“Isteʼmol savatchasi”: uni optimallashtirish iqtisodiy va tibbiy omillar bilan chambarchas bogʻliq

21:57 22 Noyabr 2022 Jamiyat
529 0

Bugungi kunda sayyoramizda 2 milliard inson temir moddasi va A vitamini kabi odam organizmi uchun oʻta zarur boʻlgan organik mikroelementlarni talab darajasida isteʼmol qilmaydi. Shu tufayli aksariyat bolalarning oʻsishi va rivojlanishi ortda qolmoqda. Bularning asosiy sababi sogʻlom ovqatlanish va turmush tarzidagi kamchiliklardir.

Tahlilchilarning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda oziq-ovqat bilan bogʻliq muammolar oʻta dolzarb. Bunga aholi sonining oʻsishi, qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarish imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanmaslik, yer va suv cheklanganligi sabab boʻlayotir.

Iqtisodiyotda “isteʼmol savatchasi”ga kiruvchi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish jarayonlari va aholi farovonligining turli jihatlarini oʻrganishga yetarlicha eʼtibor qaratilayotgan boʻlsa-da, bu muammolar hamon munozarali ekani koʻrinib qolmoqda.

“Isteʼmol savatchasi” tushunchasini joriy etishda va uning ilmiy talqinida BMT muhim rol oʻynaydi. Bu tushuncha fanga birinchi marta oʻtgan asrning 70-yillarida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan kiritilgan. Unga koʻra “isteʼmol savatchasi” — bu har bir insonning yillik isteʼmolining normal darajasi hamda tuzilishini tavsiflovchi barcha turdagi tovarlar yigʻindisi. Oʻtgan asrning 90-yillarida “isteʼmol savatchasi” tushunchasi ilmiy adabiyotlar va rasmiy hujjatlarda muomalaga kiritila boshladi.

Zarur hayotiy meʼyor

Hududlarda aholining “isteʼmol savatchasi”ga kiruvchi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlanish darajasini oʻrganish, ularga taʼsir qiluvchi omillarni bartaraf etish iqtisodiy-statistik jihatdan yetarlicha oʻrganilmagan. Binobarin, hududlarda asosiy turdagi “isteʼmol savati”ga kiritilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va statistik baholash jarayonidagi nazariy va amaliy masalalarni hal qilish dolzarb vazifadir.

“Isteʼmol savatchasi” va unga aloqador tushunchalar bir qator xorijlik va oʻzbek olimlari tomonidan ilmiy asoslanib, iqtisodiy atama sifatida ishlatib kelinmoqda. Jumladan, L. Lozovskiy, B. Rayzberg, Ye. Starodubseva talqinicha, “isteʼmol savatchasi” — insonning yoki oilaning oylik (yillik) isteʼmoli odatiy darajasi va tuzilishini tavsiflovchi tovarlarning hisob-kitob qilingan toʻplamidir. U amaldagi narx­larda isteʼmol savatining narxidan kelib chiqqan holda (jon boshiga) minimal isteʼmol byudjetini hisoblash uchun ishlatiladi. U turli ijtimoiy va boshqa aholi qatlamlarining demografik va milliy tarkibi, hududiy joylashuvini hisobga olgan holda belgilanadi, deb taʼkidlanadi.

N. Pasyukova, A. Kukushkin esa “isteʼmol savatchasi” — inson sogʻligʻini saqlash va uning hayotiy funksiyalarini taʼminlash uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlarning minimal toʻplamidir. “Isteʼmol savatchasi” tarkibi vaqt va turli mamlakatlar boʻyicha oʻzgarib turadi, deb taʼrif berishgan. Ushbu taʼrif orqali mualliflar “isteʼmol savatchasi”ning nafaqat inson yashashi uchun muhimligini, balki uning geografik joylashuvida farqlanishiga ham ishora qilishadi.

Bir qator iqtisodchi olimlar ushbu tushunchani boshqa iqtisodiy kategoriyalar bilan uzviy bogʻliqlikda koʻrib chiqqanligini ham uchratish mumkin. Masalan, akademik C. oʻulomov aholining “isteʼmol savatchasi”ga kiruvchi tovarlar bilan taʼminlanganlik darajasiga alohida eʼtibor qaratib, bu holatni mamlakatda innovatsiyalar rolini rivojlantirish orqali taʼminlash mumkin, degan xulosani beradi. Shuningdek, B. Mamarahimovning fikricha, mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, asosan, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi va ichki bozorlarni rivojlantirishga, ­qisman, chet ellardan oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish hisobiga amalga ­oshirilishi maqsadga muvofiq.

Kuzatishlarimizga koʻra, hayot sifatining asosiy standarti hisoblangan “isteʼmol savatchasi”ni tibbiy meʼyorlardan kelib chiqqan holda optimal tartibga solish maqsadga muvofiq. Bu jarayonda taqqoslash va iqtisodiy-statistik tahlil usullaridan keng foydalangan maʼqul. Oʻzbekistonda ishlab chiqilgan “isteʼmol savatchasi”ni tibbiy meʼyorlardan kelib chiqqan holda optimal tartibga solish boʻyicha ilmiy asoslangan bu taklif va tavsiyalardan mamlakatimizda olib borilayotgan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash siyosatini tashkil etish hamda uni takomillashtirish boʻyicha maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqishda foydalanish mumkin.

Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqqan holda “isteʼmol savatchasi” tushunchasiga, fikrimizcha, quyidagicha taʼrif berish mumkin: “Isteʼmol savatchasi” — jahon bozorlari tebranishlaridan qatʼi nazar, parhez cheklovlarni hisobga olgan holda, inson yoki oilaning fiziologik meʼyor koʻrsatkichlariga mos miqdorlarda oylik (yillik) isteʼmolining odatiy darajasi va tuzilishini tavsiflovchi oziq-ovqat mahsulotlari va nooziq-ovqat tovarlari hamda xizmatlari toʻplamidir. Koʻrinib turibdiki, bu taʼrifda “isteʼmol savatchasi”ning barcha jihatlari oʻz ifodasini topgan.

Mahalliy va xorijiy olimlarning “isteʼmol savatchasi” mohiyatiga oid ilmiy asarlarini oʻrganish ushbu tushunchaning murakkab va koʻp qirrali ekanligini tasdiqlaydi. “Isteʼmol savatchasi”ga kiritiladigan mahsulotlar soni va miqdori yuqorida keltirilgan talablarga javob berishi lozim. Masalan, Rossiyada mehnatga yaroqli kishi bir yil davomida non mahsulotlari (un, yorma va dukkakli oʻsimliklardan tayyorlangan non va makaron)dan 126,5 kg., kartoshkadan 100,4 kg., sabzavot va poliz mahsulotlaridan 114,6 kg., turli sarxil mevalardan 60 kg., shakar va qandolat mahsulotlaridan 23,8 kg., goʻsht va goʻsht mahsulotlaridan 58,6 kg., baliqdan 18,5 kg., sut va sut mahsulotlaridan 290 kg., 201 dona tuxum, yogʻ va yogʻ mahsulotlaridan 11 kg., (tuz, choy, ziravorlar)dan 4,9 kg. isteʼmol qilishi belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar narx-navosi aholining barcha qatlami uchun oziq-ovqat mahsulotlari qiymatining 50 foiziga teng boʻlishi nazarda tutilgan.

Albatta, yuqorida taʼkidlanganidek, geografik jihatdan “isteʼmol savatchasi”ga kiritilgan tovarlar miqdori va tarkibiga koʻra farqlanadi. Xususan, AQSHda ushbu “savatcha”ga 300 xil mahsulot kiritilgan boʻlsa, Fransiyada — 250, Angliyada — 350, Germaniyada 475 xil mahsulot aholi isteʼmoli uchun zarur, deb topilgan.

Oziq-ovqat sifati — asosiy omil

Hozirgi kunda mamlakatimizda oziq-ovqat “savati”ni optimallashtirish muammosining dolzarbligi avvalo, elementar kasalliklarga qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturlari samarasi past darajada ekanligi bilan bogʻliq boʻlmoqda. Chunki ijtimoiy darajadagi kasalliklarni kamaytirishga hali erisha olganimiz yoʻq.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2017-yilda jinsi va yoshi boʻyicha standartlashtirilgan oʻlim sabablari boʻyicha yuqori oʻrinni qon aylanish tizimi kasalliklari, jumladan, yurak-ishemik kasalligi, arterial gipertoniya va uning asoratlari (miokard ­infarkti, insult va hokazo) egalladi (69 foiz). Ulardan keyin xavfli oʻsmalar (8 foiz), qandli diabet (3 foiz) va nafas olish aʼzolari kasalliklari (3 foiz) joy olgan.

Ikkinchidan, nosogʻlom turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlari amalda oʻz natijasini beryapti, deb boʻlmaydi. 2014-2015-yillarda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligining Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda 18 — 64 yoshdagi aholi orasida oʻtkazgan oʻrganishlari salbiy natijalarni koʻrsatdi. Jumladan, aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) sabzavot va mevalarni yetarlicha isteʼmol qilmaydi (har kuni 400 grammdan kam), yarmi ortiqcha vaznga ega. Katta yoshdagi yurtdoshlarimizning har beshinchisida semizlik aniqlangan. Aholining 46 foizida qondagi xolesterinning ortgan darajasi qayd qilingan. Aholining deyarli uchdan bir qismida yuqori arterial bosim qayd etilgan. 40 — 64 yoshdagi insonlarning beshdan bir qismida oʻn yillik yurak-tomir tizimi kasalliklarining rivojlanish xavf darajasi 30 foizdan ortiq boʻlmoqda.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan maʼlumki, oziq-ovqat sifati mehnat resurslarini qayta ishlovchi va aholi salomatligini tartibga soluvchi eng muhim omil deb tan olingan. Oʻtgan asrning 70-yillaridan boshlab, bu mamlakatlarda yurak-qon tomir kasalliklaridan oʻlimning kamayishi tibbiy xizmat sifatining yaxshilanishi tufayli emas, balki yangi kasalliklarning oldini olish natijasi sifatida kuzatilgan. Bu davrda hukumatlar oʻz faoliyatida toʻyingan yogʻlar va osh tuzini ortiqcha isteʼmol qilish natijasida kelib chiqadigan arterial gipertoniya xavfini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazishni boshlashgan edi.

Bugungi kunda Yevropada ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklar ularning umumiy miqdorining 41 foizini tashkil qiladi. oʻarbda oxirgi oʻn uch yil ichida yurak-qon tomir kasalligi tufayli oʻlim yarmiga kamaygan boʻlsa, Rossiyada u jadal oʻsdi va hozir rivojlangan mamlakatlarga qaraganda 3-5 baravar yuqori. Oʻlim darajasi past boʻlgan mamlakatlarda ovqatlanish sifati muammosi fuqarolik jamiyatlari diqqat markazida boʻlib, ular sogʻlom ovqatlanish institutlari shakllanishiga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Jamiyatda ovqatlanish sifati toʻgʻrisida keng muhokamaning yoʻqligi iqtisodchilar tomonidan sogʻliq bilan bogʻliq muammoga yetarli darajada eʼtibor qaratilmayotganligi bilan izohlanadi. Sogʻliq uchun xavfli boʻlgan transyogʻlarni koʻp isteʼmol qilish muammosi iqtisodchilar eʼtiboridan chetda qolmoqda. AQSHda erta oʻlimning 10 dan 19 foizgacha qismining oldini olishni transyogʻlar isteʼmolini kamaytirish hisobiga amalga oshirish mumkin ekanligini koʻrsatdi.

Uchinchidan, mamlakatimizda sogʻlom ovqatlanish muammolari boʻyicha iqtisodiy tadqiqotlar uslubiy bazasi yaxshi rivojlanmagan.

Toʻrtinchidan, alimentar bogʻliq kasalliklar koʻpincha aholi sogʻligʻini saqlashning eng muhim omillari roʻyxatiga kiritilmagan.

Sogʻlom ovqatlanishning ijtimoiy ahamiyati

Koʻpgina mamlakatlarda isteʼmol qilinadigan oziq-ovqatlarning minimal miqdori bilvosita minimal ish haqi darajasi orqali tartibga solinadi. Uni aniqlashda mamlakatdagi ish haqining umumiy darajasini hisobga olish zarurligi talab qilinadi. Masalan, bu koʻrsatkich Ispaniyada — 32, Isroilda — 47,5 va hokazo. Rivojlangan mamlakatlarda ushbu usulning qoʻllanilishini tahlil qilib aytish mumkinki, “eng kam ish haqi” sifatida Oʻzbekiston uchun Yevropa ijtimoiy huquqlar qoʻmitasi tavsiyasidan foydalanish amalda yaxshi natija beradi.

2020-yil dekabr oyida Oʻzbekiston ­Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi statistik maʼlumotlarni, jahon tajribasini va ijtimoiy soʻrov usulida oʻtkazilgan test tadqiqotlari natijalarini hisobga olgan holda Oʻzbekistonda “is­teʼmol savatchasi” hisobini ishlab chiqish boʻyicha ishlarni amalga oshirdi. Ushbu ishlab ­chiqilgan “isteʼmol savatchasi”dagi oziq-ovqat isteʼmolining minimal hajmini shakllantirish orqali bevosita davlat tomonidan yagona “isteʼmol savatchasi” tartibga solinadi. Hisoblashning bu usuli direktiv tartibga solish xususiyatlarini saqlab qoladi va mamlakatdagi eng kam oylik ish haqini ish haqining oʻrtacha darajasiga bogʻlash zarurligi toʻgʻrisidagi tavsiyaga mos kelmaydi. Ayni chogʻda sogʻlom ovqatlanish meʼyorlari asosida “isteʼmol savatchasi”ni shakl­lantirish muammosi fanlararo xarakterga ega boʻlib, u makroiqtisodiy va tibbiy jihatdan muvofiqlashtirishni talab qiladi.

Koʻplab olimlarning taʼkidlashicha, ishemik yurak kasalligi rivojlanishining muhim omillari tarkibida transyogʻlar meʼyordan ortiq boʻlgan oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish inson sogʻligʻi uchun asosiy xavflardan biri hisoblanadi. Bu olimlar oʻz tad­qiqotlarida toʻyingan yogʻning ruxsat etilgan maksimal isteʼmolini — b1, transyogʻlarni — b2, tuzlarni — b3; omega-3 yogʻ kislotalarining ruxsat etilgan minimal miqdorini — a4 koʻrinishda belgilaydi.

Odatda, baliq va baliq mahsulotlarida toʻyingan yogʻ kunlik isteʼmolining atigi 0,1 foizini tashkil etadi. Mol goʻshtida 23,9, sariyogʻda 11,3, margarinda 3,4 foiz. Kundalik meva isteʼmolini oʻrtacha kattalikdagi olma bilan solishtirganda is­teʼmol qilinmaydigan qismi bilan birga atigi 164 grammning nari-berisida.

Oʻzbekistonda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan ­ishlab chiqilgan “isteʼmol savatchasi”da toʻyingan yogʻ miqdori hisob-kitoblarga koʻra, kuniga 37,4 grammga teng. Bu tavsiya etilgan 25 gramm (b1 koʻrsatkich) darajadan deyarli 1,5-marta koʻp. Yuqoridagi nomutanosiblikning sababi agentlik tomonidan ishlab ­chiqilgan “isteʼmol savatchasi”da yogʻli goʻsht va sut mahsulotlari haddan tashqari koʻpligi holatida meva hamda rezavor mahsulotlar yetishmasligidir.

Jahon amaliyotida transyogʻlar shu qadar xavfli deb topilganki, hattoki 2018-yili Amerikaning oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) ularni oziq mahsulotlariga qoʻshishni taqiqladi. Ular, shuningdek, ­boshqa mamlakatlar aholisiga ham oʻz ratsionini qayta koʻrib chiqish kerakligini, tarkibida transyogʻlar koʻp boʻlgan mahsulotlarni isteʼmol qilmaslikni tavsiya etadi. Oziq-ovqat tarkibidagi yogʻli kislotalar transizomerlari (transyogʻlar) dunyoda oʻlimning ­baholanmagan omilidir.

2003-yilda JSST transyogʻlarni isteʼmol qilishni umumiy energiya sarfining 1 foiz ekvivalentiga teng miqdorgacha kamaytirishni tavsiya qildi. Transizomerlarni isteʼmol qilishning joriy ruxsat etilgan maksimal darajasi rivojlangan mamlakatlarda kishi boshiga kuniga 2 g. (b2 indikator) toʻgʻri keladi.

Soʻnggi yigirma yillikda barcha rivojlangan mamlakatlarda transyogʻlar isteʼmolini optimal darajada kamaytirish boʻyicha faol siyosat olib borilmoqda. Bu harakatlar natijasida Daniyada kundalik ­isteʼmolda transyogʻlar miqdorini 6 grammdan 1 grammgacha kamaytirishga erishildi. Natijada mamlakatda yurak-ishemik kasalligidan oʻlim koʻrsatkichi 50 foizgacha kamayganligi kuzatildi. Avstraliyada 1996-yildan beri margarin mahsulotlari transyogʻlarsiz ishlab chiqarilmoqda. Yaponiyada transyogʻlarni isteʼmol qilish milliy oshxona anʼanalari bilan bogʻliq boʻlgan holda umumiy kaloriya miqdorining atigi 0,7 foizini tashkil qiladi.

Oʻzbekistonda oʻsimlik moylarini gidrogenlash — ularni modifikatsiyalashning ­asosiy usuli boʻlib, natijada transyogʻlar tarkibi baʼzi mahsulotlarda xavfli darajaga yetmoqda. Kam daromadli uy xoʻjaliklarida transyogʻlar isteʼmoli meʼyor (ruxsat etilgan) darajadan bir necha barobar oshib ketmoqda. Bularning barchasi fuqarolar salomatligiga xavf solmoqda. Odatda transyogʻlarning mamlakatimiz oziq-ovqat sanoatida keng qoʻllanilishi ularning arzonligi bilan bogʻliq. Shuning uchun maʼmuriy chora-tadbirlar orqali ular isteʼmolini tartibga solish, bu xavfli omilning salbiy taʼsirini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Tuz, yogʻ va salomatlik

Shu oʻrinda aytish joizki, tuzni meʼyordan koʻp isteʼmol qilish ham gipertoniya va insult kasalliklari tufayli sodir boʻladigan oʻlimlar sonini oshiradi. Tadqiqotlarga koʻra, kuniga tuz isteʼmolini 6 gramm­gacha kamaytirish orqali yiliga 2,5 million inson hayotini saqlab qolish mumkin ekan. JSST kattalarga kuniga 5 gramm (b3 indikator)dan va bolalar 2 grammdan oshmaydigan tuz isteʼmol qilishni tavsiya qiladi. Tuz isteʼmolini kamaytirish dasturlari aholi salomatligini yaxshilashning eng arzon usullaridan biridir.

Oʻzbekistonda ishlab chiqilgan “isteʼmol savatchasi”da tuz isteʼmoli darajasi mehnatga layoqatli inson uchun kuniga 33,3 grammni tashkil qiladi. Bu — JSST tomonidan tavsiya etilgan darajadan 6 baravar yuqori. Eʼtibor bering, bu taqqoslashimiz agentlik tomonidan ishlab chiqilgan “isteʼmol savatchasi”dagi faqat “sof” tuzga taalluqlidir. “Savatcha”dagi non, makaron, tvorog, pishloq, margarin va boshqa mahsulotlar tarkibida mavjudligi hisobga olinmagan. ­Tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, mamlakatimizda “isteʼmol savatchasi”da tuz ­miqdorini kamida 6 barobar kamaytirish maqsadga muvofiq.

Soʻnggi yillarda ratsionda “omega-3” oilasining koʻp toʻyinmagan yogʻli kislotalari yetishmasligi muammosi sogʻlom ovqatlanish boʻyicha mutaxassislar diqqat markazida turibdi. “Omega-3” yogʻ kislotasi yetishmasligi semirish, aritmiya, gipertoniya, ateroskleroz, tromboz, qandli diabet, psoriaz kasalligi, yalligʻlanish jarayonlari, revmatoid artrit, oshqozon yarasi, xavfli oʻsmalar, saraton kasalliklariga olib kelishi mumkin. “Omega-3” kislotalari gipertonik, qandli diabet, dermatit, bronxial astma, oshqozon yarasi kasalligi, surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalliklari profilaktikasi va kompleks terapiyasida ishlatiladi, ularning isteʼmoli stenokardiya va infarkt xavfini kamaytiradi. “Omega-3” yogʻ kislotalarini isteʼmol qilishning tavsiya etiladigan miqdori kuniga kamida 0,5 grammni tashkil qilishi koʻrsatilgan. AQSH Milliy fanlar akademiyasi Oziq-ovqat departamenti esa profilaktika maqsadida kuniga 2,85 gramm “omega-3” yogʻ kislotalarni isteʼmol qilishni tavsiya etadi.

Amerika kardiologiya assotsiatsiyasi maʼlumotlariga asoslanadigan boʻlsak, AQSHda kuniga oʻrtacha 1,6 gramm hajmda “omega-3” yogʻ kislotalarini isteʼmol qilish tavsiya etilgan, buni taʼminlash uchun har bir yoshi katta insonlar yuragini himoya qilish maqsadida haftasiga kamida ikki marta, yiliga kamida 20 kg. yogʻli baliq isteʼmol qilishi zarur. Kundalik 1 gramm minimal hajmdagi “omega-3” yogʻ kislotalari isteʼmolini taʼminlash uchun ratsionga grek yongʻogʻi, zigʻir urugʻi va yogʻini qoʻshish lozim.

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlarga tayangan holda shuni aytib oʻtish joizki, aholining sogʻlom ovqatlanish sohasidagi zamonaviy meʼyorlarini oʻzgartirish uchun bir nechta yoʻnalishlarda ish olib borish lozim. Jumladan, aksiz soligʻi solish orqali margarin va boshqa yogʻlarga boy mahsulotlar ishlab chiqarishni kamaytirish kerak. Transyogʻ miqdori yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlariga chakana narxning minimal miqdorini belgilash ham muhim hisoblanadi.

Xulosa oʻrnida aytganda, inson salomatligi har narsadan ustun. Shu bois “isteʼmol savatchasi”ni optimallashtirish iqtisodiy va tibbiy omillarga bogʻliqligini unutmasligimiz lozim.

Otabek ABDUGʻANIYEV,

Termiz davlat universitetining moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektori, iqtisodiyot fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?