Issiqxonaning “qaynoq” hosillari yohud issiqxonadan gap chiqdi

14:13 10 Iyun 2021 Iqtisodiyot
199 0

Har bir hudud va u yerdagi aholining yashash tarzi, qiziqishi, imkoniyati boʻyicha oʻziga xos jihatlari mavjud. Oʻziga xoslik joylarda xotin-qizlar, yoshlar uchun yangi ish oʻrnini yaratish va kasb-hunarga oʻrgatishda ham yaqqol namoyon boʻladi. Tumanlarni muayyan ekin turlariga ixtisoslashtirish masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilayotgani zamirida ham aynan hududlarning oʻziga xosligi muhim omil sifatida xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Chortoq tumanidagi issiqxona majmuasining qarovsiz qolganligi, uni shunchaki Davlat rahbari tashrifi uchun tayyorlangan koʻrgazmali issiqxona deya taʼriflangan xabarlarga, ochigʻi, avvaliga oʻzim ham ishonayozdim.

1 yil avval Prezidentimizning viloyatga tashrifi doirasida tumanda kam taʼminlangan oilalar uchun har biri 2 sotixli 1000 ta issiqxona tashkil etilgani, bu bilan hudud aholisining bandligini taʼminlash imkoniyati yaratilganini oynai jahon orqali koʻrib qanchalik quvongan boʻlsam, ijtimoiy tarmoqlarda yaqin kunlarda tarqatilgan yuqoridagi xabar shunchalik koʻnglimni gʻash qildi.

Xayolimda, nahotki, ketgan mehnat, sarflangan mablagʻlar, ilgari surilgan maqsadlar — barchasi bekor ketdimikan, nega, kim javob beradi bu yoʻqotishlarga, deya javobsiz qolgan savollar aylanaverardi. Ishonchim komil, yurtimiz ravnaqiga befarq boʻlmagan har bir yurtdoshimiz koʻnglida shunday savollar yuzaga kelgan va bu tabiiy hamda toʻgʻri savol, deb oʻylayman. Illo, befarq insongina bu kabi masalada jim qarab tura oladi.

Lekin bu gʻashlik koʻp oʻtmay, tuman hokimligi mutasaddilari tomonidan haqiqiy holat yuzasidan aniq va batafsil javob berilgach, tarqab ketdi.

Hammamiz yaxshi bilamiz, bir maromda harakatlanayotgan katta bir kema ham har qanday tabiiy ofat, kutilmagan kuchli toʻlqin, chang-toʻzonli toʻfon oldida qalqib ketadi, biroz sekinlashadi, harakatdan toʻxtaydi. Ozgina tin olib, yana manzil sari intiladi.

Xuddi shunday, joriy yilning 31-may va 2-iyun kunlaridagi kuchli shamol Namangan viloyati Chortoq tumanida joylashgan issiqxonalarning bir qismiga zarar yetkazganligi ham aholining irodasini sindirmadi. Zararning sabablari, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar oʻrganilib, kuchli shamol oqibatlari bartaraf etilyapti ekan.

Albatta, tabiiy ofat, agar u juda kuchli tabiiy ofat boʻlsa har qanday qudratli inshoot ham unga dosh berish qiyin. Barchamizga ayon, butun dunyodagi eng rivojlangan davlatlarda ham kutilmagan tabiiy ofatlar oldida insoniyat ojizlik qiladi, katta yoʻqotishlar sodir boʻladi. Ammo ayrim tanqidchilar siyosiy tus berishga intilgan “Chortoqdagi issiqxona” mavzusi aslida aqliraso insonlar tomonidan aynan shu tarzda qabul qilinganiga ishonchim komil.

Gulruh AGZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?