Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish: muammo va yechimlar

Foto: Arxiv surat
Bugungi kunda butun dunyoda Isteʼmolchilar huquqlari kuni keng nishonlanadi. Mazkur sana jahonning 130 dan ziyod davlatida 1983-yildan beri u yoki bu shaklda bayram qilinadi. Xususan, Oʻzbekistonda ham bir necha oʻn yillardan beri 15-mart sanasi bilan bogʻliq turli tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.
Bu kun dastlab Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarafidan 1983-yil taʼsis etilgan boʻlib, 1985-yil 9-aprel kuni BMT Bosh Assambleyasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish prinsiplarini qonunan mustahkamlab qoʻygan.
Xabaringiz bor, har yili bu kun jahon miqyosida aynan bir shior ostida oʻtkaziladi. 2023-yil Butunjahon isteʼmolchilar huquqlari kuniga atab uyushtiriladigan barcha tadbirlar “Toza energiyaga oʻtish orqali isteʼmolchilarning imkoniyatlarini kengaytirish” shiori ostida nishonlanadigan boʻldi.
Aytish joizki, Butunjahon isteʼmolchilar huquqlari kunining tarixiy ildizi AQSH Prezidenti Jon Kennedining 1962-yil 15-mart kuni mamlakat Kongressida soʻzlagan nutqiga borib taqaladi.
Oʻsha kuni Jon Kennedi dunyo boʻyicha ilk marotaba “isteʼmolchi huquqlari” iborasini yuksak darajada qoʻllagan edi. Uning nutqida isteʼmolchilarning toʻrtta ustuvor huquqlari koʻrsatib berilgan. Bular:
axborot olish huquqi;
xavfsizlik huquqi;
tanlov huquqi;
eshitilish huquqi.
Keyinchalik bu ustuvor huquqlar dunyoning aksariyat davlatlari, xususan, mamlakatimizda ham isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik asosini tashkil qildi.
Yana kun tarixiga qaytadigan boʻlsak, 1960-yili dunyoda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga bel bogʻlagan nodavlat tashkilot – Xalqaro isteʼmolchilar uyushmasi (Consumers International) tuzilgan. Oltmish yildan ziyod vaqt mobaynida faoliyat koʻrsatayotgan bu tashkilotga bugun dunyoning 100 dan ziyod mamlakatlaridagi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq ikki yuzdan ortiq jamoat va davlat tuzilmalari aʼzo hisoblanadi.Uyushma tamoyillari esa quyidagilardan iboratdir:
axborot olish huquqi;
xavfsizlik huquqi;
tanlov huquqi;
eshitilish huquqi;
zararlarning qoplanishi huquqi;
sogʻlom atrof tabiiy muhitga egalik huquqi;
isteʼmolchilik madaniyati huquqi;
birlamchi ehtiyojlarni qondirish huquqi.
Mazkur uyushma isteʼmolchilar huquqlarini YUNESKO va BMT darajasida himoya qiladi, fuqarolarga isteʼmolchilik sohasi boʻyicha taʼlim beradi va huquqiy yordam koʻrsatadi.
Mamlakatimizda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida ham koʻplab islohotlar amalga oshirilmoqda. Asosiy Qomusimiz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham iqtisodiy faoliyatda Davlat isteʼmolchilarning huquqi ustunligini hisobga olishi kafolatlangan boʻlib, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga oid yaxlit qonun 1996-yilning 26-aprelida qabul qilingan.
Zamon rivojlanishi sari yangi ish, xizmat va tovarlarning yangi turlari paydo boʻlishi bilan isteʼmolchilarning turli sohalarda huquqlarini himoya qilishni va qonunchilikni mos ravishda takomillashtirib borishni taqozo etadi.
Shu asosda, milliy qonunchiligimiz xalqqa xizmat qiladigan holda yildan-yilga mukammallashtirib borildi.
Xususan, oʻtgan yilda Qonunga isteʼmolchi va sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ish va xizmat koʻrsatuvchi) oʻrtasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning yangicha mexanizmlari, shartnomaviy munosabatlarda isteʼmolchiga oʻzining qonunchilikda belgilangan talablarini qanoatlantirishda ustuvor huquq berilishi, ishlab chiqaruvchi haqidagi, savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari va umuman, tovar toʻgʻrisidagi axborotni isteʼmolchilarga davlat tilida yetkazilishi va shartnomaga isteʼmolchining qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan shartlarni kiritishga yoʻl qoʻyilmasligi kabi talablar kiritildi.
Shuningdek, tovarlarni axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda isteʼmolchilarning huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik va oldini olish maqsadida, ushbu munosabatlarni tartibga soluvchi talablar alohida yangi modda sifatida qonunda mustahkamlab berildi.
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini olib borish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-sentyabrdagi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzurida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tuzildi.
Farmon bilan uning asosiy vazifalari belgilab berildi. Xususan, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda amaliy ijrosini taʼminlash, isteʼmolchilarning tovarlar (ishlar, xizmatlar), ularning ishlab chiqaruvchisi, ijrochisi va sotuvchisi toʻgʻrisidagi haqqoniy va toʻliq maʼlumotlarni, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda olish imkoniyatlarini taʼminlash, aholining isteʼmolchilik bilimi va savodxonligini oshirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, isteʼmolchilarga ularning huquq hamda manfaatlarini himoya qilishda yordam koʻrsatish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish sohasida hamkorlik qilish uning eng prinsipial vazifalari etib belgilandi.
Qolaversa, oʻtgan davr mobaynida Agentlik tomonidan isteʼmolchilar huquqi buzilishi sabablarini tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda isteʼmolchilar huquqi buzilishi holatlarining oldini olish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, tadbirkorlik va isteʼmolchilik madaniyatini takomillashtirish, reklama sohasida nohalol raqobatga hamda notoʻgʻri reklamaning yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida reklama bozorini tartibga solish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha ham bir qator ishlar qilindi.
Shu bilan birga, Agentlik isteʼmol bozorini, davlat tomonidan narx-navosi tartibga solinadigan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) narxlarning dinamikasi va narx shakllanishi mexanizmlarini oʻrganish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish masalalari boʻyicha xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish borasida ham qator amaliy ishlarga qoʻl urdi.
Bularning samarasi oʻlaroq, birgina 2022-yilda qayd etilgan quyidagi fakt va raqamlarga murojaat qilish kifoya:
Aholining isteʼmolchilik bilimi va savodxonligini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida turli mavzularda jami 4 ming 286 ta material va huquqiy axborotlar (shundan, televideniyeda 540 ta lavha, radiokanallarda 282 ta eshittirish, bosma nashrlarda 145 ta maqola, elektron axborot vositalarida esa 3 ming 319 ta material joylashtirildi) berilgan;
yoshlar oʻrtasida huquqiy bilimdonlikni kuchaytirish, ularning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi faolliklarini yanada oshirish maqsadida respublika miqyosida oʻquvchilar oʻrtasida “Moliyaviy savodxon yosh isteʼmolchi” bilimlar tanlovi onlayn olimpiadasi oʻtkazilgan;
joylarda 30 mingga yaqin isteʼmolchilar, shu jumladan yoshlar ishtirokida 541 ta turli tadbirlar tashkil qilingan;
isteʼmolchilarning uy-joy kommunal, transport xizmatlari, savdo va umumiy ovqatlanish, aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar, reklama munosabatlari va boshqa masalalardagi 25 ming 644 ta murojaatlari koʻrib chiqilib, ularning 81 foizi isteʼmolchilar foydasiga qanoatlantirilishi taʼminlangan. Birgina, isteʼmolchilarga nuqsonli tovarlar sotilishi boʻyicha kelib tushgan murojaatlarni oʻrganib chiqish natijasida 15645 ta mahsulotda jami 4,5 mlrd soʻmlik nuqsonlar aniqlangan. Shundan, 675 ta mahsulotdagi 1,7 mlrd soʻmlik nuqsonlar sotuvchi tomonidan bartaraf etilgan va 3,8 mlrd soʻmlik jami 14970 ta nuqsonli mahsulotlar sotuvchi tomonidan almashtirib berilgan.
isteʼmolchilarning nomuayyan doirasi huquqlarni himoya qilish boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganishlarga asosan, jami 3 mln. 259 ming nafar isteʼmolchiga 75 mlrd. 600,6 million soʻm zarar yetkazilganligi aniqlanib, 2 mln. 133 ming nafar aholining qonuniy huquqi tiklangan;
ichki bozorlarda sifatsiz va normativ-hujjatlar talablariga javob bermaydigan mahsulotlardan isteʼmolchilarni himoya qilish maqsadida chakana savdo obyektlarida 242 nomdagi (50 turdagi) mahsulotlarning nazorat xaridi amalga oshirilgan, 51 nomdagi (12 turdagi) mahsulotlar belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan va tegishli choralar koʻrilgan;
reklamalarning joylashtirilishi va tarqatilishi boʻyicha oʻtkazilgan 66 ming 303 ta monitoringda, jumladan, televideniyeda 573 ta, radioda 214 ta, tashqi reklama vositalarida 51 mingta, bosma nashrlarda 678 ta, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda esa 13 ming 838 ta oʻrganishlarning 19 ming 425 ta holatida turli kamchiliklar aniqlanib, ularni tezkor bartaraf etish choralari koʻrilgan.
Oʻtgan davr mobaynida yuqoridagi kabi keng qamrovli ishlarni amalga oshirilgan boʻlsada, bu sohaning mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatidagi hamda xalqimiz turmush darajasidagi ahamiyatini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va uning huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga aylantirildi.
Bu oʻz navbatida Qoʻmitaga katta ishonch va masʼuliyatni yuklashi bilan birga, oldimizga qoʻyilgan vazifalarni sidqidildan, ogʻishmay bajarish zamin boʻladi albatta.
Oʻtkazilgan oʻrganishlar va isteʼmolchilardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida juda koʻp ishlarni amalga oshirishimiz lozimligini koʻrsatmoqda. Jumladan, onlayn xaridlardagi mahsulotlarning sifati bilan bogʻliq masalalar, moliyaviy xizmatlar sohasida isteʼmolchilarga notoʻgʻri maʼlumot berish, tushunarsiz taklif va ofertalardan foydalanish orqali zarar yetkazish, mahsulotlarning sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha talablarga amal qilinmaganligi, reklama isteʼmolchilarini chalgʻitish hamda boshqa shu kabi muammo va yechimini topishimiz lozim boʻlgan masalalar mavjud.
Shu sababli, ushbu sohadagi muammolarning ayrimlarini soha egalari va xalqaro ekspertlar bilan birgalikda koʻrib chiqish, bir auditoriyada muhokama qilish maqsadida “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil qilindi.
Mazkur tadbirda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi ayrim dolzarb masalalar mutasaddi vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, ilmiy xodimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda jamoatchilik nazorati subyektlari va ishbilarmon doira vakillari bilan atroflicha muhokama qilindi, mavjud muammolarning yechimi boʻyicha takliflar ilgari surildi, bildirilgan tavsiyalar ilmiy va amaliy jihatdan koʻrib chiqildi.
Konferensiyada aytib oʻtilgan yangiliklar va ilmiy izlanishlarning xulosaviy natijalari Qoʻmitaning kelgusida ishlab chiqiladigan strategik dastur va yoʻl xaritalarida foydalanilishi belgilandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshma korхonalarni ishga tushirdi va Xitoy ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashdi
- “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
- “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammiti. Ikkinchi kundan fotoreportaj
- Oʻzbekiston Prezidentining Xitoyga tashrifi samarali boʻldi
- Oʻzbekistonning aksariyat hududlarida 20-may kuni qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi
- Namanganda gullar festivali (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring