Issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirishning yangi mexanizmi joriy etilmoqda

18:24 03 Noyabr 2022 Jamiyat
337 0

Bozorlarimizni yil boʻyi sabzavot va poliz mahsulotlari bilan toʻkin qilishda issiqxonalarning ahamiyati beqiyos. Ayniqsa, ayozli kuz va qirchillama qish paytida vitaminga boy, yangi uzilgan sabzavotlarni tanavvul qilishga ne yetsin. Bundan tashqari issiqxonalar oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda katta ahamiyatga ega. Ammo tan olish kerak, issiqxona xoʻjaligini jadal rivojlantirish va samarali foydalanishda yuzaga kelayotgan talay muammolar mavjud. Qish paytida issiqxonalarni isitishda gaz taʼminotida nomutonosibliklar yuzaga kelmoqda.

Mazkur oʻtkir muammolarni bartaraf etish hamda issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirishning yangi mexanizmlarini yaratishda Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 2-noyabrida qabul qilingan “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim oʻrin egallashi tabiiy.

Chunki mazkur qarorda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, issiqxona xoʻjaliklari va muzlatkichli omborxonalarning iqtisodiy jihatdan samarali ishlashi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mazkur sohada band boʻlgan aholi daromadlarini oshirishni qoʻshimcha ragʻbatlantirish masalalariga eʼtibor qaratilgan. Xususan, bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tomonidan issiqxona xoʻjaliklariga urugʻ, koʻchat, mineral oʻgʻit va boshqa moddiy resurslarni yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotni ulardan xarid qilish belgilangan.

Bundan tashqari masʼul vazirliklar va viloyatlar hokimliklari taklifiga koʻra, xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamgʻarmalar hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan issiqxona xoʻjaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun ajratilgan milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarni qaytarish muddatlarini umumiy hisobda 14 yil etib belgilash va imtiyozli davrini 3 yildan 5 yilgacha uzaytirish qayd etilgani muhim yangilik hisoblanadi. Bunda, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan avval taqdim qilingan kafillik va kredit foizlari kompensatsiyalari saqlanib qolinishi ham juda koʻngildagi ish boʻldi.

Yana bir qulaylik shundan iboratki, issiqxona xoʻjaliklarini aylanma mablagʻ bilan taʼminlash uchun tijorat banklari tomonidan bir yil muddatga olti oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratish belgilandi.

Bugun issiqxona xoʻjaligi rahbarlarini qiynab kelayotgan oʻtkir muammolardan biriga ham shu qarorda yechim topish mumkin. Yaʼni issiqxona xoʻjaliklariga tabiiy gaz boʻyicha toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirmaganlik uchun penya summasi 2022-yil 1-oktyabrdan 2023-yil 1-aprelgacha, istisno tariqasida, hisoblanmaydi. Shuningdek, qarorda issiqxona xoʻjaliklari uchun tijorat banklariga kredit va ularning foizini qaytarish muddati qatʼiy ravishda mahsulotning pishib-yetilishi davriga moslashtirilishi belgilangani ham qoʻshimcha imtiyozlar yaratadi.

Modomiki, gap issiqxonalar haqida ketar ekan, yurtimizdagi barcha issiqxonalar ishlab tursa va unda qishin-yozin sarxil mahsulotlar yetishtirilsa, bu mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, xalqimiz farovonligini taʼminlash hamda yangi ish oʻrinlari ochishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur qaror orqali issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirishning yangi mexanizmni joriy etishda biz deputatlar ham bosh-qosh boʻlishimiz lozim. Zotan, elu yurt maʼmurchiligi va mamlakat istiqbolini yaratishda har birimiz masʼulmiz.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?