chiqishda, aholi, yoqilgʻi quyish shoxobchalari, issiqxonalar, gʻisht zavodlari va shu kabi barcha toifadagi isteʼmolchilarning haqiqiy gaz isteʼmoli sarfi hajmini aniqlash uchun aniq mexanizmlar zarur. Shuningdek bu, oddiy aholining baʼzi vijdonsiz hamda qonunbuzar tadbirkorlar tomonidan oʻgʻirlangan gaz uchun yoki gaz taʼminoti korxonasi tomonidan inson omili sababli yuzaga keluvchi xatoliklar uchun pul toʻlamasliklari uchun ham oʻta muhimdir.

Tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini tatbiq etish orqali tizimda qarzdorlik bilan bogʻliq muammo va uzilishlar vujudga kelishining oldini olish, yoʻqotishlarni kamaytirish hamda gazdan noqonuniy foydalanish holatlari toʻgʻrisida taʼminotchini ogohlantirishga erishiladi.

ASKUG tizimini mamlakatimizda joriy etish bilan bogʻliq ishlar «Hududgaztaʼminot» AJ zimmasiga yuklatilgan. Bu jarayonni, yaʼni gaz hisoblagichlarini oʻrnatish, maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va uzatish, aloqa liniyalarini yotqizish, kerakli telekommunikatsiya moslamalarini oʻrnatish ishlarini 2021-yil oxiriga qadar yakunlanish kerak. Bu borada 2020-yil 24-sentyabrdagi PQ-4840-sonli Prezident Qarorida aniq topshiriqlar berilgan va ularni sifatli bajarish maqsadida, barcha tuman hamda shaharlar eng avvalo, “qizil”, “sariq”, “yashil” hududlarga ajratilgan holda ishlar tashkil etiladi.

Mazkur ishlar pirovardida, gaz isteʼmolida yuqori aniqlikka erishiladi. Tizimning yana bir afzalligi, uni aholi mobil telefoni orqali nazorat qilishi mumkinligida koʻzda tashlanadi. Yaʼni qancha gaz sarflayotgani, qancha pul toʻlayotganini koʻrib turadi. Albatta, toʻlovlarni mobil telefon orqali amalga oshirsa ham boʻladi. Oldingi hisobdonlarimiz har 4 yilda davlat koʻrigidan oʻtkazilar va bu isteʼmolchilar uchun ortiqcha xarajat, ortiqcha tashvish edi. Yangi hisobdonlar 10 yilda 1-marta davlat koʻrigidan oʻtkaziladi va bu jarayon taʼminotchi tomonidan bepul amalga oshirilmoqda.

Loyihani amalga oshirishdan avval tajriba-sinovlar oʻtkazildi. Tajriba shaffofligini taʼminlash maqsadida, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning gaz hisoblagichlaridan, shuningdek, hisoblagich uskunalari bozorida yetakchi boʻlgan xalqaro savdo belgili kompaniya mahsulotlaridan foydalanildi. Oʻtkazilgan tender bilan bogʻliq barcha maʼlumotlar exarid.uzex.uz saytida mavjud. Barcha hujjatlar loyiha ekspertizalaridan oʻtkazildi.

“Aqlli hisoblagichlar” barcha toifadagi isteʼmolchilarga «Hududgaztaʼminot» AJ hisobidan, yaʼni bepul oʻrnatib beriladi. Jumladan, «Hududgaztaʼminot» AJning oʻz mablagʻlari shuningdek, kredit mablagʻlari hisobidan amalga oshirilib, oʻz navbatida jalb qilingan kredit mablagʻlari uchun foiz toʻlovlari «Hududgaztaʼminot» AJ tomonidan qoplanishi rejalashtirilgan.

Bu degani, hisoblagichlar Jamiyatning hududiy boʻlinmalari mulki hisoblanadi. Endi isteʼmolchilar gaz korxonasining ogohlantirishini kutishlari, Davlat xizmatlari markazi va Yagona portalga murojaat qilishlariga hojat qolmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, gaz hisoblagichlariga barcha xizmat koʻrsatish va bu bilan bogʻliq xarajatlar (oʻrnatish, yechish, tekshirish va taʼmirlash) gaz taʼminoti korxonasi tomonidan amalga oshiriladi, isteʼmolchi esa faqat hisoblagichni soz holda saqlash uchun masʼul boʻladi xolos.

Elektron gaz hisoblagichlar Toshkent shahar hokimligi taʼsischiligida tashkil etilgan “Texnopark” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilmoqda. 2020-yil fevral oyida yillik ishlab chiqarish quvvati 3 mln. dona boʻlgan “Elektron gaz hisoblagichlar ishlab chiqarish” loyihasi ishga tushirilgan.

“Texnopark” MCHJ elektron gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish maqsadida Yevropa va Osiyo bozorida 80 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan Italiyaning “Pietro Fiorentini S.p.a.” kompaniyasi bilan jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

Bugungi kunga qadar Yevropa, Janubiy Amerika, Osiyo mamlakatlari, Ukraina kabi va boshqa davlatlarda “Pietro Fiorentini S.p.a.” kompaniyasining 6 milliondan ortiq EGHUlari isteʼmolchilarga oʻrnatilgan boʻlib, “Texnopark” MCHJ tomonidan ham ayni shunday EGHUlar ishlab chiqarilmoqda.

Ishlab chiqarish jarayoni “Pietro Fiorentini S.p.a.” kompaniyasining ilgʻor texnologiyasiga asoslanganligi natijasida “Texnopark” MCHJ aniqlik sinfi “1” ga teng boʻlgan EGHU ishlab chiqarilishiga erishgan.

Gaz hisoblagichlar bilan bogʻliq muammolar boʻlsa, «Hududgaztaʼminot» AJga yoki “Texnopark” MCHJning Respublika hududlarida tashkil etilgan Servis Markazlarining (71) 210-70-70 raqamiga qoʻngʻiroq qilishingiz mumkin. Kelib tushgan murojaatlar mutaxassislar tomonidan joyiga borgan holda muammolarni oʻrganib chiqishadi va muammoni bartaraf etish uchun oʻz vakolatlari doirasida faoliyat yuritishadi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?