Issiqlik taʼminotida muqobil turlardan foydalanish payti keldi

20:52 05 Dekabr 2022 Jamiyat
386 0

Foto: Xalq so‘zi

Qish mavsumi yaqinlashgani sari aholi turar joylari va ijtimoiy obyektlarni isitish masalasi muammoga aylanadi. Afsuski, hatto viloyat markazlarida ham bu boradagi holatni ijobiy baholab boʻlmaydi. Ayozli kunlarda issiqlik taʼminotidagi uzilishlar haqli eʼtirozlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Bu kabi muhim masalalar ustida bosh qotirish, muammoga oqilona yechim izlash davri kelmadimi?

—  Shu kungacha qoʻllab kelganimiz mahalliy qozonxonalarning ishlash kafolati bir yil, xolos, — deydi Andijon viloyatida faoliyat olib boruvchi “Issiqlik taʼminoti” davlat-xususiy sheriklik asosidagi isitish korxonasi rahbari Isroiljon Komilov. — Sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir qancha davlatlarda boʻlib, ulardagi isitish tizimini oʻrganishimizga toʻgʻri keldi. 2019-yilda Turkiya davlatida keng koʻlamda qoʻllanib kelinayotgan, qolaversa, dunyoning 50 ta davlatiga eksport qilinayotgan zamonaviy, elektr tejamkor, kam harakat va kam xarajat talab etuvchi qozonxonalardan 14 tasini Andijon viloyatiga olib kelib, oʻzimiz barpo etayotgan binolarga oʻrnatdik. Bir yil davomida kuzatib, shunga amin boʻldikki, ushbu qozonxonalar aynan bizning iqlimga va sharoitimizga mos keluvchi mahsulotdir. Shu bois 2020-yilda Boʻston tumanida isitish tizimi bilan shugʻullanuvchi korxonani tashkil etdik. Shu yili tumandagi barcha ijtimoiy obyektlarda qozonxonani sinovdan oʻtkazdik. Natijada mavsum davomida xonalarda 20-27 darajagacha issiq haroratni taʼminlab berdik. Biror kun ham taʼminotda uzilishlar boʻlmadi.

Boʻston tumanida yoʻlga qoʻyilgan yangi tajriba iqtisodiy jihatdan ham bir qancha afzalliklarga sabab boʻldi. Misol uchun, tumanning oʻzida qish mavsumida ijtimoiy obyektlarni isish maqsadida 4 mlrd. 800 mln. soʻm mablagʻ sarflangan boʻlsa, yangi qozonxonalar tufayli bu raqam 3 mlrd. 50 mln. soʻmni tashkil etdi. Demak, 1 mlrd. 750 mln. soʻm mablagʻ iqtisod qilindi. Yangi qozonxonalarning qulaylik jihatlaridan yana biri shundaki, unga elektr taʼminoti yoki tabiiy gazdagi uzilishlarning ahamiyati yoʻq. Boisi, yonilgʻi sifatida koʻmirdan foydalanilgani bois kechayu kunduz faoliyat yuritish imkoni mavjud.

— Qozonxonalarni ishlatish uchun koʻmirning eng sifatsiz, eng arzon turidan bemalol foydalanish mumkin, — soʻzida davom etadi korxona rahbari. — Har 12 soatda koʻmir zaxirasini yangilab turish kerak boʻladi. Avtomatik tarzda ishlaganligi bois bir sutkada ikki marta nazorat qilishning oʻzi kifoya. Koʻmir yoqish uchun oʻtindan foydalanilmaydi, avtomatik tarzda alanga olib, issiqlikni bir meʼyorda ushlab turish xususiyatiga ega.

Koʻrinib turibdiki, isitish tizimida bunday muqobil turlardan foydalanish hayotiy zaruratdir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер