«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ: 2022-yilda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi 1,36 trln soʻmga pasaytirildi

12:50 24 Fevral 2023 Iqtisodiyot
403 0

Foto: Arxiv surat

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda mazkur aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov maʼlum qildi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ mamlakatimizda elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi asosiy generatsiya tizimi hisoblanadi. Yurtimizda jami ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 80 foizi korxona zimmasiga toʻgʻri keladi.

Jamiyat oldida turgan ustuvor vazifalardan biri investitsiya loyihalari asosida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joriy etish, mavjud generatsiya manbalarini modernizatsiya qilish hisoblanadi.

Agar, 2016-yilga qadar tizimda yangi joriy etilgan zamonaviy energobloklarning jami quvvati 505 MVtni (jami ishlab chiqarish quvvatlarining 5 foizi) tashkil etgan boʻlsa, soʻnggi yillar davomida amalga oshirilgan investitsiya loyihalari natijasida qoʻshimcha 3504 MVt yangi quvvatlar ishga tushirilib, 1800 MVt mavjud energobloklar modernizatsiya qilindi. Natijada energotejamkor, eng zamonaviy-energosamarador uskunalarning umumiy quvvati 5304 MVtga yetdi va issiqlik elektr stansiyalari amaldagi quvvatlarining 50 foizini tashkil qilmoqda.

Oʻtgan olti yil davomida ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun jami 4,6 mlrd. AQSH dollari sarflangan boʻlsa, shulardan jalb etilgan tashqi investitsiyalar 2,1 mlrd. AQSH dollarini tashkil etadi.

Investitsiya dasturiga asosan oʻtgan 2022-yilda 6 ta investitsiya loyihasi doirasida 256,3 mln. AQSH dollari oʻzlashtirilib, belgilangan yillik reja 111,9 foizni tashkil etdi.

Bugun investitsiya loyihalari doirasida Toshkent IEMda har birining quvvati 32 MVtga teng boʻlgan ikkita gaz turbina qurilmasini qurish va Tolimarjon IESning quvvatini kamida 900 MVtga oshirish boʻyicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shunga koʻra, isteʼmolchilarga barqaror energiya resurslarini yetkazib berish, elektr va issiqlik energiyasi narxining oshishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, yoqilgʻi sarfini kamaytirish, operatsion samaradorlikni taʼminlash, yangi yuqori rivojlangan hamda energosamarador texnologiyalarni joriy etish natijasida 2022-yilda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi 1,36 trln. soʻmga pasaytirildi. Bunda belgilangan reja 118,3 foizga bajarildi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJda investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish boʻyicha, bugungi kunda AQSHning “General Electric”, Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation”, “Itochu”, Janubiy Koreyaning “Hyundai”, Ispaniyaning “Intecsa Ingeniera Industrial S.A.», Italiyaning “AC Boilers S.p.A”, Rossiyaning “Silovыye mashinы”, “Krasnыy kotelщik”, “Kalujskiy turbinnыy zavod”, “Taganrogskiy kotelostroitelnыy zavod”, “Leningradskiy metallicheskiy zavod”, Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyalari hamda YETTB, OTB, Yaponiyaning “JICA”, Xitoyning davlat taraqqiyot banki bilan samarali hamkorlik ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Jahonda “Katta uchlik” guruhiga kiruvchi AQSHning “Fitch Ratings” reyting agentligi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning halqaro indikativ reytingini “BB-” “Barqaror” darajada baholadi va Oʻzbekiston Respublikasining suveren reytingiga tenglashtirdi. Mazkur reyting, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJni jahonning investitsiya bozorlarida aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy holatiga va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega korxona sifatida tanitadi.

2023-yilda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan jami 5 ta investitsiya loyihasi doirasida jami 285,3 mln. AQSH dollari oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, yil oxiriga qadar yoqilgʻi sarfini kamaytirish, operatsion samaradorlikni oshirish, yangi energosamarador texnologiyalarni joriy etish natijasida mahsulot tannarxi 1,2 trln. soʻmga pasaytirish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?