Issiqxona xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi

21:34 02 Noyabr 2022 Siyosat
963 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxona xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu haqda 5-sentyabr kuni oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha oʻtgan videoselektor yigʻilishida koʻrsatma berilgan edi.

Hozirgi kunda yurtimizda 3 mingdan ortiq issiqxona bor. Ularning jami maydoni 6 ming 300 gektardan ziyod boʻlib, shundan 4 ming 300 gektari soʻnggi besh yilda tashkil etilgan. Oziq-ovqatlarning uzluksizligini va eksportini taʼminlayotgan koʻp mahsulotlar shu majmualarda yetishtirilmoqda.

Lekin soʻnggi paytlarda tashqi bozorlardagi cheklovlar va transport logistikasidagi uzilishlar bu tarmoqqa ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Xususan, aksariyat issiqxonalar biznes-rejasida 1 tonna mahsulot tannarxi oʻrtacha 600 dollar deb hisob-kitob qilingan boʻlsa, 2020-yilda tannarx 900 dollarni va 2021-yilda 1 ming 200 dollarni tashkil etgan. Ayrim issiqxona xoʻjaliklarida kredit, soliq, tabiiy gaz va elektr energiyasi toʻlovlari boʻyicha qarzdorlik yuzaga kelgan.

Shu bois, Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, sohadagi muammolar oʻrganildi va tadbirkorlarning takliflari eshitildi. Ular asosida, issiqxonada mahsulot yetishtirish va uni sotishning yangi mexanizmi ishlab chiqildi.

Unga koʻra, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi issiqxonalarga urugʻ, koʻchat, mineral oʻgʻit va boshqa moddiy resurslarni yetkazib beradi, mahsulotni sotib olib, eksport qiladi. Karantin va oʻsimliklar himoyasi agentligi koʻchatlarni parvarishlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi.

Shu bilan birga, moliyaviy yengilliklar ham belgilanmoqda. Jumladan, issiqxona xoʻjaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun xalqaro moliya institutlari va davlat maqsadli jamgʻarmalaridan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddati 7 yildan 14 yilga hamda imtiyozli davri 3 yildan 5 yilga uzaytirilishi nazarda tutilmoqda. Kreditlarni qaytarish muddatlari hosilni yigʻib olish va sotish muddatlariga moslashtiriladi.

Eksportbop mahsulot yetishtirishni ragʻbatlantirish maqsadida xorijiy valyutadagi bank kreditlarini yillik 4 foiz stavkada ajratish moʻljallanmoqda. Sanoat tipidagi zamonaviy issiqxona va logistika markazlarini tashkil etish uchun yaxlit maydonlar ochiq auksion savdolariga chiqarilishi belgilanmoqda.

Davlatimiz rahbari bu chora-tadbirlarni maʼqulladi. Meva-sabzavotlarni saqlash, saralash va qadoqlash imkoniyatiga ega boʻlgan savdo majmualari tashkil etish, yangi issiqxonalar uchun suv va elektr tarmoqlarini tortish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?